Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident senator Baxtiyor Sayfullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Prezident senator Baxtiyor Sayfullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston madaniyati va san’ati og‘ir judolikka uchradi. Taniqli madaniyat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev 2023-yil 14-fevral kuni 72 yoshida vafot etdi.

B.Sayfullayev 1951-yil 1-aprelda Toshkent shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni drama teatri va kino aktyori mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini 1972-yilda Respublika yosh tomoshabinlar teatri aktyori hamda rejissyori sifatida boshladi. Keyinchalik Toshkent madaniyat instituti katta o‘qituvchisi, fakultet dekani o‘rinbosari, fakultet dekani vazifalarida mehnat qildi. Nomzodlik ishini himoya qilgach, Toshkent davlat madaniyat institutida pedagogik faoliyatini davom ettirdi.

O‘z faoliyati mobaynida B.Sayfullayev respublika miqyosida ommaviy madaniy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha mohir rejissyor sifatida tanildi. 2005–2020-yillarda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, madaniyat vaziri kabi mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritib, mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, sohadagi keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, milliy madaniyat va san’atimiz rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda jonbozlik ko‘rsatib mehnat qildi.

Professor B.Sayfullayev 2012–2020-yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori vazifalarida xizmat qilib, mamlakatimizda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shdi.

B.Sayfullayev 2020-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab, mamlakatimizda madaniyat va yoshlar siyosatini amalga oshirish, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishlarga oid huquqiy bazani mustahkamlashda o‘zining boy bilim va tajribasini namoyon etdi.

B.Sayfullayevning o‘zbek madaniyati va san’atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni hamda «Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi» unvoni bilan mukofotlangan edi.

Taniqli madaniyat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson B.Sayfullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, O.Nazarbekov, M.Yo‘lchiyeva

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring