Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniya muzeyi va Ermitajda saqlanayotgan «Amudaryo xazinasi» tarixi

Britaniya muzeyi va Ermitajda saqlanayotgan «Amudaryo xazinasi» tarixi

Yozning ayni jazirama issig‘ida karvondagi tuya va itlar nimadandir seskanib, tipirchilab qolishdi. Tahlika bejiz emas ekan. Ko‘p o‘tmay, bir guruh qurollangan otliqlar savdogarlarga hujum qilib, karvondagi bor mollarni talab ketishdi. Jabrdiydalar mollarini qaytarib olishga harakat qildilar, chunki karvondagi mollar noyob xazina edi...

1877-yili Buxorodan Hindiston tomon yo‘lga chiqqan uch savdogar – G‘ulom Muhammad, Shukurali va Vaziuddinlarning Kobul shahridan janubroqda qaroqchilarga duch kelishi katta kulfat edi. Chunki ular Amudaryodan o‘tishda qabodiyonliklardan miloddan oldingi davrga tegishli buyumlarni xarid qilishgan va qaroqchilar aynan o‘sha yukni olib ketishgandi. Bu buyumlar Amudaryoning o‘ng sohilidagi Vaxsh va Panj daryolari tutashgan yerdagi qadimiy Taxtiqubod shahri xaroblaridan topilgandi.

Ana shunday qadimiy mol-mulkni qaytarish uchun uchala savdogar tezda Dezina vodiysidagi ingliz chegara soqchilari boshlig‘i, kapitan F.Bartonga murojaat qilib, madad so‘radilar. Voqeani eshitgan kapitan askarlarni olib, qaroqchilarning izidan tushdi va ularni tog‘dagi bir g‘or ichidan topdi. Ikki o‘rtada kechgan jangdan keyin qaroqchilar jon qayg‘usida talagan o‘ljalarni tashlab qochib qolishdi.

Buyumlarini ingliz askarlari yordami bilan qaytarib olgan buxorolik savdogarlar kapitan F.Bortonga minnatdorlik bildirib, xizmati evaziga bitta quyma oltin bilaguzuk ham hadya etdilar.

Ularning oltin bilaguzukni kapitanga berganicha bor edi. Zero, F.Barton yordamida qaroqchilardan qaytarib olingan boylik hisobida miloddan avvalgi 4-3 asrlarga mansub 179 dona oltin, 7 dona kumush va bir qancha qimmatbaho tosh, oltin, kumush, misdan zarb etilgan 1500 ta qadimiy tanga bo‘lgan. Yana ko‘plab tilla taqinchoqlar, turli hayvonlarning quyma oltin va kumush haykalchalari, to‘rtta ot qo‘shilgan ikki g‘ildirakli jang aravasining ikkita oltin modeli hamda ko‘plab boshqa qimmatbaho buyumlarni ko‘rish mumkin edi.

Savdogarlar shu taxlit bor buyumlarini olib yo‘lga tushdilar. 1878-yilda ular shimoliy Hindistondagi Ravalpindi shahriga yetib borishdi. G‘ulom Muhammad, Shukurali va Vaziuddin Ravalpindidagi osori atiqalar bozorida ana shu buyumlarni ochiq savdoga qo‘yishdi. Amudaryo bo‘ylaridan topilgan bu noyob buyumlar tezda ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini tortdi va mollarga ham xaridorlar ko‘paydi.

Buxorolik savdogarlar keltirgan qadimiy oltin va kumush tangalarni Hindistondagi ingliz muhandisi, davlat temir yo‘llari direktori A.Grant, oltin va kumushdan ishlangan zebu ziynat buyumlarini esa ingliz arxeologiya ishlari boshlig‘i, general-mayor A.Kanningem hamda Britaniya muzeyining xodimi O.Frenks birgalikda sotib olishdi. Shuningdek, hindistonlik mahalliy antikvarlardan Lakxmi Das va Chanda Mal ham buxorolik savdogarlar mollarini xarid qildilar.

Buyumlar xaridorgir bo‘lganicha bor edi. Zero, oltin va kumushdan zarb qilingan tangalar ahamoniylar davrida Eron va Yunonistonning Afina, Vizantiya shaharlarida miloddan avvalgi 5-4 asrlarda zarb qilingandi. Shuningdek, buxorolik savdogarlar buyumlari orasida Aleksandr Makedonskiy, salavkiylar davri hukmdorlari, Yunon-Baqtriya podsholari Yevtidem, Diodotlar chiqargan oltin, kumush tangalar ham bor edi.

Ana shunday qimmatbaho tangalar hamda turli buyumlarni, garchand Hindistondagi amaldorlar va mahalliy kolleksiyachilar olgan bo‘lishsa-da, vaqt o‘tib, ular Buyuk Britaniya muzeylaridan joy egalladi. 1894-yilda general Kaningemning, 1897-yili esa O.Frenksning vafotidan keyin, ularning vasiyatiga ko‘ra, osori atiqalar Britaniya muzeyiga topshirildi. Hind kolleksiyachilari Chanda Mall va Lakxmi Daslar ham 1878–1883-yillar davomida buxoroliklardan olgan buyumlarni Britaniya muzeyiga, bir donasini esa Ermitajga sotishdi. Shuningdek, Ermitaj muzeyi ma’muriyati buxoroliklardan oltin va kumush tangalar sotib olgan ingliz muhandisi A.Grantning kolleksiyasini ham xarid qilgandi.

Qaroqchilardan savdogarlar mulkini tortib olib bergan va xizmati evaziga bilaguzukli bo‘lgan kapitan F.Barton ham o‘sha hadyani 1884-yilda Britaniya muzeyiga sotib yubordi. Shu taxlit, 1877-yili qaroqchilarga talanib bo‘lsa-da, buxorolik savdogarlar Amudaryo bo‘ylaridan Hindistonga olib ketgan, fanda «Amudaryo xazinasi» nomi bilan mashhur osori atiqalar Britaniya muzeyi va Ermitajdan joy olgan.

Umid BEKIMMETOV,
tadqiqotchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring