Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qadimgi tibbiyot: to‘qmoq zarbidan ilon zahrigacha

Qadimgi tibbiyot: to‘qmoq zarbidan ilon zahrigacha

Foto: «Zen.yandex.ru»

Odam — nihoyatda izzattalab va xudbin mavjudot. Tasavvur qiling, allaqachon yashab o‘tgan odam bizdan aqlliroq va uddaburonroq bo‘lsa, g‘ijinimiz kela boshlaydi. Ehtimol, shu sababdan ayrim tibbiyot lug‘atlari va ensiklopediyalari hozirgacha «Ibtidoiy odamlar shaxsiy gigiyenaga — uy va tana tozaligiga kam e’tibor berishgan. Kiyimlarini umrida bir marta almashtirishgan, shu bois terisi iflos bo‘lgan. G‘orlarda axlatlar eshigining oldigacha uyum-uyum bo‘lib yotgan, ulardan yilning issiq fasllarida badbo‘y hid anqib turgan» degan asossiz cho‘pchaklarni keltirishdan charchashmayapti.

Qisqasi, hammasi dahshatli va qo‘rqinchli bo‘lgan. Lekin shu o‘rinda «Unda bunday sharoitlarda yashagan odamzod qanday qilib bizning kunimizgacha jon saqlab kelgan?» degan asosli savol javobsiz qolmoqda.

 Tosh asrida ibtidoiy odamlar qanday davolanishgan?

Tosh asrida hatto murakkab operatsiyalardan keyin ham hozirgidan ko‘ra uzoqroq yashashgan.

Odam emas — chaqmoqtosh!

Boz ustiga, u davr odamlari shunchaki jon saqlashmagan. Tariximizning qariyb 8/9 qismini tashkil etadigan o‘sha tosh davridayoq insoniyat Antarktidadan tashqari hamma qit’alarni zabt etib, o‘ziga xos «mutlaq yirtqich»ga aylangan. Maqolamizning kirish qismida keltirilgan sitatada yozilganidek, «bitliqi pakana dumbul» oshqozon yarasi, suyak chirishi kasalligi, sifilis, mushaklar atrofiyasi nimaligini umuman bilmagan.

Arxeologik ma’lumotlar bizga mutlaqo boshqa ajdodlarimizni tanishtirmoqda. Ularning bo‘yi o‘rtacha erkaklarniki — taxminan 180 sm, ayollarniki — 165 — 170 sm bo‘lgan. Bugungi kunning asosiy balosiga aylangan kariyes amalda kuzatilmagan.

G‘orlar masalasiga kelsak, sharoit siz o‘ylagandek oddiy emasdi. U yer qorong‘i, zax va sovuq edi — havo harorati qishda ham, yozda ham +6 dan oshmagan. Dengiz qirg‘oqlarida tik qoyalarda yuzaga kelgan sun’iy g‘orlarni nahotki turmush uchun yaroqli deb hisoblasangiz?! Masalan, Rossiya markazidagi past tekisliklarda qadimda katta-katta yarim yerto‘lalar qurishni ma’qul ko‘rishgan. Mamontning kalla suyagi va jag‘laridan poydevor, dandon tishlaridan to‘siqlar barpo etishgan. Bunga Mejirichi manzilgohlaridan topilgan bir nechta uylarni dalil sifatida keltirish mumkin. Yomon shilib olingan sassiq mo‘ynalar haqidagi gaplar ham uydirmadir. Vladimir oblastidagi Sungir manzilgohida 27 ming yil muqaddam dafn etilgan odam qoldiqlari topilgan. Qariya va ikkita o‘smirdan iborat marhumlarga kapyushonli kombinezon kiyilgan bo‘lib, turli taqinchoqlar bilan bezatilgan.

Shunday ekan, ibtidoiy odam iflos, axmoq bo‘lgan va tibbiyotni tushunmagan, deyish noto‘g‘ri. Ustiga-ustak, butun Yevroosiyoda har yili buni tasdiqlovchi daliliy ashyolar topilmoqda. Birgina misol, xirurgiyaning o‘zi o‘sha vaqtlarda yuksak darajada bo‘lgan.

Boshdagi teshiklar

XX asrning o‘rtalarida odam atom energiyasiga egalik qilib, koinotni ishg‘ol qilishga kirishgan bir paytda shifokorlar: «Ba’zan bosh suyakni parmalash zarur bo‘lib qoladi. Biroq aksariyat vaziyatlarda bemorni yo‘qotib qo‘yish ehtimoli yuqori», deb g‘am-anduhga botishardi. Oradan 25 yil o‘tgach Fransiyadagi Lozer daryosi vodiysida tosh asriga taalluqli trepanatsiya izlari yaqqol sezilib turgan odamlarning bosh suyaklari topildi. Bunga hech kim ishongisi kelmasdi. Ayrimlar hatto teshiklar diniy marosimlar bilan bog‘liq, o‘limidan oldin teshilgan deyishga tushishdi. Biroq faktlar bunday emasligini ko‘rsatib berdi: 30 ming yil muqaddam chaqmoqtosh kurak yordamida bosh suyagida qilingan teshiklar o‘sgan. Ya’ni bemor operatsiyadan so‘ng tirik qolgan, ustiga-ustak, ko‘p yashagan. Faol bo‘lgan desak ham, mubolag‘a qilmaymiz — aks holda beshafqat davrda Yer yuzida jon saqlab bo‘lmas edi.

Shundan so‘ng bunday bosh suyaklari yuzlab topildi. Statistikaga ko‘ra, tosh asrida 10 trepanatsiyadan 9 tasi muvaffaqiyatli yakunlangan. Boz ustiga, bosh suyagida teshik bilan yashagan butun bir oilalar qazib olingan.

Arxeologlar tosh asri texnologiyasini tiklashga urinib ko‘rishdi. Trepanatsiya yovvoyilarcha usulda amalga oshirilgan — suyakni bir urib teshmasdan, uning qavatlari sekin-asta qirtishlangan. Buning o‘ziga xos ijobiy jihatlari ham bor: bunday usulda bosh miya qobig‘iga zarar yetmaydi. Biroq salbiy tomoni ham yo‘q emas: operatsiya katta yoshli odamda bir yarim soatgacha davom etgan. Shunda o‘rinli savol tug‘iladi: xo‘sh tosh asri odamlari bunday og‘riqqa qanday dosh berishgan?

Narkotik moddalar

XX asrning ikkinchi yarmida olimlar shomonizm fenomenini jiddiy o‘rganishga kirishishdi. Masalan, Sibirda shomonlar hali-hanuz faoliyat olib borishmoqda. Shunda qiziqarli dalillar ma’lum bo‘ldi. Shomonlik qilish jarayonida shomon trans jarayoniga nafaqat o‘zi, balki birdan bir necha kishini kirita olgan. (Trans — gipnoz, jazava va zo‘r xursandchilik vaqtida asablarning qo‘zg‘alib ketishi, miyaning karaxt bo‘lishi, hushdan ketishi — tahririyat!) Bunday trans chuqur bo‘lib, bir necha kungacha cho‘zilishi mumkin. Mazkur holatga tushib qolgan odam, tabiiyki, og‘riqni sezmaydi. To‘g‘ri, og‘riqsizlantirishning bu usuli muayyan holatlardagina qo‘l kelgan: trepanatsiya yordamida bosh-miya jarohatlari, miyaga qon quyilishi asoratlarini davolash, o‘smalarni olib tashlash shular jumlasidan. Biroq u ruhiy kasallar uchun xavfli hisoblangan. Lekin shomonlar buning ham yo‘lini topishdi. Tosh asriga taalluqli bir qancha qabrlarda nasha, ko‘knori, gallyusinogen qo‘ziqorinlar qoldiqlari topilgan. Shunday ekan, 30 ming yil muqaddam shomon operatsiyadan oldin bemorini narkotik modda bilan uxlatib qo‘ygan. Bu XX asr shifokorlarining bemorga morfiy yuborishidan unchalik farq qilmaydi.

Shuni faraz qilish mumkinki, bunday anesteziyada chaqmoqtoshli parmalar yordamida tishlarga ham ishlov berishgan. Old Osiyo va Eron tog‘liklarida mamont ovchilariga zamondosh odamlar qoldiqlari topilgan. U yerda trepanatsiya foizi kamroq bo‘lsa-da, tishlarni sug‘urib olish nima uchundir ko‘proq. O‘sha yerlik tabiblar bilan shomonlarning ixtisosligi yevropalik shifokorlarnikidan bir muncha farq qilgan. Lekin shunga qaramay ular o‘z sohasida hayratlanarli natijalarga erishishgan. Masalan, fil suyagi yoki tabiiy asfaltdan uch, to‘rt va hatto beshta tishlar uchun ko‘priklarni shu darajada aniq joylashganki, yoqa ushlab qolasan kishi. Yana bularning bari «jirkanch» tosh qurollar yordamida amalga oshirilgan.

Tosh asri odamlari, haqiqatan, bizga nisbatan kam kasal bo‘lishgan, lekin jarohatlanish juda ko‘p qayd etilgan. Qo‘l va hatto oyog‘ini kesdirib tashlash holatlari ko‘p kuzatilgan. Aytishlaricha, bunday cho‘loq kishilar manzilgohlardan quvib yuborilgan va muqarrar ochlikdan o‘lib ketishga mahkum bo‘lishgan. Aslida ular baxtli hayot kechirmasa-da, uzoq yashashgan: 60 va hatto 70 yoshgacha.

Agar kimgadir tosh asridagi odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi juda kamdek tuyulsa, bunda tibbiyotni ayblab bo‘lmaydi. Axir hatto XIX asr — «bug‘ va elektr asri» ham «yovvoyilar» davri bilan raqobat qilolmaydi. Negaki bundan bor-yo‘g‘i bir yarim asr muqaddam odamlarning o‘rtacha uzoq umr ko‘rish darajasi Yer sayyorasida atigi 38 yoshni tashkil etgan.

Og‘riqsizlantirish fani qanday rivojlangan?

Mehrigiyoh, belladonna, opium, qor va muz bilan sovitish, nerv tolalarini ezish va bo‘yin tomirlarini siqish... Biroq mazkur usullar kerakli natija bermasa-chi? Albatta, bular hayot uchun nihoyatda xavfli edi. Negaki boshga zarba berib, bemorni hushsiz holga keltirish singari keskin choralar ko‘rilgan. Shunga qaramay, ular baribir qo‘llanilgan: aks holda bemor shokdan vafot etardi-da!

Faradeyning hissasi

Og‘riqsizlantiruvchi vositaning ixtiro qilinishi hamda og‘riq ustidan g‘alaba qozonish uchun real sharoitlar XVIII asr oxirida, kislorod (1771-yil) va azot chala oksidi (1772-yil) toza holda olinganidan, shuningdek, dietil efirning fizik-kimyoviy xususiyati mufassal o‘rganilgach paydo bo‘ldi. Buni 1818-yil angliyalik olim Maykl Faradey amalga oshirdi. Og‘riqsizlantiruvchi vosita ilmiy asoslangan holda tibbiyotga bor-yo‘g‘i XIX asr o‘rtalaridagina kirib keldi. Bungacha esa operatsion shokning oldini olish maqsadida jarrohlar operatsiya ketayotgan vaqtni maksimal darajada qisqartirishga harakat qilishgan. Nikolay Ivanovich Pirogov qovuqni yuqoridan kesishni 2 daqiqada, ko‘krak bezini olib tashlashni bir yarim daqiqada uddalagan. Fransuz Larrey Borodina jangidan so‘ng bir kechada 200 ta amputatsiyani amalga oshirgan.

Hayratomuz sukunat

Efir narkozi birinchi marta Garvard universitetida ommaviy namoyish etilgan. Uni dantist Uilyam Morton o‘tkazgan. U bemorni efir yordamida uxlatib, jag‘ osti sohasidagi o‘smani olib tashlagan. Jarrohlik aralashuvi mutlaq jimjitlikda amalga oshirilgan, bu operatsiyalar chog‘ida yig‘i-sig‘iga o‘rganib qolganlarda hayratomuz taassurot qoldirgan.

Ehtimol, birorta ham yangilik bu darajada tez tarqalmagan bo‘lsa kerak... Kashfiyot haqidagi xabar juda tez butun dunyoni aylanib chiqqan — shundan so‘ng qolgan barcha uxlatuvchi vositalar chetga surib qo‘yilgan.

O‘shandan buyon 1846-yil 16 oktyabr zamonaviy anesteziologiyaning tug‘ilgan kuni sifatida e’tirof etiladi.

Dehqon Viktor va qirolicha

XVIII asrning ikkinchi yarmida va keyinchalik yuz yil mobaynida Yevropada mesmerizm — zamonaviy gipnozning o‘tmishdoshi keng tarqalgan. Unga avstriyalik vrach Frans Anton Mesmer (1734 — 1815-yillar) asos solgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fransiyalik dehqon Viktor uyqu paytida o‘zini daraxtdan yechib, qishlog‘igacha yetib borgan. Bu jarrohlarda katta taassurot uyg‘otgan. Pirovardida, operatsiya vaqtida gipnozdan foydalanishga bo‘lgan urinishlar ancha paytgacha anesteziologiya rivojlanishini ortga surgan. Mesmer izdoshlari o‘z yondashuvlarini faol himoya qilishdi va hatto efirni ishlatgandan keyin ham uning muvaffaqiyati faqat tasavvurga ta’sir qiladi, deyishdi. Xirurglar, Mesmer izdoshlarining o‘zlari ham operatsiya vaqtida uxlatish uchun efirdan foydalana boshlagach xirurgiyada mesmerizm davri nihoyasiga yetdi.

Boz ustiga, 1847-yili ingliz Jeyms Simpson ilk bor narkotik modda sifatida xloroformdan foydalangan. Xloroform ishlatilganda narkoz efirdan ko‘ra tezroq keladi va u unchalik tez yonmaydi. Shu bois u jarrohlar orasida juda tez ommalashgan va efirni surib chiqargan. U hatto Angliya qirolichasi Viktoriya sakkizinchi farzandini dunyoga keltirayotganida sinab ko‘rilgan.

Rossiyada efir va xloroformli narkozni ilk bor Pirogov Morton namoyishidan to‘rt oy o‘tar-o‘tmas qo‘llagan. U ham salbiy xususiyatlari va og‘ir asoratlariga ishora qilgan.

Yangi yo‘llar

Shunga qaramay, xloroformli narkozning toksik asoratlari undan voz kechishga olib keldi. Narkotik moddalardan nafas yo‘llari orqali foydalanish bir qator kamchiliklarga ega edi: bo‘g‘ilish, to‘lqinlanish... Bularning bari yangi yo‘llarni izlashga majbur qildi.

1913-yili narkoz uchun ilk bor barbituratlardan foydalanildi. Boshqa yo‘nalishlarda ham izlanishlar davom etardi. Anesteziologiyada yangi davrni skelet mushaklarini tinchlantiruvchi tabiiy preparatlar va ularning sun’iy o‘xshashliklari qo‘llanilishi boshlab berdi. Miorelaksantlar narkozni mukammalroq va xavfsizroq ko‘rinishga olib keldi.

Anesteziologiya ilmiy asoslangan tartib sifatida XX asrning 30-yillarida tan olindi. 1937-yili AQShda anesteziologlar kengashi tashkil etildi. 1935-yili anesteziologiya bo‘yicha imtihon Angliyada joriy qilindi.

50-yillar aksariyat jarrohlar uchun shu narsa ayon bo‘ldiki, jarrohlik aralashuvlarini o‘tkazish xavfsizligi ko‘p jihatdan ularning anesteziologik ta’minotiga bog‘liq ekan. Shunda anesteziologiyani klinik tartib sifatida qabul qilish masalasi yuzaga keldi.

Anesteziya xavfsizligini oshirish va anesteziologlar sonining ko‘payishi umumiy og‘riqsizlantirishga ko‘rsatmalarni kengaytirishga olib keldi. Agar 50-yillarda barcha operatsiyalarning 90% mahalliy anesteziya ostida o‘tkazilgan bo‘lsa, o‘n yil o‘tar-o‘tmas barcha operatsiyalarning qariyb yarmi narkoz ostida amalga oshirildi.

Katta operatsiyalarda og‘riqni yo‘qotish organizm hayotiy faoliyatini saqlash uchun yetarli bo‘lmay qoldi... Anesteziologiya oldiga yangi vazifa qo‘yildi: nafas, yurak-qon tomir tizimi, moddalar almashinuvining buzilgan funksiyalarini yaxshilash uchun sharoit yaratish. O‘pkada havoni sun’iy aylantirish muammosining hal etilishi jarrohlik aralashuvi uchun yangidan-yangi imkoniyatlar berdi, o‘pka va kardioxirurgiya, transplantologiyaga yo‘l ochildi.

Anesteziologiyaning o‘zi xirurgiyadan rivojlanib chiqib, reanimatologiyaga yo‘l ochib bergan.

Shohida Isroilova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring