Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin Pelening vafotiga ta’ziya bildirdi. Futbol qiroli Rossiya prezidentiga tanbeh bergan edi

Putin Pelening vafotiga ta’ziya bildirdi. Futbol qiroli Rossiya prezidentiga tanbeh bergan edi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin futbol qiroli Pelening vafoti munosabati bilan Braziliya rahbariga ta’ziya maktubi yo‘lladi.

«Men ushbu ajoyib inson bilan bevosita muloqot qilish baxtiga muyassar bo‘lganman va u haqdagi yorqin xotiralarni qalbimda abadiy saqlayman. Afsonaviy Pelening yaqinlari va qadrdonlari, shuningdek, mamlakatingizning barcha fuqarolariga samimiy hamdardligimni yetkazing», – deyiladi maktubda. 

Ta’ziya xatida, Edson Arantes do Nassimento (Pele) o‘z iqtidori va betakror mahorati bilan futbolni millionlar o‘yiniga aylantirishga ulkan hissa qo‘shgani bayon etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Pele joriy yil iyun oyida V.Putinga Ukraina urushi borasida tanqidiy ruhda maktub yo‘llab, qirg‘inbarotni to‘xtatishga undagan edi.

«Zo‘ravonlikni oqlash uchun biror bir dalil-dastak mavjud emas. Ushbu haqsiz va yovuz ixtilof faqat va faqat dard-alam, qo‘rquv, dahshat va iztirob keltiradi. Uni davom ettirishga esa hech bir sabab ko‘rmayotirman», – deb yozgan edi Pele.

Atoqli futbolchi urush begunohlar qonini to‘kib, norasidalarning orzularini yo‘qqa chiqarishini nadomat bilan qayd etar ekan, qirg‘inbarotni to‘xtatish Putinning qo‘lida ekanini urg‘ulagan.

Rossiya rahbari futbol qirolining tanbehiga rasman munosabat bildirmagan.Avval xabar berganimizdek, 3 karra jahon chempioni, XX asrning eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etilgan Pele 29 dekabr kuni 82 yoshida vafot etdi.

Braziliyada futbol afsonasining vafoti munosabati bilan uch kunlik motam e’lon qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring