Prezident kechagi uchrashuvda eng ko‘p qaysi so‘zlarni ishlatdi?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz)ekspertlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqining lingvistik kontent-tahlilini o‘tkazdilar. Tasviriy ifodalovchi so‘zlardan foydalanib, tahlilchilar davlat rahbari nimaga ko‘proq e’tibor qaratayotganini aniqlashdi.
Kecha, 2023 yil 18 avgust kuni ToshkentdagiXalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchinchi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bunday uchrashuv ilk bor 2021 yil 20 avgustda tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbarining taklifi bilan bu an’anaga aylandi hamda mazkur sana mamlakatimizda «Tadbirkorlar kuni» etib belgilandi.
Uchrashuvga iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan biznes vakillari taklif etilgan. Davlatimiz rahbari tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev muloqotdagi ma’ruzasida beshta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi. Ularning har biri o‘z ichiga ko‘plab tashabbuslarni qamrab oldi:
Birinchi yo‘nalish – kichik biznesga yangi imkoniyatlar.
Ikkinchi yo‘nalish – o‘rta biznesga oid tashabbuslar.
Uchinchi yo‘nalish – yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish.
To‘rtinchi yo‘nalish – yuqori daromadli korxonalarni ko‘paytirish.
Beshinchi yo‘nalish– soliq ma’murchiligini soddalashtirish, byurokratiyani yo‘q qilish.
Eslatib o‘tamiz, Markaz tomonidan o‘tkazilgan parallel tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, tadbirkorlarning 46% o‘z biznesining hozirgi holatini «yaxshi» deb baholagan.
Tasviriy ifodalovchi so‘zlardan foydalanib, Markaz tahlilchilari davlat rahbari nimaga ko‘proq e’tibor qaratayotganini aniqlashdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida jami 3884ta so‘zdan foydalangan.
Prezidentning nutqini tahlil qilish (asl tildan) tadbirkorlarning eng dolzarb muammolari soliqlar va kreditlarekanligini ko‘rsatdi.
Prezidenttomonidan eng ko‘p tilga olingan so‘zlar «tadbirkor», «biznes», «soliq», «korxona», «tizim», «mahsulot», «kredit» va «jamg‘arma»bo‘ldi. (1-rasm).
1-rasm. O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan uchinchi ochiq muloqotida eng ko‘p ishlatgan so‘zlari.
Xususan, «tadbirkor» so‘zi 79 marta, «biznes» so‘zi 50 marta, «soliq» so‘zi 35 marta, «korxona» so‘zi 35 marta, «tizim» so‘zi 22 marta, «mahsulot» so‘zi 21 marta, «kredit» so‘zi 21 marta va «jamg‘arma» so‘zi 18 marta tilga olingan. «Bank» va u bilan bog‘liq so‘zlar 15 marta aytilgan.
Ikki so‘zdan tashkil topgan iboralardan «kichik biznes» iborasi 14 marta, «qo‘shilgan qiymat» iborasi 8 marta, «o‘rta biznes» iborasi 10 marta, «ochiq muloqot» iborasi 8 marta, «biznesni rivojlantirish» iborasi 4 marta va «tadbirkorlik jamg‘armasi» iborasi 3 marta tilga olingan. Uch so‘zdan iborat iboralardan «qo‘shilgan qiymat solig‘i» iborasi 6 marta, «biznesni rivojlantirish banki» iborasi 4 marta, «kichik biznes markazlari» iborasi 4 marta, «brendlarni jalb qilish» iborasi 4 marta, «kichik biznes loyihalari» iborasi 3 marta, «sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi» iborasi 3 marta aytilgan.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog‘ida 8 ta muhim yangilikni qayd etib o‘tdi. Xususan, kichik tadbirkorlarni tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.
Bundan tashqari, kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investitsiya kiritsa, 45 foiziga «Biznesni rivojlantirish banki»ning o‘zi, qolgan 45 foizi uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltiriladi.
«Qishloq qurilish bank» «Biznesni rivojlantirish banki»ga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo‘ladi.
Biznes vakillariga yengillik yaratish maqsadida kreditlar tadbirkorlarga 5-7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablag‘larning 150 mln dollari bo‘yicha kredit liniyalari 1 oktyabrdan ochiladi.
Shuningdek, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, «kredit va soliq tarixi» toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.
Tadbirkorlik jamg‘armasi turizm, savdo va servis sohalarida «xizmatlar ipotekasi» tizimini joriy qiladi. Endi mehmonxona, restoran, savdo kompleksi, avtoturargoh, yoqilg‘i shoxobchasi, kemping kabi obektlarning tayyor loyihalari tadbirkorlarga taklif etiladi.
Logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 mln dollar yo‘naltiriladi. Mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy qilish va bu borada mutaxassis tayyorlashga yana 25 mln dollar ajratiladi.
Hamda yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 50 mln so‘mdan grant beriladi.
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, Prezident nutqining 18% qismi kichik biznes, 18% qismi ochiq muloqot natijalari, 13% qismi sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit, 13% qismi o‘rta biznes, 13% qismi sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va boshqa masalalarga qaratildi.
Yo‘nalishlar bo‘yicha so‘zlarning taqsimlanishi shuni ko‘rsatdiki, Prezidentning nutqining aksariyati kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit shakllantirish, sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va yirik korxonalarni qo‘llab-quvatlash va klaster tizimi haqida bo‘ldi.
2-rasm. Yo‘nalishlar bo‘yicha so‘zlarning taqsimlanishi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning muloqotdagi ma’ruzasida keltirilgan asosiy yo‘nalishlar va ularga oid so‘zlarning qo‘llanish taqsimoti quyidagi rasmda ifodalangan.
3-rasm. Yo‘nalishlar va ularda ishlatilgan so‘zlarning bog‘lanishi
Davlatimiz rahbari ishbilarmonlarning vaqti va xarajatlarini tejash maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab, bir-birini takrorlovchi va eskirgan hisobotlar tugatilishini ta’kidladi. Barcha hisobotlarni yagona elektron tizim orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yilib, ularning qog‘oz shakli bekor qilinishi aytildi.
– Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida har bir yil ulkan dastur va loyihalarni amalga oshirish davri bo‘lib qolmoqda. Hayot sinovlarida toblangan, mard va tashabbuskor tadbirkorlarimiz bor ekan, biz albatta ko‘zlagan marralarimizga erishamiz, – dedi Prezident so‘zining yakunida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter