Toshkentda piyodaning o‘limiga sababchi bo‘lgan avtobus haydovchisi 5 yilga qamaldi
2023-yil 19-iyulda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida «Yutong» avtobusi urib ketgan piyoda vafot etgani haqida xabar qilingandi. Yakkasaroy tuman sudida haydovchiga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» nashri.
Sud hujjatiga ko‘ra, 19-iyul kuni soat 16:30 da Bobur ko‘chasida avtobus haydovchisi A.D. chap tizmaga o‘tayotganda orqani ko‘rsatuvchi chap oynaga qarab, 2−3 soniya to‘g‘ri yo‘lga qaramasdan chalg‘ib qolgan. Shu vaqt yo‘ldan o‘tayotganda qatnov qismida belidan tushib qolgan ratsiyasini olish uchun o‘tayotgan G. K.ni urib yuborgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga olib borilgan. Biroq tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramasdan u vafot etgan.
Sudda haydovchi qilmishidan pushaymon ekanini va aybiga to‘liq iqrorligini, shuningdek, piyodaning oila a’zolariga 8,3 million so‘m moddiy yordam berganini ma’lum qildi. U suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘radi.
Sudda jabrlanuvchining qonuniy vakili va turmush o‘rtog‘i A.M. unga 70 million so‘m moddiy va ma’naviy zararlarni undirib berishni va sudlanuvchi A.D.ga nisbatan qonun doirasida jazo tayinlashni so‘rab, ko‘rsatuv berdi.
Yakunda sud sudlanuvchi A.D.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam vafot etishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Unga nisbatan 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tashlik belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonda 5772 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan. Ularda 5448 kishi jarohatlangan, 1415 kishi halok bo‘lgan. Yetti oylik statistikada esa YTH oqibatida vafot etganlar soni 1115 nafar edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter