Qandli diabetga oid xavotirli ma’lumotlar e’lon qilindi
Qandli diabet — tobora yasharib borayotgan kasallik. Hozir dunyoda yarim milliarddan ortiq kishi ushbu darddan aziyat chekmoqda. Ulardan katta qismi xastalikning 2-turiga chalingan.
Britaniyaning nufuzli The Lancet tibbiy jurnalida e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2030 yilga borib, bu kasallik bilan og‘rigan bemorlar soni 1,3 milliard nafargacha yetishi mumkin.
Nashrning qayd etishicha, qandli diabet Yer yuzi aholisining 6,1 foizida uchraydi. Bu esa ushbu kasallikdan nogironlik holatlari ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Ayni paytda diabetga chalinganlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Olimlar fikriga ko‘ra, noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik oqibatida kelib chiqadigan ortiqcha vazn qandli diabetning asosiy omildir.
Boisi, kasallikning 2-turi rivojlanishiga inson tanasida mushak to‘qimasining kamayib, yog‘ to‘qimasining ko‘payishi hisoblanadi. Ammo xastalik semiz bo‘lmagan insonlarda ham rivojlanishi mumkin.
Qandli diabet asosan og‘iz qurishi, chanqash va shunga yarasha keragidan ortiqcha suyuqlik iste’mol qilib, ko‘p peshob ajralishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, bunday bemorlarda umumiy holsizlik, oyoqlarda og‘riq va keyinchalik jarohatlarning sekin bitishi kuzatiladi. Ortiqcha vazni bo‘lgan kishilarda xastalik ishtahaning haddan ortib ketishi bilan ham kuzatiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter