Pekin olimpiadasining «qor muammosi»
Olimpiada-2022 mezbonligi uchun Xitoy bilan kurashgan Qozog‘istonning asosiy quroli qor bo‘lgandi. Qor albatta bo‘lishiga va’da bergan xitoylik tashkilotchilar yakunda yutib ketishgandi.
Pekin — Olimpiadalar tarixida ham Yozgi, ham Qishki o‘yinlarga mezbonlik qilayotgan ilk shahar.
Xitoy poytaxti oppoq qishi bilan har doim ham maqtana olmaydi. Ayniqsa, tog‘-chang‘i sporti o‘yinlari sifatli va xavfsiz o‘tishi uchun juda mo‘l qor kerak.
Musobaqalarning ayrimlari Pekinning o‘zida o‘tadi. Chana-bobsley markazi Xitoy yaqinidagi 300 metrdan 1200 metrgacha balandlikdagi Yansin shahrida joylashgan. Poytaxtdan eng uzoq (174 km.) klaster — shimoli-sharqdagi Chjanszyakou milliy chang‘i markazi. 800 metrdan 1200 metrgacha balandlikdagi bu joylarda 20 yildan beri 5 ta tog‘-chang‘i kurorti rivojlanmoqda. Chang‘ichilar aynan shu joyda bellashadilar.
Chjanszyakouda o‘rtacha hisoblaganda qor oktyabr oyining o‘rtalaridan yog‘ishni boshlab, taxminan 150 kungacha erimaydi. Yillik o‘rtacha yog‘in miqdori — 465 millimetr. Qor qalinligi ayrim joylarda bir metrdan oshadi. Biroq iqlim o‘zgarishlari sharoitida qor qoplami qalinligi barqaror emasligi boisidan tashkilotchilar avvaldan bor umidni sun’iy qorga tikishgan.
Olimpiadani qor bilan ta’minlash uchun kriosfera milliy laboratoriyasi boshchiligida ishchi guruhi tuzildi. Tadqiqotlar va texnologik testlar o‘tkazildi. Uch maqsad ko‘zlandi: qorni yaratish, qor bilan ta’minlash va qorni saqlab turish.
Bulutlardan yog‘uvchi tabiiy qor odatda yog‘ochsimon yoki prizmatik murakkab shakldagi kristallardan tashkil topadi. Uning qancha uzoq vaqt saqlanib turishi qaysi haroratda hosil bo‘lishiga bog‘liq.
«Qorli muz» (sun’iy qor) esa zichlangan muz zarralaridan hosil qilinadi va zichligi kattaroq: ko‘proq bir yozni o‘tkazgan qorga o‘xshovchi bu qorning nomi — firn.
Qorni saqlab turish uchun sinalgan usul: qishda havo harorati -3 darajadan past bo‘lsa, qor navbatdagi qish kelguniga qadar tayyorlab qo‘yiladi va foydalaniladi. 2017-yilda Pekin olimpiadasi tashkilotchilari tog‘-chang‘i bazasida bu usulni sinovdan o‘tkazib ko‘rdi. Sinovlardan so‘ng, issiqlikdan himoyalash texnologiyasi yordamida, qorning 60 foizini saqlab qolishga erishishdi.
Yangi qorga ehtiyoj yo‘q, sun’iy qor yetarlicha ishlab chiqarilgan. Hatto harorat musbat bo‘lganida ham qor yasovchi uchta murakkab tizim ishga tushirilgan. Muammo qorni sifatli saqlab qolishda.
«Tog‘-chang‘i sporti bilan shug‘ullanuvchi sportchilar kamida 20 yildan beri sun’iy qorga o‘rganib bo‘lishdi. Sun’iy qor standartga ham aylandi. Hatto FIS (tog‘-chang‘i sporti xalqaro federatsiyasi) sun’iy qor yaratish tizimi bo‘lmasa, musobaqalarni o‘tkazishga ruxsat bermaydi», — dedi «TexnoAlpin» (sun’iy qor yasovchi kompaniya) hududiy direktori Sergey Ragozin.
Xitoy «oq olimpiada»si o‘tadigan hududning ob-havosi keskin o‘zgaruvchan. Muammo shunda. Hatto sun’iy qor ustiga tabiiy qor yog‘sa ham sifatga ta’sir qiladi. Zichlashtirish, qayta sinovdan o‘tkazish kerak. Yomg‘ir yog‘ishi esa trassa yuzasini yaxmalakka aylantirishi bilan xavfli. Hududda tez-tez ko‘tariluvchi qum bo‘ronlari nafaqat trassa, balki videoranslyasiya sifatiga ham salbiy ta’sirini o‘tkazishi mumkin.
Qizig‘i, Pekin olimpiadasining tog‘-chang‘i musobaqalarida qor yog‘maydigan yurtlar — Saudiya Arabistoni va Gaitidan sportchilar ilk marotaba qatnashadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter