Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul haqida yangi ma’lumot berildi
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga qabul jarayonlari iyun oyidan boshlanadi, imtihonlar esa iyul oyida o‘tkaziladi.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov ma’lum qildi.
Ixtisoslashitrilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida bugungi kunda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi hamda 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Ushbu maktablarga o‘quvchilar qabuli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 maydagi 214-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomlar asosida tashkil etiladi.
2024-2025-o‘quv yili uchun Agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilar hujjatlarini qabul qilish hamda kirish imtihonlarini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining joriy yildagi tegishli yig‘ilish bayoni tasdiqlandi.
Bunga ko‘ra, maktablarga hujjatlar qabuli joriy yilning iyun oyida hamda kirish imtihonlari iyul oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Prezident maktablariga o‘quvchilar belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida ikkita sinfga bir xil 12 nafardan jami 24 nafar o‘quvchi hamda ijod va ixtisoslashtirilgan maktablariga Agentlik tomonidan belgilangan kvota doirasida o‘quvchilar qabul qilinadi.
Agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari tomonidan quyidagi hujjatlar onlayn shaklda Agentlikning rasmiy veb-sayti ariza.piima.uz orqali qabul qilinadi:
- o‘quvchilarning tegishli o‘quv yili natijasiga ko‘ra baholar tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
- imtihon ruxsatnomasini shakllantirish jarayonida foydalanish uchun o‘quvchilarning oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati;
- o‘quvchilarning tug‘ilganlik haqida guvohnomasi va ularning ota-onasi (qonuniy vakili) fuqarolik pasporti ma’lumotlari, bog‘lanish uchun mobil telefon raqamlari.
Hujjat topshirish jarayonida o‘quvchilarning ota-onasi (qonuniy vakili) kirish imtihonlari shartlari va talablari bilan tanishganligi to‘g‘risidagi onlayn ofertani tasdiqlaydi.
O‘quvchilar Prezident maktabi hamda ixtisoslashtirilgan maktablariga hujjat topshirish jarayonida ularga ixtiyoriy ravishda o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablaridan birini qo‘shimcha tanlash imkoniyati beriladi.
Bunda, Prezident maktabi kirish imtihonining 2-bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘qishga kira olmagan o‘quvchilar hududdagi o‘zi tanlagan ixtisoslashtirilgan maktabiga belgilangan kvota doirasida, to‘plagan ballari ketma-ketligi bo‘yicha imtihonsiz qabul qilinadi. Bunda kvota doirasidan oshib ketsa imtiyoz qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, ro‘yxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichi yoki unga tenglashtirilgan bosqichida matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya fanlaridan g‘olib va sovrindor bo‘lib, 1, 2, 3-o‘rinlarni egallagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘zi ta’lim oladigan hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotasi doirasida kirish imtihonisiz qabul qilinadi;
Bundan tashqari, o‘quvchilar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga hamda Abu Ali ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning 7-sinfiga ham alohida hujjat topshirishlari mumkin.
Joriy o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon va Samarqand viloyatlarida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari tashkil etildi. Ushbu maktablarga 2024-2025-o‘quv yili uchun faqat shu hududning o‘quvchilari hujjat topshiradilar. Bu kabi maktablar kelgusi yillarda bosqichma-bosqich qolgan barcha hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Prezident maktablariga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining to‘rtinchi sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli, baholar tabeli asosida matematika va tabiatshunoslik fanlaridan o‘quv yilini a’lo, ya’ni 5 baholarga tamomlagan o‘quvchilarning hujjatlari qabul qilinadi.
Ijod, ixtisoslashtirilgan maktablariga hujjat topshirish jarayonida baholar tabelida a’lo baholarning bo‘lishi talab etilmaydi.
O‘quvchilar faqat ta’lim olayotgan maktabining hududidagi, ya’ni viloyatidagi Prezident maktabi hamda ixtisoslashtirilgan maktablariga hujjat topshirishi mumkin.
Prezident maktablarining kirish imtihonlari ikki bosqichda quyidagi fanlardan o‘tkaziladi:
- birinchi bosqich — matematika fanidan jami 30 ta test shaklida o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 nafar hisobidan, har bir maktabda jami 480 nafar maksimal ball to‘plagan o‘quvchilarga ikkinchi bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi.
Ikkinchi bosqich kirish imtihonlari quyidagi fanlardan test shaklida o‘tkaziladi:
- matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish bo‘yicha 40 ta test;
- ingliz tili fanidan grammatika va matn bilan ishlash bo‘yicha 40 ta test savollari.
Ixtisoslashtirilgan maktablarning kirish imtihonlari yo‘nalishlar bo‘yicha bir bosqichda quyidagi fanlardan o‘tkaziladi.
Aniq fanlar yo‘nalishi bo‘yicha:
- 5 - 7-sinflar uchun matematika fanidan 30 ta test, ingliz tili fanidan 15 ta jami 45 ta test;
- 8 - 11-sinflar uchun matematika fanidan 20 ta test, fizika fanidan 10 ta test va ingliz tili fanidan 15 ta test jami 45 ta test shaklida o‘tkaziladi.
Tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha:
- 7-sinflar uchun tabiiy sceince fanidan 30 ta test va ingliz tili fanidan 15 ta jami 45 ta test;
- 8 - 11-sinflar uchun biologiya fanidan 10 ta test, kimyo fanidan 20 ta test, ingliz tili fanidan 15 ta jami 45 ta test shaklida o‘tkaziladi.
Agentlik tizimidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarda kirish imtihonlari bir bosqichda yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi tartibda o‘tkaziladi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida:
Axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha:
- 5-sinflar uchun matematika fanidan 30 ta test, shundan 10 tasi mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan, ingliz tili fanidan 15 ta test, jami 45 ta topshiriq test shaklida o‘tkaziladi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida:
Biologiya va kimyo yo‘nalishi bo‘yicha:
- 7-sinflar uchun tabiiy sceince fanidan 30 ta test va ingliz tili fanidan 15 ta test, jami 45 ta topshiriq test shaklida o‘tkaziladi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida:
Fizika va astronomiya yo‘nalishi bo‘yicha:
- 7-sinflar uchun matematika fanidan 30 ta test, ingliz tili fanidan 15 ta test, jami 45 ta topshiriq test shaklida o‘tkaziladi.
Ijod maktablarining kirish imtihonlari davlat tilida (Qoraqalpog‘iston Respublikasida qoraqalpoq tilida), Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabida chet tilida 3 bosqichda o‘tkaziladi.
- birinchi bosqich — ijodiy matn yaratish;
- ikkinchi bosqich — ijodiy suhbat;
- uchinchi bosqich — ona-tili va adabiyoti fanidan 20 ta test, ingliz tili fanidan 15 ta test hamda intellektual qobiliyat darajasi bo‘yicha 15 ta test, jami 50 ta topshiriqdan iborat test sinovlari shaklida o‘tkaziladi.
Kirish imtihonlari natijalari:
- Prezident maktablarida birinchi bosqichda imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida, ikkinchi bosqichda imtihon topshirilgan kundan keyin 30 kun ichida;
- ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter