Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elchi: «Ozarbayjon madaniyati va san’atini qadrlagani uchun o‘zbek xalqidan minnatdorman»

Elchi: «Ozarbayjon madaniyati va san’atini qadrlagani uchun o‘zbek xalqidan minnatdorman»

Ozarbayjonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev bilan suhbat.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali uchun maxsus

— Ko‘p yillardan beri diplomat sifatida O‘zbekistonda ishlamoqdasiz. Sizni bemalol O‘zbekiston bo‘yicha ekspert deyish mumkin. Ozarbayjonliklarni O‘zbekiston erishayotgan yutuqlar haqida mamlakatingizning axborot agentliklari orqali muttasil xabardor qilib kelasiz. Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi sifatida ish boshlagan kunlaringizdan bunga guvohmiz. Shuningdek ko‘plab o‘zbek axborot agentliklarida sizni mamnuniyat bilan kutib olishadi. O‘zbek jurnalistlari siz bilan har doim samimiy, do‘stona, birodarlarcha suhbatlashishadi. Husayn Rizoyevich, sizga o‘zbekona qilib Husayn aka deb murojaat qilishimga ijozat bersangiz.

— Albatta ruxsat beraman. Marhamat. O‘zbekistondagi do‘stlarim meni har doim Husayn aka deb atashadi. Bu menga yoqadi, boshim ko‘kka yetadi. O‘zbekistonda shunday do‘stona munosabatni va hurmat-e’tiborni his etish men uchun sharaf.

— Rahmat, Husayn aka. Diplomatik korpus tomonidan sizning rahbarligingizda O‘zbekistonda olib borilayotgan madaniy-gumanitar faoliyat hurmatga loyiq. Ayting-chi, ozarbayjonliklarning hozirgi O‘zbekistonga munosabati qanday, ozarbayjonlar va o‘zbeklarga xos qanday umumiy jihatlarni ayta olasiz?

— Birinchidan, ozarbayjonlar hamisha va hamma joyda o‘zbeklarni o‘zlarining birodarlari deb bilishgan, menimcha bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Ikkinchidan, bizning tomirimiz bir, biz — turkiy xalqmiz. Uchinchidan, tarixiy va madaniy jihatdan o‘zbeklar va ozarbayjonlar bir-biriga juda yaqin. Ajdodlarimiz ming yillar mobaynida do‘stona bordi-keldi qilishgan, bu xalqlarimizning bir-biriga bo‘lgan munosabatida yorqin iz qoldirmasligi mumkin emas edi.

Xalqlarimizning mushtarak jihatlari haqida jild-jild kitoblar yozish mumkin. Tiynatimiz yoki urf-odatlarimizdagi har bir o‘xshashlik haqida alohida akademik tadqiqot o‘tkazsa bo‘ladi. Men o‘zbeklarning o‘zim duch kelgan va menga juda yoqqan jihatlari haqida gapirmoqchiman.

1920-yillarning o‘rtalarida, Toshkent «non shahri» deya shuhrat qozonganida, mintaqa unumdor, serhosil zamin timsoliga aylangan va haqiqatan ham Volgabo‘yidagi ocharchilikdan azob chekayotgan yuz minglab insonlarni bag‘riga olgan edi. Ikkinchi jahon urushi yillari Toshkent yana qutqaruvchilik missiyasini zimmasiga oldi. Yetim qolgan bolalar Toshkentdan boshpana topishdi. Evakuatsiya qilingan 300 mingdan ziyod boladan bittasi ham yetimxonalarga tushmadi. O‘zbek oilalari ularni vokzaldan to‘g‘ri o‘z uylariga olib ketishdi. 15-19 nafar yetim bolalarni tarbiyalagan oilalar bor. Shu bois Toshkent tinchlik, do‘stlik, ezgulik shahri sifatida nafaqat butun ittifoqda, balki butun dunyoga mashhur bo‘lib ketdi. Toshkentning mashhur sifatlariga qo‘shimcha qilib men uni yuzidan tabassum arimaydigan odamlar shahri deb atagan bo‘lardim. Negaligini asoslashga harakat qilaman.

Masalan, menga o‘zbek yoshlarining xushmuomalaligi, kattalarni hurmat qilishi yoqadi. Har kuni erta tongda toza havoda zaryadka qilgach o‘zim yashaydigan mahalla ko‘chalarida sayr qilaman. Toza havoda zaryadka qilish — yoqimli ermak. Buning ustiga tonggi Toshkent havosining tengi yo‘q. Shunday qilib mahalla bo‘ylab sayr qilar ekanman, ertalabdan maktabiga shoshayotgan o‘quvchilarni, jujuqlarini bog‘chaga olib ketayotgan ota-onalarni uchrataman yoki ko‘chada har xil o‘tkinchilarga duch kelaman va ular menga albatta butun Sharqda bo‘lganidek «Assalomu alaykum» deb salom berishadi. Men ham har doim «Vaalaykum assalom» deb alik olaman. Ular jilmayishadi va ehtirom bilan o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib yonimdan o‘tib ketishadi.

O‘zbekistonga kelgan ilk kunlarimda bundan hayratlanganman. Ular meni tanishmasa, tabassum bilan, buning ustiga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashishi nimasi deb o‘ylaganman. O‘zbek do‘stlarimdan so‘rab-surishtirib o‘zbek xalqi xarakterining ajoyib jihatlari haqida bilib olganman. O‘zbekistonda qarindoshingiz yoki tanishingiz bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar hamma kattalarga shunday ehtirom ko‘rsatilar ekan. Ota-onalar farzandlariga yoshligidan shunday tarbiya berishar ekan. O‘zbekona odobga ko‘ra yoshi kichiklar yoshi kattalarga hurmat ko‘rsatib, uchrashganda har doim birinchi bo‘lib salom berishlari shart.

Qizig‘i shundaki, men ham o‘zbeklar etnomentalitetining bu jihatini asta-sekin o‘zlashtirib oldim. Endi har kuni ertalab mahalla ko‘chalarini sayr qilayotganimda ota-onalar va o‘quvchilar bilan uchrashib qolsak bir-birimizga iltifot ko‘rsatib, salomatlik haqida, oila, obihavo to‘g‘risida gaplashamiz. Ular bilan har kuni ko‘rishamiz. Men o‘zim bunday o‘zbekona xushmuomalalikka o‘rganib qoldim va bu menga juda ma’qul. Endi yoshlardan kimdir yonimdan indamay o‘tadigan bo‘lsa nega men bilan so‘rashmadi deb hayron qolaman. Hatto tanbeh bergan paytlarim bo‘ldi. Yoshlar esa yuzida tabassum bilan «Oqsoqol, siz haqsiz, yonimdan o‘tayotgan yoshullini qanday qilib ko‘rmay qoldim-a» deb uzrxohlik qilishdi. Halimlik, xushmuomalalik, yuzdagi doimiy tabassum o‘zbeklarning qon-qoniga singib ketgan. O‘zim har kuni shunga guvoh bo‘laman.

— Ha, siz haqsiz. Ammo bunday xayrixohlik, xushmuomalalik — ozarbayjon xalqiga ham xos xususiyatlar. Ozarbayjonlar va o‘zbeklar — qardosh xalqlardir. Hozirgi vaqtda sizlarda ham, bizlarda ham ikki taraflama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muloqot o‘rnatishni xohlovchi universitetlar, institutlar, ommaviy axborot vositalari ko‘p. Shundan kelib chiqib xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish uchun Ozarbayjon elchixonasi qanday siyosiy, madaniy-gumanitar tadbirlarni amalga oshirmoqda?

— Do‘stlarimiz uchun Ozarbayjonning Toshkentdagi elchixonasining eshiklari doim ochiq. Kim Ozarbayjon bilan madaniy-gumanitar aloqalarni yo‘lga qo‘yishni xohlasa biz qo‘llab-quvvatlashga, yordam berishga tayyormiz. Ozarbayjon OAVlari, universitetlari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan muloqot qilish uchun hech qanday byurokratik to‘siqlar yo‘q. O‘zbekistonliklarni Ozarbayjon madaniyati va ilm-fani bilan tanishtirish bo‘yicha bizning maxsus rejamiz bor. Shuningdek biz ozarbayjonliklarni o‘zbek madaniyati va ilm-fani bilan muntazam ravishda tanishtirib boramiz. Xalqlarimiz bu borada doimiy aloqada bo‘lib turishi biz uchun juda muhim.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi bordi-keldini, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish maqsadida Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi qoshida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyati markazi faoliyat ko‘rsatmoqda, u Toshkentdagi Haydar Aliyev ko‘chasida joylashgan.

Markazda kompyuter dasturlari va ozarbayjon tilini o‘rgatish kurslari mavjud. Ozarbayjon tilini Ozarbayjonning mashhur muallimi Salama Fataliyeva o‘rgatadi. To‘garaklar (raqs, rasm, hunar) ishlab turibdi. Markaz qoshida «Ozarbayjon» musiqiy guruhi va «Ozarbayjon qizlari» raqs ansambli tuzilgan, ularga Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Kokab Aliyeva rahbarlik qiladi.

Shuningdek bizning madaniyat markazimizda anjumanlar zali, kutubxona, uchta muzey ishlab turibdi, bular Haydar Aliyev muzeyi, Ozarbayjon davlatchiligi tarixi muzeyi, Ozarbayjon va O‘zbekistonning umumiy tarixi muzeyidir. Ozarbayjon madaniyat markazida ko‘hna ozarbayjon kiyimlari va zamonaviy raqs jamoalari uchun kiyimlar saqlanadi.

Ta’kidlash joizki, ushbu markazda do‘stlik va birodarlik missiyasini Ozarbayjonning tajribali ma’rifatparvari va madaniyat xodimi, ilgari prezident devoni kutubxonasida ishlagan Samir Abbosov bajaradi. Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligining buyrug‘i bilan u 2013 yilning fevralidan  Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazining direktori lavozimiga tayinlangan edi. U Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasining madaniyat, turizm, fan, ta’lim va diaspora masalalari bo‘yicha birinchi kotibi ham hisoblanadi.

O‘zbekistondagi madaniy-gumanitar faoliyatimiz haqida batafsil ma’lumot olishni xohlovchilar elchixonamiz qoshidagi Ozarbayjon madaniyat markazining saytiga kirishlari mumkin.

— Ozarbayjonlar va o‘zbeklarning fan, madaniyat, adabiyot va san’at sohasidagi an’anaviy aloqalari ko‘p asrlik tarixga ega. Ozarbayjonlar o‘zbek san’atini yaxshi ko‘rishadi, O‘zbekistonda esa to‘ylar ozarbayjon qo‘shiqlarisiz o‘tmaydi, hech bo‘lmasa bir nechta ozarbayjoncha qo‘shiq yangraydi. Husayn aka, nima deysiz, Ozarbayjon va O‘zbekistonning fan, madaniyat, adabiyot va san’at arboblari ishtirokida qo‘shma ijodiy kechalar uyushtirish vaqti kelmadimi?

— To‘g‘ri aytdingiz, allaqachon vaqti kelgan. Biz ushbu loyiha ustida ishlayapmiz. Hatto bu borada qiladigan ishlarimizni rejalashtirib ham olganmiz. Ozarbayjonda ham shunga ehtiyoj bor.

Ha, siz haqsiz, o‘zbek to‘ylarida mashhur ozarbayjon qo‘shiqlari tez-tez ijro etib turiladi, lekin ta’kildash joizki, ozarbayjon to‘ylari ham Xorazm «Lazgi»si, «Qorako‘z» va «Barigal»siz o‘tmaydi. Mana bir necha yildirki, Bokuda o‘tkaziladigan maqomchilar xalqaro tanlovida o‘zbek maqomlarining ijrochilari sovrinli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Tanlov butun Ozarbayjon bo‘yicha translyasiya qilinadi. O‘zbek artistlarining Ozarbayjondagi gastrollari anshlag bilan o‘tadi. Oldindan tayinlab qo‘ymasangiz o‘zbek artistlarining Bokudagi konsertlariga bilet topib bo‘lmaydi.

Toshkentdagi do‘stimning o‘g‘lining to‘yida bo‘lganimda o‘zbek artistlari ozarbayjon qo‘shiqlarini ijro etganini ilk bor eshitganman. Avvaliga bu Ozarbayjondan kelgan mehmon sharafiga uyushtirildi deb o‘ylaganman. Ammo mana besh yildan ziyod vaqt mobaynida O‘zbekistonda yashab ishlayapman, meni o‘zbek to‘ylariga tez-tez taklif etib turishadi, endi o‘zbek to‘ylarida ozarbayjoncha qo‘shiqlar yangrashi odatiy hol ekanligini yaxshi bilaman. Ozarbayjon xalqining madaniyati va san’atini shunchalik qadrlagani uchun o‘zbek xalqidan bag‘oyat minnatdorman.

— Hammaga ma’lumki, O‘zbekiston geografik jihatdan Osiyo qit’asining qoq markazida joylashgan bo‘lib, madaniy-siyosiy tarafdan Markaziy Osiyoning yuragi hisoblanadi, Ozarbayjon esa Osiyo va Yevropa tutashgan hududda joylashgan. Oxirgi yillarda ikkala mamlakatda ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, sizningcha Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarning qaysi yo‘nalishlarini biz jadal rivojlantirishimiz mumkin?

— O‘zbekiston faqat geografik jihatdangina Markaziy Osiyoning yuragi hisoblanmaydi. O‘zbekiston — Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng muhim figuradir, uning ishtirokisiz hech bir masalani hal qilib bo‘lmaydi.

Sizga ma’lumki, Janubiy Kavkaz mintaqasida Ozarbayjon O‘zbekistonning asosiy sherigi hisoblanadi, bu geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatdan juda muhim. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda davlatlarimiz orasida o‘zaro siyosiy ishonch qaror topgan, ikkala davlat ham xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab kelmoqda. Lekin biz bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oqilona, uzoqni ko‘zlab siyosat yuritayotganligi tufayli mamlakatda va butun mintaqada tinchlik va barqarorlik mustahkamlanishiga erishilmoqda. Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kirishishi bilan qo‘shnilar bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha bir qator choralar ko‘rildi. Ular mamlakatning salohiyatini ancha mustahkamladi, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bordi-keldi, oldi-berdilar ko‘paydi.

Mamlakatga investitsiyalarni jalb qilish uchun prezident Mirziyoyev tomonidan erkin iqtisodiy zonalar tuzildi. Ular har qanday ko‘lamdagi, shu jumladan kichik biznesni yuritish uchun soliq, boj, kredit imtiyozlari bo‘lgan maxsus iqtisodiy makonlar hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda uchta: «Navoiy», «Angren», «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalari mavjud. Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning ancha-muncha soliq yukidan xalos qilinganligi ularning jadal rivojlanishi uchun keng imkoniyat yaratadi, bu ayniqsa ustav jamg‘armasida xorijiy investitsiyalar bo‘lgan korxonalar uchun zo‘r imkoniyatdir. 

Albatta, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ikkitomonlama munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Hozir bu yo‘nalishda sezilarli darajada siljish kuzatilayapti. Shu bilan birga biz iqtisodiy hamkorlikning mavjud imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun ikki taraf ham sa’y-harakatlarini kuchaytirishi kerak deb hisoblaymiz.

Sheriklik aloqalarini kuchaytirib O‘zbekiston va Ozarbayjon ishbilarmonlari investitsion hamkorlik ko‘lamini kengaytirishlari mumkin, bu savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni ikki barobar oshirish imkonini beradi. Bunda o‘zbek-ozarbayjon hukumatlararo qo‘shma komissiyasi faoliyatini jonlantirish, O‘zbekiston va Ozarbayjonning iqtisodiy imkoniyatlarini namoyish etuvchi taqdimotlar, biznes-forumlar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish muhim ahamiyatga ega. Qo‘shma komissiya hali ishga solinmagan va yangi imkoniyatlarni aniqlash, hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yo‘llarini belgilab olish, ikki tomon uchun ham foydali bo‘lgan loyihalarni ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.

Iqtisodiy forumlar yangi shartnomalar tuzish bilan birga ishbilarmonlar ikki davlatning imkoniyatlari haqida ko‘proq narsalar bilib olishiga ham xizmat qiladi. Bank-moliya sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, eksport qilinadigan tovarlar va xizmatlar ro‘yxatini tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak. Biznesmenlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirishda bu ham muayyan rol o‘ynaydi.

Masalan, shu yilning 20 fevral kuni O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi va Ozarbayjon ishbilarmonlari milliy konfederatsiyasi tomonidan ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida o‘zbek-ozarbayjon biznes-forumi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi. Bu ishbilarmonlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha turtki bo‘ldi. Ozarbayjon delegatsiyasi tarkibida qurilish, oziq-ovqat, dasturiy ta’minot, turizm, moliya, to‘qimachilik va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatuvchi kompaniyalarning vakillari bor edi. Forum o‘zbek bozoriga ozarbayjon mahsulotlarining kirib kelishi, ishbilarmonlar bilan aloqa o‘rnatish va O‘zbekistondagi investitsion muhit namoyishi uchun maydon vazifasini o‘tadi.

Forum doirasida O‘zbekiston SSP va Ozarbayjon IMK o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ta’kidlash joizki, qisqa davrda ko‘p ishlarni qilishga erishildi.

Ozarbayjon Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va iqtisodiy va strategik jihatdan ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lgan O‘zbekistonning imkoniyatlaridan foydalanishdan manfaatdordir. Savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni rivojlantirish O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sanaladi. Ko‘p qirrali sheriklik shartnoma va bitimlarda o‘z ifodasini topgan ulkan huquqiy bazaga asoslanadi.

2017 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi atigi 31,2 mln. AQSh dollariga, shu jumladan eksport 26,2 mln. AQSh dollariga, import esa bor-yo‘g‘i 4,9 mln. AQSh dollariga teng bo‘ldi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar masalasida shuni aytish kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston hududida 84 ta ozarbayjon korxonasi faoliyat ko‘rsatayapti. Shundan 71 tasi qo‘shma korxonalar bo‘lsa, 11 tasi yuz foiz Ozarbayjon kapitali asosida ishlovchi korxonalardir. Ushbu korxonalar asosan savdo, mashinasozlik va metalni qayta ishlash, moliya va sug‘urta, ko‘chmas mulk operatsiyalari, energetika, xizmat ko‘rsatish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va ta’mirlash, oziq-ovqat, yengil sanoat sohalarida faoliyat ko‘rsatadi.

Ozarbayjon sayyohlik biznesida ulkan tajribaga ega. Ayni paytda O‘zbekiston ham turizmni rivojlantirish choralarini ko‘rmoqda. Siz mamlakatlarimizning ushbu sohadagi hamkorligining istiqboliga qanday ta’rif berasiz?

— Bugungi kunda turizm sohasidagi o‘zbek-ozarbayjon munosabatlari jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston Ozarbayjon uchun eng muhim sayyohlik bozorlaridan biri hisoblanadi. Bizning kompaniyalarimiz nafaqat Toshkentning, balki bir qator mintaqalarning sayyohlik tashkilotlari bilan ham muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

Aytish joizki, Ozarbayjonga keluvchi o‘zbekistonlik sayyohlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda. 2013 — 2014-yillarda O‘zbekistonning 14 mingga yaqin grajdani Ozarbayjonda bo‘ldi, 2016 yilda esa bu ko‘rsatkich 19 mingdan oshdi, 2017 yilda esa bu raqam kutilganidek yana biroz ko‘paydi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi haftasiga ikki marta Bokuga reyslarni amalga oshiradi, ularga talab juda katta. Shu bois zaruratdan kelib chiqib biz «Azerbaijan Airlines – AZAL» aviakompaniyasining vakolatxonasini ochishga majbur bo‘ldik. 2018 yil 30 iyundan Bokudan Toshkentga va Toshkentdan Bokuga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar boshlandi. Reyslar haftada bir marta — shanba kunlari amalga oshiriladi. Shunga qaramay Toshkent va Bokuga bilet topish juda qiyin, talabgorlar ko‘p. Sayyohlik mavsumida hatto mening o‘zim bilet sotib olish uchun bir oy kutishimga to‘g‘ri keldi. Biletlarga oldindan buyurtma berib qo‘yish kerak. Har bir reysda samolyotlar odamga to‘lib uchadi. Shundan kelib chiqib 1 avgustdan parvozlar sonini haftasiga to‘rttaga yetkazish rejalashtirilayapti. Haftasiga ikki marta — dushanba va payshanba kunlari reyslarni «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi bajaradi, chorshanba va shanba kunlari esa «Azerbaijan Airlines – AZAL» aviakompaniyasi samolyotlari uchadi.

Ozarbayjon xalqi O‘zbekistonning ulkan turistik salohiyati, tarixiy yodgorliklari haqida yaxshi biladi. Toshkentning chiroyli ko‘chalari, Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Ichanqal’a, qadimiy Buxoro, qal’alar, madrasalar va Qo‘qon xonlarining o‘rdasi butun dunyoga mashhur.

— Sizning yaqinda «Eurasia Diary» xalqaro axborot-tahliliy portalida e’lon qilingan intervyungiz jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu intervyuni o‘zbek axborot portallari ham e’lon qildi. Siz o‘quvchilarga o‘zbek diplomatiyasining yutuqlari haqida mazmunan boy va aniq ma’lumot bergansiz. Shu bilan birga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faoliyatini chuqur tahlil qilgansiz.

Hurmatli Husayn aka, portalimizda siz bilan suhbat e’lon qilinganidan so‘ng ko‘plab o‘quvchilarimiz ularni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning siyosiy portreti bilan tanishtirishingizni so‘rashmoqda. Bizga Ilhom Aliyevning faoliyati haqida gapirib bersangiz.

— Shubhasiz, Ilhom Aliyev postsovet hududidagi eng pragmatik davlat arboblaridan biri hisoblanadi. Uning siyosiy yo‘lini kuzatib bunga amin bo‘lish mumkin. Ilhom Aliyev davlat rahbari sifatida yuritayotgan siyosatni tahlil qilib shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Ozarbayjon prezidentining ichki va tashqi siyosatdagi strategiyasi, uning harbiy, sanoat, madaniyat, sport va axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlari Ozarbayjon taraqqiyotida juda ulkan rol o‘ynadi.

Prezident Ilhom Aliyevning samarali faoliyati tufayli Ozarbayjonda tub o‘zgarishlar yuz berdi, mamlakatning iqtisodiy manzarasi butkul o‘zgardi, bizning davlatchiligimiz hech qachon bugungidek qudratli bo‘lmagan.

Ilhom Aliyevning tashabbuslari Ozarbayjonning, mintaqaning, Yevrosiyo makonining iqtisodiy manzarasini o‘zgartirmoqda, xalqning ruhan yuksalishining qudratli omiliga aylanayapti, chunki ozarbayjon xalqi o‘z yo‘lboshchisini doimo yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ilhom Aliyev ilgari surgan multikulturalizm g‘oyasi Ozarbayjonda har doim turmush tarzi hisoblangan, ozarbayjonlar asrlar davomida boshqa din va madaniyatlarga toqat, hurmat bilan qarashgan, bag‘rikenglik qilishgan, xalqimizga xos ushbu xislat tufayli bugungi kunda islomiy birdamlik va jahondagi madaniyatlararo muloqot sohalarida Ozarbayjonga katta e’tibor qaratiladi. Ozarbayjonda yirik xalqaro tadbirlar – Yevropa o‘yinlari, Islom o‘yinlari, global forumlarning o‘tkazilishi — Ozarbayjon jahon maydonida yuksak nufuzga egaligining isbotidir.

Ilhom Aliyev fenomenini o‘rganish hozirgi siyosatshunoslik fani uchun muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlamoqchiman. Shu munosabat bilan Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi ila yozuvchi, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Milliy majlis deputati Elmira Oxundovaning Toshkentdagi «Mashhur press» nashriyotida o‘zbek tilida chop etilgan «Ilhom Aliyev. Prezidentning o‘zgarishlar fonidagi portreti» kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Kitob O‘zbekistonda katta qiziqish bilan kutib olindi. Bu jahon miqyosidagi siyosatchi bo‘lmish Ilhom Aliyevning hayoti va faoliyatiga oid hujjatli materiallar va boshqa manbalardan foydalangan holda yillar davomida yozilgan akademik asardir. Menimcha, bu kitob O‘zbekiston tarixchilari, publitsistlari va siyosatchilari uchun foydali manba bo‘ladi.

— Shubhasiz, har bir davlat taraqqiyoti uchun tinchlik va barqarorlik g‘oyat muhim ahamiyatga ega, Ozarbayjon haqida gap ketganda ko‘z oldimizda ravnaq topayotgan, tinch mamlakat namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, afsuski, Tog‘li Qorabog‘ muammosidan ham xabardormiz, juda ko‘plab ozarbayjon birodarlarimizning dardini yaxshi tushunamiz. O‘zbekiston — har qanday mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori, ayni paytda biz Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu borada O‘zbekistonning pozitsiyasi qat’iy va o‘zgarmasdir. Bugungi kunda ushbu ko‘p yillik mojaroni hal qilish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

— Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjonning tarixiy va qonuniy ajralmas qismi hisoblanadi. Jahon hamjamiyati ushbu rad qilib bo‘lmas haqiqatni allaqachon tan olgan. Haqiqatan, Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Ozarbayjonning 20 mingdan ko‘proq harbiy xizmatchisi va noharbiy aholisi o‘ldirildi, 200 mingdan ziyod kishi jarohatlandi va mayib qilindi. Mazkur mojaroning oqibatlari qayg‘uli va fojialidir. Tog‘li Qorabog‘dan, Armanistondan va bosib olingan yettita tumandan quvg‘in qilingan ozarbayjonlar soni 1 milliondan oshadi. Ozarbayjon Respublikasining 20 foizcha hududi, 946 ta aholi punkti bosib olingan.

BMT Xavfsizlik kengashining 1993 yili qabul qilingan to‘rtta: 822, 853, 874, 884-rezolyusiyasi, BMT Bosh assambleyasi qabul qilgan uchta: 48/114, 62/243, 60/285-rezolyusiya, Islom konferensiyasi tashkilotining 1993 yil 25 — 29-aprel kunlari qabul qilingan 12/21-R, 1994 yil 10 — 12-dekabr kunlari qabul qilingan 16/22-Ye, 2003 yil 28 — 30-may kunlari qabul qilingan 10/30-S rezolyusiyalari, Yevropa ittifoqi 1993 yil 3 sentyabr kuni qabul qilgan rezolyusiya, Yevropa parlamenti 2010 yil 20 may kuni qabul qilgan 2216-rezolyusiya, Yevropa kengashi parlament assambleyasining 1995 yil 15 martdagi 1059-rezolyusiyasi, 1997 yil 22 apreldagi 1119-rezolyusiyasi, 2005 yil 25 yanvardagi 1416-rezolyusiyasi Ozarbayjon Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini, xalqaro chegaralarning buzilmasligini va uning qonuniy hududlarini zo‘rlik bilan bosib olinishiga yo‘l qo‘yilmasligini tasdiqladi.

Taassufki, barcha rezolyusiyalarda Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tan olinganiga va urushni to‘xtatish, Ozarbayjon hududidan bosqinchi arman qo‘shinlarini to‘liq va so‘zsiz olib chiqib ketish talab qilinganiga qaramay bugungi kungacha arman tarafi xalqaro huquq normalarini inkor qilib, turli xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan yuqoridagi rezolyusiyalarning talablarini bajarmasdan kelmoqda. Garchi BMT ustaviga (25, 48-moddalar) binoan Xavfsizlik kengashining rezolyusiyalari yuridik jihatdan bajarilishi majburiy bo‘lib, BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bajarilishi shartligiga, qatiy hisoblanib, ular ustidan shikoyat qilish mumkin emasligiga qaramay real xalqaro vaziyatda va haqiqatda bunday huquqiy tartib qo‘pol ravishda buzilmoqda, jahonda yuz berayotgan o‘nlab davlatlararo qurolli to‘qnashuvlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Tog‘li Qorabog‘da joylashgan ayirmachi guruhlar 2016 yil 2 aprel kuni qo‘shinlarni ajratib turgan chiziq yaqinida ozarbayjonlar zich yashaydigan hududlarni, shu jumladan maktablar, shifoxonalar, masjidlarni to‘pga tutib, mashhur aprel voqealari yuz berishiga sababchi bo‘lishdi.

Ayirmachilarning mas’uliyatsizlik bilan qilingan hujumi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi, 33 kishi jarohatlandi, ular orasida bolalar ham bor edi. Ozarbayjon qurolli kuchlari dushmanga qilmishiga yarasha zarba berdi, qarshi hujum natijasida strategik jihatdan muhim pozitsiyalar dushmandan ozod qilindi.

Aprel voqealari yuz bergan vaqtda boshqa organlar bilan hamkorlikda Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi jahon afkor ommasiga Ozarbayjon haqidagi haqiqatni yetkaza oldi, mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari va konsulxonalari ushbu jarayonga faollik bilan qo‘shilib, o‘zlari akkreditatsiya qilingan mamlakatlarning rasmiy vakillari va jamoatchiligini xabardor qilishdi. Jahonning nufuzli ommaviy axborot vositalarida Ozarbayjonning adolatli nuqtai nazarini aks ettiruvchi ko‘plab maqolalar e’lon qilindi, efirda foto va videoreportajlar ko‘rsatildi.

Xalqaro hamjamiyat mavjud holat(status-kvo)ning saqlanishi va Ozarbayjonning bosib olingan hududlarida ayirmachi qo‘shinlarning hozir bo‘lishi mojaro zonasidagi keskinlikning asosiy sababi hisoblanishi va muammoni siyosiy yo‘l bilan hal etish borasida asosiy to‘siq bo‘lib qolayotganiga yana bir bor amin bo‘ldi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Minsk guruhining davlat boshliqlari darajasidagi hamraislari mavjud vaziyatning nomaqbulligi va o‘zgaruvchanligi haqida bir necha marta bayonot bilan chiqishdi. Ozarbayjon hozirgi vaziyat o‘zgarishidan ko‘proq manfaatdor taraf sanaladi.

Strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan, ammo muntazam davom etib turadigan to‘qnashuv va otishmalarga qaramay «na tinchlik, na urush» holati yuzaga kelgan edi. Erishilgan umumiy osoyishtalik 2016 yilning aprelida vaziyat nihoyatda keskinlashuviga qadar davom etdi, o‘shanda 4 kun ichida Ozarbayjon qurolli kuchlari ilgari bosib olingan hududlarning 2 ming gektarini strategik muhim tepaliklar bilan birga dushmandan tortib oldi. Qorabog‘da 2016 yil aprel oyida yuz bergan qurolli to‘qnashuv natijasida ozarbayjon tomoni strategik jihatdan muhim bo‘lgan Lalitepa tepaligini egallashga muvaffaq bo‘ldi. 1993 yilda, Qorabog‘ urushida ushbu hududlar ayirmachi qurolli tuzilmalar tomonidan bosib olingan edi.

Bosib olingan ushbu hududlar ozod qilinganidan so‘ng 2017 yil 24 yanvar kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev qishloqni tiklash bo‘yicha qilinadigan ishlar haqidagi farmoyishni imzoladi. Farmoyishga binoan, tiklash ishlari doirasida dastlabki bosqichda 50 ta alohida uy, maktab va kerakli tuzilmalarning binolarini qurish uchun prezidentning zaxira fondidan katta miqdorda pul ajratildi. Bultur 11 ta o‘zbek jurnalisti front yonidagi zonaga kelib, bosqinchilardan ozod qilingan qishloqni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi, Ozarbayjon qurolli kuchlari va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi armiyasini ajratib turgan chiziq yaqinida joylashgan Ozarbayjonning Jabroil tumani Chujuqmarjonli qishlog‘ida olib borilayotgan tiklash ishlarining ko‘lami bilan tanishishdi.

Bundan tashqari, alohida umumqo‘shin armiyasining maxsus topshiriqlarni bajaruvchi qo‘shinlari 2018 yil 6 — 7-iyun kunlari Naxchivonda neytral zona bo‘ylab olg‘a siljib, yangi tepaliklarni, shu jumladan Sharur tumanidagi Qizilqoya tepaligini ozod qilishdi. Buning natijasida 1992 yildan buyon arman armiyasining nazoratida bo‘lgan Gunnut qishlog‘i dushmandan tozalanib, g‘anim o‘q yetmas masofagacha surib tashlandi. Bundan tashqari ozarbayjon armiyasi Yerevan — Goris — Lochin yo‘lini nazorat qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Natijada ilgari bosib olingan 11 ming gektar yer dushmandan ozod qilindi.

Ko‘p yillik samarasiz muzokaralar, son-sanoqsiz deklaratsiyalar Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilishda deyarli hech qanday foyda bermadi. Hozirgacha Armaniston o‘zining Ozarbayjonning ichki ishlariga aralashganini va suveren davlatning hududiy yaxlitligini buzishda ishtirok etganini inkor qilib, Tog‘li Qorabog‘ muammosini hal qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan muzokaralarda o‘zining destruktiv pozitsiyasini namoyish etib kelmoqda.

Bizning yosh jurnalistlarimiz ham Ozarbayjon haqida ko‘p narsalarni shaxsan o‘zingizdan bilib olishni xohlaydi. Ularning ko‘pchiligi siz bilan yaqindan tanishishni va Ozarbayjonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev bilan do‘stona suhbat qurishni istaydi. Shu bois ayting-chi, siz bilan O‘zbekistonning yetakchi axborot agentliklarining bir nechta yosh jurnalistlari ishtirokida qachon matbuot anjumani uyushtirishimiz mumkin, agar shunday matbuot anjumanini uyushtirish mumkin bo‘lsa siz qaysi mavzularni tanlagan bo‘lar edingiz?

— Men o‘zbek do‘stlarimiz bilan uchrashishdan har doim xursand bo‘laman. Har doim o‘zbek jurnalistlariga aytar gapimiz bo‘ladi. Shu bois O‘zbekistonning yosh jurnalistlari uchun matbuot anjumanini mamnuniyat bilan uyushtiramiz. O‘z navbatida sizga Ozarbayjonning atoqli davlat arboblari, parlament deputatlari, ozarbayjon madaniyati va san’ati arboblari ishtirokida matbuot anjumanlari uyushtirishni va’da qilishim mumkin. Chunki ular go‘zal O‘zbekistonning doimiy mehmonlaridir.

Husayn aka, shunday maroqli va mazmunli suhbat uchun sizga katta rahmat! Suhbatimiz so‘ngida o‘zbek o‘quvchilariga aytar gaplaringiz bormi?

— Men barcha o‘zbekistonliklarga oilaviy baxt, xotirjamlik va farovonlik tilayman. O‘zbekistonliklar hamma narsaga o‘z mehnatsevarligi va insoniyligi bilan erishadigan buyuk va mard xalq ekanligini har doim yodda saqlashlarini istayman. Omon bo‘ling.

Ozarbayjonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor

 elchisi Husayn Guliyev bilan

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali bosh muharriri

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring