Qishki olimpiya o‘yinlarining 12 timsoli

Sochi-2014 timsollaridan biri
Bugungi kunga kelib olimpiada timsoli uning ajralmas qismiga aylanib qolgan. Xoh yozgi, xoh qishki olimpiya o‘yinlari bo‘lsin, unda albatta kamida bitta ramziy timsol qabul qilinadi. Qishki olimpiadalarning ilk timsoli 1976 yilda Insbrukda namoyish etilgan...
Insbruk-1976
Qiziq, ilk qishki olimpiada timsoli – Olimpiyamandl deb nomlangan qor bola 1976 yilda Insbrukda namoyish etilgan. Aslida AQShning Denver shahrida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘yinlar iqtisodiy muammolar tufayli Avstriyaga ko‘chirilgan edi. Timsolni to‘laqonli qor bola deyish qiyin, garchi uning qo‘l-oyog‘i, sabzi-burni bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i bitta qor yumalog‘idan iborat edi. Shunday bo‘lsa-da, «qutb bo‘g‘irsog‘i»ni tashkilotchilar, sportchilar va albatta ishqibozlar juda yaxshi ko‘rib qolishdi va bu an’ana keyingi olimpiadalarda ham davom etdi.

Leyk-Plesid-1980
To‘rt yil o‘tib, AQShning kichikkina Leyk-Plesid shaharchasida o‘tkazilgan musobaqaning ham o‘z timsoli bor edi. Yoqimtoy chang‘ichi yenot Roni tashkilotchilar uchun haqiqiy marketing topilmasi bo‘ldi. Ommaga namoyish etilgach, xuddi uniki kabi boshkiyim va ko‘zoynak savdosi juda ommalashib ketdi. Darvoqe, aytishlaricha, Ronining hayotdagi prototipi Rokki olimpiada arafasida nobud bo‘lgan. Dizaynerlar uning sharafiga olimpiadaning ilk «jonli timsol»ini yaratishgan.
Sarayevo-1984
Yugoslaviya olimpiadasidan oldin tashkilotchilar maxsus tanlov e’lon qilishdi. Garchi finalga qor bo‘lagi, burunduq, tog‘ echkisi, jayra va qo‘zichoqlar chiqishgan bo‘lsa-da, g‘alabani deyarli barcha rassomlarning asarlarida tajovuzkor harakatlari va salbiy obrazi orqali tanilgan bo‘ri ilib ketdi.
Bo‘rining nomi mahalliy tilda Vuchko, ya’ni «bo‘rivoy» bo‘lib, dizaynerlar oldida birgina vazifa — qahramonni imkon qadar muloyim va do‘stparvar qilib ko‘rsatish qolgan edi. Nihoyat, to‘q sariq rangdagi sharfda jilmayib turgan bo‘ri qiyofasi yaratildi. O‘yinlar davomida xuddi dunyo rekordini o‘rnatgan sportchilar kabi sharf va o‘yinchoqlar savdosi ham barcha rekordlarni yangilab tashladi.
Kalgari-1988
1988 yilgi Kanada olimpiadasida ilk bor birvarakayiga ikkita timsol namoyish etildi. Qutb ayiqlari Xaydi va Xoudilar mahalliy afsonaga ko‘ra ajralmas aka-singil bo‘lishgan. Ayiqchalarning kovboy libosida tasvirlanishi har yili Kalgarida o‘tkazilgan yirik kantri-festivallar bilan bog‘liq. Tashkilotchilar qahramonlar orqali birdamlik ruhini berish maqsadida inglizcha va g‘arbiy amerikacha salomlashish «xay» va «xou»larni tanlab olishgan.
Albervil-1992
To‘rt yil o‘tib timsol yana bitta bo‘lib qoldi. Avvaliga fransuzlar Shamua nomli tog‘ kiyigini o‘ylab topishdi. Biroq u omma e’tiborini qozona olmagach, tashkilotchilar musobaqa arafasida qahramonni o‘zgartirishga majbur bo‘lishdi. Yangi timsol Mejik nomli gnom yulduz shaklida bo‘lib, ramziy ravishda sportchilarning yulduzga intilishini ko‘rsatib berardi.

Lillexammer-1994 timsoli
Lillexammer-1994
Norvegiyadagi olimpiada ramzlari sifatida ilk bor insonlar – norvegiyalik afsonaviy aka-singillar – Xokon va Kristin tanlangan. Garchi bu ikki personaj ko‘rinishidagi o‘yinchoqlar ko‘p ming nusxada sotilgan bo‘lsa-da, rasmiy marosimlarda qahramonlar rolini milliy liboslardagi oddiy o‘g‘il-qizlar ijro etishgan.
Nagano-1998
Naganoda yaponlar barchani hayratda qoldirib, oz emas-ko‘p emas naqd to‘rtta timsolni namoyish etishdi. O‘yinlar boshlanmasdan Okoy nomli oq suvsarni tanishtirgan tashkilotchilar keyinchalik uni to‘rtta boyo‘g‘li bolasiga almashtirishdi. Ularning umumiy nomi Snoulets bo‘lib, ingliz tilidan «qorli boyo‘g‘li» deb tarjima qilsa bo‘ladi.
Boyo‘g‘li, yana to‘rtta! Bu shanchaki tasodif emas. Boyo‘g‘li donishmandlik ramzi sanaladi. Yapon tashkilotchilari olimpiya o‘yinlarini sportcha donishmandlikka qiyoslashgan. To‘rt raqami esa to‘rt fasl – kuz, qish, bahor, yoz. Olimpiada ham har to‘rt yilda o‘tkaziladi... Qisqasi, barchasi mantiqiy.
Solt-Leyk-Siti-2002
Solt-Leyk-Sitida navbatdagi olimpiadani o‘tkazgan amerikaliklar timsollar soni borasida biroz kamtarroq bo‘lishdi – 3 ta. Quyon, koyot va ayiqning vujudga kelishiga qadimgi yunon olimpiadasining «tezroq, balandroq, kuchliroq» shiori va tildan-tilga ko‘chib, bugungi kungacha yetib kelgan hindular afsonasi turki bo‘lgani aytiladi.
Qahramonlarga nom berishda olimpiada shahriga eng asosiy daromad keltiruvchi mahsulotlar porox (powder), mis (copper) va ko‘mir (coal) tanlangan.
Turin-2006
2006 yilda Italiyadagi o‘yinlar uchun jonsiz personajlar Neve ismli qor qiz va Glits ismli muz bola tanlab olindi.

Tashkilotchilar o‘z qahramonlari uchun qishki olimpiadalarda foydalaniladigan suvning ikki xil ko‘rinishi qor va muzni tanlashdi. Natijada figurali uchish sporti kabi nafis va mayin qordan yasalgan qizcha va konkida yugurish sporti kabi kuchli va maqsadga erishuvchan bola vujudga keldi.
Vankuver-2010
Vankuver olimpiadasi timsollari sifatida hindular rivoyati va real hayotdagi gibrid qahramonlar Kuatchi va Migalar namoyish etildi. Kuatchi – barcha bilan do‘stlashish va atrof-muhitni tadqiq qilishni yoqtiradigan tinib-tinchimas yigitcha. U hindular afsonasidagi Shimoliy Amerika o‘rmonlarida yashaydigan qor odam – «bigfut»ni eslatadi. U mashhur xokkeychi bo‘lishni xohlaydi. Ikkinchi qahramon mittigina, epchil qizaloq Miga esa o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan quruqlikka chiqib, ayiq ko‘rinishiga kirgan va shahar-qishloqlarni aylangan dengiz ayig‘i – kosatka haqidagi afsonani eslashga undaydi. Miga snoubording bilan shug‘ullanadi.
Sochi-2014
Rossiyada bo‘lib o‘tgan dastlabki qishki olimpiya o‘yinlarida ham asosiy qahramonlar uchta. Qiziq jihati shuki, avvaliga Rossiya prezidenti saylovi bilan bir vaqtning o‘zida Sochi shahridagi saylov uchastkalarida olimpiada timsoli tanlovi ham o‘tkazildi. Olimpiada shahri aholisi chang‘idagi delfinga ko‘proq ovoz bergan edi. Ammo tashkilotchilar ularning tanlovini qabul qilishmadi. Umumxalq tanloviga ko‘ra eng ko‘p ovozni qoplon, oq ayiq va quyon oldi.

Pxenchxan-2018
Pxenchxan olimpiadasi timsoli oq yo‘lbars – Suxoran koreys afsonalariga ko‘ra ishonch, kuch va himoya ramzidir. Sooho – himoya, Rang – «ho-rang-i» (yo‘lbars) so‘zining bir qismi. 1988 yilgi Seul olimpiadasining ramzi hisoblangan amur yo‘lbarsining nomi Xodori edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter