Qishloqda bir kun: Qo‘ytoshning toshlari nega qo‘yga o‘xshaydi?.. (video+foto)
Qo‘ytosh tog‘i Nurota tizmasining davomi bo‘lib, poleozoy erasida vujudga kelgan. Tog‘lar, turli daraxtlar, o‘simliklar, hayvonot dunyosi bilan fusunkor. Bu tog‘lar yurtimizning ham moddiy, ham ma’naviy boyligi. Qoraqush cho‘qqisida o‘tirgan viqorli burgutlarning salobati, xon tog‘i cho‘qqisida mudrayotgan arxarning mag‘rur turishi, kaklik-bulbullarning xonishi barchasi juda jozibador.
«Xon tog‘i cho‘qqisi haqida rivoyatlar yuradi. Go‘yo Bobur Mirzo Shayboniyxondan qochib, bir to‘da askarlari bilan shu cho‘qqida jon saqlagan emish. Balki shu sabab xon tog‘i cho‘qqisi deb atalgandir. Cho‘qqidagi toshlarda qon rangiga o‘xshash qizil dog‘ bor. Balki qizil rangga nisbat berilib «qon tog‘i»deb atalgandir. Cho‘qqiga chiqish yo‘li bitta. Bu yo‘lni bilmagan odam unga chiqa olmaydi. Cho‘qqining ochiq joylariga tosh qalangan. Cho‘qqi hujum uchun ham, himoya uchun ham juda qulay. Bosmachilarning Qoraqush va Xon tog‘i cho‘qqilarini kuzatuv markazlari qilib olganlari ham bejiz emas», —deydi Qo‘ytosh qishlog‘i haqidagi «Orzuli olam» kitobini yaqinda nashrdan chiqargan 87 yoshli sobiq o‘qituvchi Mahmud Shomirzayev.
Darvoqe, qishloqning Qashqirsoy, Chuqursoy, Sharilloqsoy, Zarqo‘ton kabi o‘ziga xos qiyofalarga ega bo‘lgan ajib soylari ham bor. Xon tog‘ining bag‘rida bir paytlar kattagina hovuz bo‘lgan. Hovuz soylaridan oqib tushayotgan buloq suvlari bilan to‘ladi. Biroq hovuz ko‘p yillardan beri tozalanmagan. Shu bois bir tomoni buzilib suv chiqib ketishi oqibatda qurigan. Agar hovuzni tozalab, eniga ham, bo‘yiga ham kengaytirsa, mustahkam to‘g‘on qurilsa, qishda qor, yomg‘ir suvi bilan to‘ldirib, yozda odamlarning tomorqalariga navbat bilan suv berib borilsa bo‘ladi.
«Bahorda lola sayliga chiqqanlar lolani tomiri, ya’ni piyozi bilan sug‘urib oladi. Turizmni rivojlantirish uchun hududda bir nechta o‘tovlar o‘rnatilishi zarur. O‘tov yozda salqin, qishda iliq bo‘ladi», — deydi kuyunchaklik bilan hamsuhbatimiz.
...Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidan 48 km masofada joylashgan tabiati betakror Qo‘ytosh qishlog‘i haqidagi videolavhamizda qishloqning tarixi, ekologiyasi, kelajagi haqidagi ana shunday bahsga chorlaydigan fikr-mulohazalar bilan tanishishingiz mumkin.
Qo‘ytosh qishlog‘i haqidagi rivoyatlar sizni befarq qoldirmaydi. Uning yer osti va yer usti boyligiyu, imkoniyatlari haqida yanada kengroq ma’lumotga ega bo‘lasiz. Aynan ushbu hikoyamizda Qo‘ytoshning toshlari nega qo‘yga o‘xshashi siri ma’lum bo‘ladi.
Foto:
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter