Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 «Qattiq gumburlash ovozi... » — o‘sha kuni bolaligim tugadi

 «Qattiq gumburlash ovozi... » — o‘sha kuni bolaligim tugadi

Foto: Toshkent shahar IIBB Shon-sharaf muzeyi

1999-yil 16-fevral. Toshkent shahrida ketma-ket besh portlash yuz berdi: Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi, Milliy bank binolari yonida va boshqa joylarda sodir bo‘lgan xurujlar natijasida 16 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan edi.

Qattiq gumburlash ovozi va ustimizga okean suvi kabi yopirilgan mayda singan oyna bo‘laklari. Xuddi sekinlashtirilgan kino kabi. Kimdir «urush boshlandi» deb qichqirdi. Fizika darsimiz shu tarzda uzildi. Hamma koridorga chopdi.

Men aniq o‘sha damda nima haqida o‘ylayotgan ekanman? Chunki, hozir orqaga qarasam, bizning shunchaki omadimiz kelgani va sog‘ qolganimizni tushunaman. Hamma narsa tez bo‘ldi, lekin menga sekindek ko‘rinadi.

O‘sha gumburlash, chopayotgan bolalar va juda iliq oftobli kun ba’zan tushlarimga kiradi.

Maktabim bankning to‘g‘risida, yo‘lning narigi betida edi. O‘rtada tramvay yo‘li. Bolalar birdaniga oynalar ustidan chopib zina tarafga yugurishdi. Bitta ham sog‘ oyna qolmagandi, koridorda mayda oyna bo‘laklaridan «gilam» to‘shalgandi. Kimdir yiqildi, uning ustidan chopib o‘tib ketaverishdi. Men va sinfdoshim kurtkalarimizni olib boshqa zinadan tushdik — eski maktab binosi shuncha bola birdaniga chopganini ko‘targanining o‘zi mo‘’jiza. Hovlida turganimizda tramvay yo‘lida o‘liklar yotgani haqida vahima ko‘tarildi.

Keyingi kunlarda maktabimizdan televideniye arimay qoldi. Bizdan intervyu olishdi. Mendan bu ishlarni qilgan odamlar haqida fikrimni so‘rashdi. Nimadir dedim, muxbir boshini chayqadi. Yoqmadi. Boshqa a’lochi qiz yaxshilab intervyu berdi. O‘qituvchim oldida hijolat bo‘ldim intervyuni buzganimga. Hozir eslasam, kechagina jarohat olib, ertasiga kamera oldiga chiqarib qo‘yilgan bola — o‘zimga rahmim kelib, quchoqlagim keladi.

Ikki yil avval sinfdoshlarimni uzoq vaqtdan keyin ko‘rdim. Birinchi marta shuncha vaqt o‘tib shu voqealarni esladik. O‘sha paytda sezmaganimiz, agarda maktab binosi yo‘lga yon taraflama emas, yo‘lga qarab turganida ahvol juda achinarli tugagan bo‘lardi, dedik. Men birinchi marta o‘ylanib qoldim: uchala opa-singil birvarakayiga maktabda edikmi?

Hali ham bilmayman, aniq nima va nima uchun sodir bo‘lganini. Faqatgina o‘sha gumburlash, chopayotgan bolalar va juda iliq oftobli kun hissini boshqa eslamaslikni istardim. O‘sha kundan go‘yoki barcha narsa o‘zgardi: maktab, TV, siyosat.

Kattalar bizni olamimizdan yulib olib, o‘z olamlariga uloqtirishdi. Men sezdim: o‘sha kuni bolaligim tugadi.

@madnifique

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring