Qatar Trampga 400 mln dollarlik «uchar qasr» sovg‘a qiladi (foto)

Boeing 747-8.
Qatar amiri AQSh prezidenti Donald Trampga Boeing 747-8 serhasham reaktiv samolyotini sovg‘a qiladi. Bu haqda ABC News o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi.
Tramp sovg‘adan Air Force One (prezident samolyoti) sifatida lavozimining oxiriga qadar foydalanadi, samolyot shu hafta AQSh prezidenti Qatarga tashrif buyurganida sovg‘a qilinishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

Foto: Getty Images
Xabarga ko‘ra, 13 yillik samolyot AQSh harbiy-havo kuchlariga topshiriladi va uchoq Amerika yetakchisini olib yurish xavfsizligi talablariga muvofiq jihozlanadi. Trampning prezidentlik muddati tugagach, mulkiy huquq Prezident kutubxonasi jamg‘armasiga o‘tadi.

Foto: Getty Images
Tramp fevral oyida Uest-Palm-Bich aeroportida turgan Boeing 747-8 ni ko‘zdan kechirgandi. Samolyot o‘ta hashamatli ekanligi bois «uchuvchi qasr» deya ta’riflangan.

Foto: Getty Images
Ekspertlarning baholashicha, havo kemasining qiymati, o‘rnatiladigan qo‘shimcha jihozlarsiz, 400 mln dollar atrofida. Maqola mualliflari uni AQSh prezidentiga xorij hukumati tomonidan qilingan eng qimmatbaho sovg‘a bo‘lishi mumkin deyishmoqda.
Oq uy va Adliya vazirligi yuristlari mudofaa vaziri Pit Hegset uchun tahlil taqdim etishdi, unga ko‘ra, mudofaa vazirligi samolyotni sovg‘a sifatida qabul qilish va keyinchalik uni kutubxonaga topshirishga qonunan huquqli. Bu poraxo‘rlikka qarshi kurash qonunlari yoki Konstitutsiyaning AQSh hukumati mansabdor shaxsi tomonidan «har qanday qirol, shahzoda yoki xorijiy davlatdan» sovg‘alar qabul qilish bo‘yicha taqiqqa zid emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter