O‘zbekistonning Irlandiyadagi yangi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Irlandiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangan Ravshan Usmonov (qarorgohi London shahrida) ushbu mamlakat Tashqi ishlar va savdo vazirligi Protokol departamenti rahbari Ralf Viktorga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Irlandiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalaridagi aloqalarni jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, farmatsevtika hamda qayta tiklanuvchi energiya sohalari istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Suhbat yakunlari bo‘yicha Irlandiya tomoni O‘zbekiston elchisiga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va kengaytirish borasidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Ma’lumot uchun, Ravshan Usmonov 2023-yil 14-noyabr kuni O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi sifatida London shahriga kelgan edi. 2024-yil 16-may kuni u Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Charlz III ga ishonch yorliqlarini topshirgan. 2025-yil fevral oyida esa mamlakatimizning Islandiyadagi ilk elchisi sifatida prezident Xalla Tomasdottirga ishonch yorliqlarini taqdim etgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter