Prokuratura o‘qituvchilar obodonlashtirish ishlariga jalb qilinganini tan oldi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi o‘qituvchilar 14-mart kuni obodonlashtirish ishlariga jalb qilinganini tan oldi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar berdi.
Aynan o‘sha kungi obodonlashtirish ishlari chog‘ida yosh o‘qituvchi Diana Yenikeyeva fojiali halok bo‘lgan edi.
Nashrning tuman prokuraturasidagi manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, obodonlashtirish ishlarini o‘tkazishda tegishli choralarni ko‘rmagani uchun 29 mart kuni xalq ta’limi vazirining buyrug‘i bilan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Jumanazarov lavozimidan ozod etilgan.
Bundan tashqari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan 42-maktab direktori N.Boltayeva ishdan olingan va direktor o‘rinosari X.Mamatovga hayfsan e’lon qilingan.
Prokuratura vakillarining tasdiqlashicha, maktab direktori o‘rinbosari o‘qituvchilarning obodonlashtirishga olib chiqilishini direktor topshirig‘iga binoan tashkillashtirishgan.
Maktab direktori O‘zbekiston mehnat kodeksining 177-moddasini buzgan deb topilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, ish beruvchi ishchidan uning mehnat majburiyatiga kirmaydigan yumushlarni bajarishni talab qilishga haqli emas.
«U darhaqiqat ushbu moddani buzgan, — qayd etgan nashrning suhbatdoshi. — Bundan tashqari, u voqea sodir bo‘lgan paytda ruxsatsiz Toshkentga ketgan bo‘lgan. Bu qoidabuzarliklar uchun u lavozimidan bo‘shatildi».
Avvalroq Kattaqo‘rg‘on hokimiyati va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘qituvchilar obodonlashtirishga olib chiqilmagani, Diana Yenikeyeva esa yo‘lni kesib o‘tayotganida «KamAZ» yuk mаshinasi tomonidan urib yuborganini bildirishgandi. Marhumaning hamkasblari esa buning teskarisini gapirib berishgandi.
Samarqand hokimi To‘robjon Jo‘rayev hodisa yuzasidan fikr bildirib, ijtimoiy soha vakillari mahalliy boshqaruv organlari tomonidan hududni obodonlashtirish ishlariga jalb qilinmagani va jalb qilinmasligini ta’kidlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter