Prokuror hisobot berdi. Biroq hozir gap bunda emas...
Kecha Toshkent shahar prokuraturasining «telegram»dagi rasmiy kanaliga bir xabar joylashtirildi.
Xalq deputatlari Yashnobod tuman kengashining navbatdagi sessiyasida tuman prokurori Olimjon Azimovning hisobotiga oid mazkur xabarda favqulodda yangi gap yo‘q. Tadbir videokonferens-onlayn aloqa shaklida o‘tgani tushunarli. Sababi – karantin. Sessiya qaroriga tuman prokuraturasining bugungi murakkab vaziyatda og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalar, shuningdek vaqtinchalik daromad manbaini yo‘qotgan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi taklifi alohida qayd etilgani – a’lo! Zero, ayni masalada butun boshli tizim tomonidan katta ishlar amalga oshirilyapti.
E’tibor tortadigani – xabarga ilova qilingan suratlarning biridagi holat. Unda to‘qqiz nafar kishi yonma-yon o‘tiribdi. Olgan nafasi bir-biriga seziladigan darajada. Yana deng – ularning ikki nafari niqobsiz! Nima demoqchi bo‘linayotganini tushundingiz-a...
Pashshadan fil yasayapmizmi? Yo‘g‘-a. Bugun «Oraliq masofani saqla!», «Niqobsiz yurma!» degan gaplardan quloqlar bitayozganiga qaramay, hech kim ortiqcha e’tiroz bildirayotgani yo‘q. Bundan boshqacha bo‘lish mumkin emas. Aks holda, shaqqillatirib jarima yozilayotir. Jamiyatda qonuniylikni ta’minlashga mas’ul prokurorning hisoboti tinglanayotgan tadbirda ayni qoidalarga zid holat ro‘y berganiga nima deysiz? Bu holat suratga naqsh etilgani-yu va u shahar prokuraturasining tarmoqdagi kanalida e’lon qilinganiga-chi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter