Prezident To‘qayev referendumda «vakolat muddati uzaytirilishi» masalasiga oydinlik kiritdi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 1-iyun kuni Milliy fanlar akademiyasining 75 yilligi doirasidagi sessiyada so‘zlagan ma’ruzasida bir qator muhim siyosiy masalalarga aniqlik kiritdi.
Sanoqli kunlardan keyin, 5 iyunda Qozog‘istonda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishga doir referendum bo‘lib o‘tadi. Q.To‘qayev mazkur umumxalq ovoz berish tadbiri davlat mansabdorlarining vakolat yoki imtiyozlarini oshirish uchun o‘tkazilmayotganini urg‘uladi.
«Referendumga jamiyatimizda ham, xorijda ham katta qiziqish bildirilmoqda. Bu esa ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga talab katta ekani, ayni choqda, odamlar real o‘zgarishlarga ishonayotganidan dalolatdir. Bu tabiiy hol, zero, islohotlar ayrim shaxslar, jumladan, prezidentning imtiyozlarini oshirish uchun emas, balki jamiyat manfaatlarini ko‘zlab o‘tkazilmoqda. Mamlakat ichida va xorijda mendan amaldagi davlat rahbari referendum orqali o‘z vakolat muddatini uzaytirish, zamonaviy istiloh bilan aytganda, «nollashtirish»ni maqsad qilganmi deya savollar berilmoqda. Javobim shu: bunday maqsad bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham!» – dedi Q.To‘qayev.
Qayd etilishicha, konstitutsiyaviy islohotlar inson huquqlari va erkinlarini himoya qilish tizimini mustahkamlash, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish va hokimiyat faoliyatining shaffofligini oshirishga qaratilgan.
Qozog‘iston rahbari, ayni choqda, populizm va siyosiy «chayqovchilik»ni qoralab, demokratik jamiyat qurish izchil, tizimli jarayon ekanini ta’kidlagan.
«Mamlakatimizda yuqori siyosiy mas’uliyat madaniyati shakllanmog‘i lozim. Ayni shu madaniyatgina siyosiy sohada radikalizm va populizmning ildizini qirqish qodir», – dedi Q.To‘qayev.
Shuningdek, referendum siyosiy islohotlarning yakuni emas, balki boshlanishi ekani qayd etilgan.
«Oldimizda turgan referendum mamlakatdagi siyosiy evrilishlarning xotimasi emas, balki muqaddimasi ekanini ta’kidlashni istardim. Ish endi boshlanayotir. Negaki, hayotning o‘zi va fuqarolarning talab-istaklari bizga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Biz siyosiy jabhada shok terapiyasi nomaqbul ekanini unutmasligimiz kerak. Murakkab geosiyosiy sharoitda u ayanchli oqibatlarga – tanazzul, hatto davlatchilikning boy berilishiga olib kelishi mumkin», – dedi Qozog‘iston rahbari.
Ta’kidlanishicha, referendum Yangi adolatli Qozog‘iston barpo etish yo‘lidagi dastlabki jiddiy qadam bo‘ladi.
Avval xabar berganimizdek, Q.To‘qayev joriy yil 16 mart kuni Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan murojaatida jiddiy siyosiy islohotlar boshlanayotganini e’lon qilgan edi. Jumladan, siyosiy monopoliyadan bosqichma-bosqich voz kechilishi, superprezidentlik boshqaruv shaklidan kuchli parlamentga asoslangan prezidentlik respublikasi tizimiga o‘tilishi, davlat rahbarining yaqin qarindoshlari siyosiy lavozimlarni egallashi man etilishi, ommaviy axborot vositalarining ayrim shaxslar buyurtmasiga ko‘ra ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligi kabi salmoqli o‘zgarishlar va’da qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter