Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Davlat soliq qo‘mitasidagi markazga tashrif buyurdi (foto)

Prezident Davlat soliq qo‘mitasidagi markazga tashrif buyurdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 16-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, soliq ma’murchiligini isloh qilish va sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazishi haqida xabar bergandik.

Prezident bugun Davlat soliq qo‘mitasining Ma’lumotlarni qayta ishlash markazini borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda aholi va biznes uchun qulayliklarni oshirish, inson aralashuvini kamaytirish maqsadida soliq organlari faoliyati izchil raqamlashtirilmoqda. Xususan, ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi farmoniga muvofiq, to‘liq yangilandi. Davlat budjetidan ajratilgan 100 milliard so‘m evaziga binolar ta’mirlanib, uzluksiz elektr ta’minoti qurilmalari, pretsizion konditsionerlar, katta hajmli server va kompyuterlar bilan jihozlandi.

Natijada markaz quvvati 8 martaga oshdi, elektron xizmatlar ko‘lami kengaydi. Shaxsiy kartochkalarda saldo qatorlarini hisoblash kabi murakkab jarayonlar 10 barobar tezlashdi. Masalan, ilgari respublika bo‘yicha hisoblashga 24 soat ketgan bo‘lsa, endilikda bu jarayon 2-3 soatda amalga oshirilmoqda. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Kiberhujumdan himoya, biznes-analitika texnologiyalari joriy qilindi. «e-ijara», «e-imtiyoz», «Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari», «Soliq tekshiruvlari», «Avtomatlashtirilgan kameral nazorat tizimi», «Soliq uzilishi koeffitsiyenti» kabi yangi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqildi.

Bu markazni mamlakatimiz soliq tizimining «miyasi» deyish mumkin. Bu yerga barcha soliq to‘lovchilarning ma’lumotlari integratsiya qilingan. 50 nafarga yaqin malakali mutaxassis soliq aylanmasini onlayn rejimda kuzatib, masofadan tezkor xizmat ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari markazdagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring