16-fevral voqealari ishtirokchisi qo‘lga olindi
O‘zbekiston Respublikasi hududida terroristik jinoyatlarni sodir etganligi uchun 23 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan «U.S.» xorijda ushlanib, mamlakatimizga olib kelindi.
Xususan, 1967-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan «U.S.» 1998-yilda Chechenistonda jangovar tayyorgarlikdan o‘tib, 1999-yilning 16-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etadi va o‘sha yilning mart oyida aylanma yo‘llar orqali xorijga chiqib ketadi.
Shuningdek, «U.S.» iordaniyalik Amir Xattob tomonidan Chechenistonda tashkil etilgan jangarilarni tayyorlash lagerlariga «Turkiston islom harakati» xalqaro terroristik tashkilotining O‘zbekistondan bo‘lgan a’zolarini jo‘natish bilan ham shug‘ullangan.
Ta’kidlash lozimki, «U.S.» 2001-yilning noyabr oyida boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida MDHga a’zo davlatlardan birining fuqaroligini olib, o‘sha mamlakat hududida yashirinib yurgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida «U.S.» hibsga olindi.
Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter