Qanday hollarda motam e’lon qilinadi?
Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyati Irg‘iz tumanida ro‘y bergan fojia har birimizning, butun xalqimizning qalbiga chuqur qayg‘u soldi. Ijtimoiy tarmoqlar hamdarlik bitiklari, dardli marsiyalar bilan to‘lib-toshdi. Butun mamlakat bo‘ylab motam kayfiyati hukmron.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Qozog‘istondagi fojia xalqimizga yetarli sharoit yaratib bermaganimizni isbotlab turibdi. Sodir bo‘lgan fojia ko‘p narsadan, shu jumladan, xalqimiz oldida hali qarzimiz ko‘pligidan dalolat berib turibdi. Odamlarga sharoit yaratib berolmaganimiz uchun aholi boshqa davlatlarga ish qidirib chiqishga majbur bo‘lmoqda», — deb aytib o‘tdi. O‘zbekiston rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, fojiada halok bo‘lgan 52 nafar fuqaroning oilalariga bir martalik nafaqa ajratildi.
Fojiaviy halok bo‘lganlar orasida ota-bola, aka-ukalar, amakivachchalarning borligi kishini larzaga solmay qo‘ymaydi. Bir kunda oilasining ustunlaridan — eri va o‘g‘lidan yoki ikki nafar navqiron farzandidan ayrilganlarning holatini tasavvur qiling-a! Xudo ko‘rsatmasin! Beixtiyor «E, voh» devoradi odam.
Musibatning katta-kichigi bo‘lmaydi, deyishadi. Ammo 52 nafar o‘g‘lonning o‘limi yurt uchun katta yo‘qotish! Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda nega O‘zbekistonda motam e’lon qilinmagani qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tahririyatimizga ham bu borada ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. O‘quvchilarimizning talab-istaklaridan kelib chiqib bu haqdagi savollarga qonun hujjatlari asosida javob qidirib ko‘rdik.
Motamni kim va qachon e’lon qiladi?
O‘zbekistonda mazkur jarayon qaysidir hujjat bilan tartibga solingani haqida ma’lumot topa olmadik. Har holda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi va boshqa ochiq ma’lumotlar bazasida bunday hujjat topilmadi.
Faqatgina «O‘zbekiston respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasida motam munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i motamga moslab ko‘tarilishi, bunday hollarda davlat bayrog‘i dastasi yoki flagshtokning yuqori uchiga bayroq enining 1/20 qismiga teng bo‘lgan kenglikdagi qora tasma bog‘lanishi, tasmaning ikki uchi bayroqning butun eni uzunligida osilib turishi, davlat bayrog‘i motam munosabati bilan flagshtokda ko‘tarilgan taqdirda u flagshtok uzunligining 1/3 bo‘lagicha tushirib qo‘yilishi haqida so‘z boradi xolos.
Boshqa qonun hujjatlarida motam qanday holatlarda (terrorchilik akti, baxtsiz hodisa, qurbonlarning soni) va kim (mamlakat prezidenti, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi) tomonidan e’lon qilinishi haqidagi ma’lumotlar topilmadi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda necha marta motam e’lon qilingan?
1991 yildan buyon respublikamizda uch marta motam e’lon qilingani haqida ma’lumotga egamiz. Birinchisi 1999 yilga to‘g‘ri keladi. 1999-yil 16-fevral kuni Toshkent shahrida sodir bo‘lgan fojiali hodisalar munosabati bilan bir kunlik motam kuni e’lon qilingan edi. Terrorchilik xuruji oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortig‘i esa turli darajada yaralangan edi.
Begunoh halok bo‘lgan vatandoshlarimizning oila a’zolariga, qarindosh-urug‘lariga, yori birodarlariga hamdardlik bildirib, qurbonlar xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida Prezident farmoniga asosan 1999-yil 18-fevral O‘zbekiston Respublikasida Motam kuni deb e’lon qilingan, motam kuni mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i tushirilgan, madaniyat muassasalariga, barcha teleradiokompaniyalarga 18-fevral kuni ko‘ngilochar tomoshalar, ko‘rsatuv va eshittirishlarni to‘xtatish tavsiya etilgan edi.
Ikkinchi motam 2004-yilning 13-yanvarida sodir bo‘lgan aviahalokat bilan bog‘liq. O‘sha kuni Termizdan havoga ko‘tarilgan YaK-40 samolyoti Toshkentga qo‘nish paytida halokatga uchraydi.
Natijada samolyot bortida bo‘lgan 37 kishi: 5 nafar ekipaj a’zosi (4 nafar erkak va 1 nafar ayol) hamda 32 nafar yo‘lovchi (28 nafar erkak, 3 nafar ayol va 1 nafar bola) halok bo‘lishadi. Shundan 28 nafari O‘zbekiston fuqarolari edi.
Halok bo‘lganlar ro‘yxatida BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Richard Konroy ham bo‘lgan. Bu mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ro‘y bergan eng katta aviahalokat hisoblanadi. Ushbu fojia munosabati bilan 2004-yilning 15-yanvari butun mamlakatda motam kuni deya e’lon qilingan.
Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi uchinchi motam mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan e’lon qilingan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan mamlakatda 2016-yil 3-sentyabrdan uch kunlik motam e’lon qilingan, dafn marosimi marhumning xohish-irodasiga muvofiq Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
Motam kunlari mamlakatimizda va xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonalarida O‘zbekistonning davlat bayrog‘i tushirilgan, madaniyat muassasalari, barcha teleradiokanallar tomonidan 2016-yilning 3—5-sentyabr kunlari ko‘ngilochar tomoshalar, ko‘rsatuv va eshittirishlarni to‘xtatilgan edi. Shuningdek, Islom Karimovning vafoti munosabati bilan mamlakatning barcha hududlarida motam marosimlari o‘tkazilgan edi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan Kubada ham rasman bir kunlik motam e’lon qilingan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter