Pentagon maxfiy hujjatida Putinning xastaligiga doir ma’lumot borligi ma’lum bo‘ldi
O‘tgan hafta internetga sizdirilgan AQSh maxsus xizmatlariga tegishli maxfiy hujjatlarni tadqiq etish davom etmoqda. Germaniya nashrlari AQSh mudofaa vazirligi vakillari tayyorlagani aytilayotgan hujjatlardan birini o‘rganib chiqdi. Unda Rossiya prezidenti Vladimir Putin onkologik xastalikka chalingani bayon qilingan.
Maxfiy hujjatda qayd etilishicha, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Rossiya armiyasi bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov Ukraina urushini tezroq yakunlash uchun sabotaj uyushtirishga harakat qilgan. Shu maqsadda ular Ukrainadagi qo‘shinni janubga ko‘chirishni rejalashtirgan. N.Patrushev va V.Gerasimov ushbu rejani amalga oshirish uchun Vladimir Putin kimyoviy muolaja oladigan 5 mart sanasini belgilagan. Keyinroq bosh shtab rahbari ushbu rejadan voz kechgan. Maxfiy hujjatda holatga doir boshqa tafsilotlar keltirilmagan.
G‘arb matbuoti Putin kasal ekani haqida bir necha yildan beri yozib keladi. Masalan, AQShning Newsweek nashri 2022 yilda josuslik idorasidagi manbalariga tayanib Rossiya prezidenti kuchayib borayotgan saraton xastaligiga qarshi muolaja kursini olgani haqida xabar bergan edi.
Jurnalistik surishtiruvlarga ixtisoslashgan “Proyekt” nashri ham Putin saraton xastaligini jarrohlik yo‘li bilan davolovchi shifokorlarning doimiy kuzatuvida ekani xususida yozgan. Mazkur nashrga ko‘ra, saraton xastaligi bo‘yicha mutaxassis Putinning Sochidagi qarorgohiga kamida 35 marta borgan.
70 yoshli V.Putinning shaxsiy hayoti hamda salomatligi Rossiyada taqiqlangan mavzular sirasiga kiradi. Rasmiy OAVda mamlakat rahbari muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanuvchi, sog‘lom hayot tarziga odatlangan shaxs sifatida ko‘rsatiladi. Uning jiddiy xastalikka chalingani xususidagi xabarlar ham rad etib kelinadi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSh maxsus xizmatlariga tegishli maxfiy ma’lumotlar 7 aprel kuni internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Axborot daydjesti shaklida tayyorlangan hujjatlarda Ukraina va Rossiyaning harbiy salohiyati, shuningdek, Xitoy, Hind–Tinch okeani va Yaqin Sharq mintaqalariga doir ma’lumotlar aks etgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, 13 aprel kuni AQSh Federal tergov byurosi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Jek Teysheyrani Pentagon maxfiy ma’lumotlarini sizdirish gumoni bilan hibsga oldi. 21 yoshli yigit Massachusetsda, Harbiy havo kuchlari 102-razvedka bo‘linmasida 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter