«Paytavasiga qurt tushganlar» va «paytavasi yo‘qlar» haqida…
Global iqtisodiy inqirozlar yaqinlashmoqda; qarzdorlik oshmoqda; neft bozori kasodga uchrayapti; hamma jonini saqlab qolish bilan ovora. Dunyoning taqdiri qil ustida-yu biz «Dunyo inqirozi» haqida maqola yozmoqchi bo‘lib o‘tiribmiz…
Ehtimol, yozish kerakdir, qo‘ldan kelgancha, nima deysiz? «Siyqasi chiqqan virus» mavzusini hozircha tinch qo‘ysak-da, sal chalg‘isak, «dunyo teatri»da qayta taqsimlanayotgan rollar-u, kelisha olmayotgan «aktyorlar», «paytavasiga qurt tushganlar» va «paytavasi yo‘qlar» haqida gaplashsak.
Balki o‘xshatishlar, qo‘shtirnoqlarni ko‘p ishlatsak, bizni ma’zur tuting. Karantinda odam zerikdi. Demak, boshladik.
I
Bugungacha hamma qurol-yarog‘ to‘plash, yangisini ixtiro qilish, kimo‘zarga reklama qilish bilan ovora bir paytda qayerdandir «hammasiga dam beradigani» chiqib qoldi. Bu haqida ortiqcha gapirish kerakmas, shundaylikcha ham qulog‘ingiz o‘rganib qoldi.
«Koronavirus»…
Chegara bilmas bu virusning odamlari KO‘O‘O‘O‘O‘P Xitoyda paydo bo‘lishi-yu qolganlarning bundan ko‘proq ozor chekishi juda ajablanarli. «Mol ham egasini suzmaydi» deganlaridek virus ham o‘zi paydo bo‘lgan joyning «tuzlig‘iga tupurmay» boshqalarning dodini beryapti. Ha, albatta, chinliklar ham zarar ko‘rdi, biroq buning ortida erishilgan narsaning oldida bu hech nima emas.
Dastlab hamma Xitoyda media sohasi qattiq nazorat ostida, «kasal o‘tib ketgachgina» dunyoga xabar bergan degan xulosada edi. Xitoyning bu ishini qoralab aksilkommunistik OAVlar bong urishdi: «Xitoy nega shuncha vaqt virus tarqalayotganidan dunyoni ogohlantirmadi», «Xitoy virus tarqalishining oldini ola oladimi?», «Endi Xitoyning taqdiri nima bo‘ladi?»...
Xullas, Xitoy endi nima qilishi, kelajakda qanday qilib iqtisodiy qudratini tiklab olishi hammani qiziqtirib qo‘ygandi. Biroq ertagimiz butkul boshqacha bo‘lib ketdi. Xuddi Qizil qalpoqcha bo‘rini yeb qo‘ygandek yoki biz Bo‘g‘irsoq tulkini aldab ketgandek. Taxmin qilganlarimiz kutganimizdek davom etmasa g‘alati bo‘larkan. Yongan kim-u, kuygan kim bo‘lib qoldi, bu yog‘i…
Esimni tanib, biologik urush ko‘rmaganman-u (ko‘rmayin ham), bo‘lsa bir biologik urush shuncha bo‘lar.
Xitoy bu urushdan muvaffaqiyatli o‘tib oldi, desak ham bo‘laveradi. Axir nechtasi «korona-osh»iga kalla tashlab turgan bir vaqtda «o‘zi pishirgan oshdan bir-ikki qoshiq» yedi, xolos... Bu immunitetga bog‘liq emas, ishonavering. Aks holda Italiyada 16 mingga yaqin, Ispaniyada 12 mingdan ortiq odam o‘lib ketmagan bo‘lardi.
Xitoy barchaga u bilan biologik urush qilish befoyda ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Xitoyga tinimsiz sanksiyalar qo‘llaydigan, iqtisod va siyosatda eng ashaddiy raqib sanaladigan Qo‘shma Shtatlarning holi tangdek. «Olov qayerda yondi-yu, kuyganlar qayerda» deging keladi. Gapning indallosi, Xitoy raqiblaridan qaysi jihatdan farq qilishini ko‘rsatib berdi. Xullas, «ssenariychi»ning yurig‘idan yurilmadi. Ssenariy endi yo‘q. Sahna esa davom etishi shart.
II
Siyosatda taxmin qiluvchilar ham, taxminlar ham ko‘p, biroq hammasiyam o‘zini oqlaganmas. Mana masalan, Xitoydagi virus tarqalishini AQShdan gumon qilguvchilar topildi. Uncha-buncha emas, naq aybdor qilib AQSh harbiylariga ko‘ndalang qo‘yilgan edi-ku. Gumonaning qisqacha mazmuni quyidagicha edi: Xitoyda koronavirus AQSh harbiylari tomonidan atayin tarqatilgan. Ushbu iddao dastavval Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan’ tomonidan ilgari surilganligi esa undan ham qiziq bo‘lib chiqdi. Avvaliga bu fikrga qo‘shiluvchilar serob esa-da, vaqt o‘tgani sari ayblov o‘z kuchini yo‘qotmoqda.
Ayni damda AQShdagi holat yaxshi emas. Kasallanganlar bo‘yicha dunyoda peshqadam, vafot etganlar esa 6 aprelga kelib 9620 nafarni tashkil etdi. Faqat ahmoqlargina o‘zlari o‘tirgan shoxni arralaydilar — Qo‘shma Shtatlarni bunaqalar toifasiga qo‘shmagan bo‘lardik.
Musibat hatto dushmanlarni ham birlashtiradi. Ular-ku dushman emas edi, shunday bo‘lsa ham, ular «bitta qozonda hech qachon qaynagan» emas. AQSh va Rossiya. Rasmiy Kremlning xabar berishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya lideri Vladimir Putin 30 mart kuni telefon orqali suhbat qurishgan. Gapning lo‘ndasi, global inqiroz xavfi ikki mamlakatning ham «paytavasiga qurt» oralatgan. Yaxshigina daromad manbai bo‘lgan neft sanoatining inqirozi eng kamida shunday natija berishi ham kerak edi, aslida. Oq uyda o‘tkazilgan COVID-19 brifingida prezidenti Donald Tramp ko‘plab xorijiy davlatlar koronavirus pandemiyasiga qarshi AQShga yordam yuborayotganini aytdi. U Xitoy va Rossiyadan (yordam sotib olinganmi yoki insonparvarlik ko‘magi shaklidami — aniqmas) yordam kelganini ta’kidlab o‘tgan.
«O‘ylaymanki, oxir-oqibat yanada kuchliroq bo‘lamiz. Biz ko‘p narsani o‘rgandik. Aytishim lozimki, ko‘p davlatlar bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Xitoy bizga ba’zi bir narsalarni jo‘natdi. Rossiya ham bizga tibbiyot buyumlari to‘ldirilgan katta samolyot bilan yordam olib keldi. Bu yoqimli, albatta», — dedi Tramp Oq uyda koronavirus bo‘yicha matbuot anjumanidagi nutqida.
Trampning bayonoti chalkashliklarni keltirib chiqardi, chunki avvaliga yordamning kelganligini allaqachon aytishi kerak edi. Ikkinchidan, bu sovg‘ami yoki yo‘q, bu ham so‘roq bo‘lib qoldi. AQSh davlat departamenti bu yordam sotib olindi desa, Kreml bu ma’lumotni tasdiqlab, ammo yordam Putinning tashabbusi bilan xarajatlar qoplanganini iddao qildi. Nima bo‘lsa ham, ikki mamlakat bir-birini qo‘llashga tushdi. Bunga zaruriyat bor. Neft bozorining inqirozi ikki mamlakatga ham qimmatga tushadi. Axir «paytavadagi qurtlarni tezda qoqib tashlamasa, oyoqsiz qolish mumkin».
Pandemiyadan keyingi hayot haqida hamma o‘zicha fikr yuritdi. Ba’zilar insoniyatni «pandemiyagacha bo‘lgan insoniyat sivilizatsiyasi» va «pandemiyadan keyingi insoniyat sivilizatsiyasi»ga bo‘ldi. Har nima bo‘lganda ham, bugun bu ikki global liderlar har qachongidan ham bir-biri bilan inoq bo‘lishga muhtojroq. Pandemiyadan so‘ng davomini ko‘ramiz.
III
Amerika-ku mayli, shundaylikcha ham katta yo‘qotishlarga uchragan (Breksit masalasi nazarda tutilyapti) Yevropa ittifoqi hali bunaqa kunlarga tushmagani aniq. «The Economist Intelligence Unit» ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi global yalpi ichki mahsulot o‘sishini bu yil +2,3 foizdan -2,2 foizgacha pasaytiradi.
G20 mamlakatlarining 2020-yildagi YaIM o‘sish sur’ati koronavirus pandemiyasi sababli qayta baholanmoqda. Turgan gapki, «katta yigirmalik»da Yevroittifoq a’zolari ham bor. Bu yil eng keskin pasayish Italiya (-7 foiz) va Germaniya (-6,8 foiz)da kutilmoqda. Ilgari ham bu ikkala mamlakatda sekin o‘sish prognoz qilingan edi — falokat kelsa, qo‘sh kelarkan-da.
Ajablanarlisi, o‘sish faqat Hindiston (+2,1 foiz), Xitoy va Indoneziya (har biri +1 foizdan)dagina qayd etilarkan.
Yevropa ittifoqi koronavirusning birinchi imtihonidayoq qoqildi — boshiga kulfat tushgan Italiyaga shunday javob qaytarildi: «Sizning aloqalaringiz — bu sizning ishingiz». Alam qilmaydimi?
Yevropa ittifoqi rahbarlari koronavirus keltirib chiqargan inqirozdan iqtisodiyotni qanday qutqarish borasida kelishuvga erisha olishmayapti.
«Ular hech narsa qilmayapti» degan «tuhmat»dan yiroqman, albatta. YeIga a’zo davlatlar rahbarlari iqtisodiy tiklanish rejalarini muhokama qilish uchun videokonferensiya o‘tkazishdi. Buni e’tirof etish kerak, shubhasiz. Biroq, kelishmovchilik tufayli yig‘ilish ikki haftaga qoldirilgan. Ingliz nashrlari esa buni daqiqa o‘tmay ovoza qilishdi. Axir yaqindagina YeIdan britanlar «quyon» bo‘lishgandi-ku.
Hech kim jim o‘tirmaydi, bu vaqt ichida. Axir bu «maslahat oshi» (videokonferensiya nazarda tutilyapti) hozirliksiz boshlangandida. Ikki hafta vaqt ichida mamlakatlar moliya vazirliklari reja tuzishi kerak bo‘ladi. Virtual sammit davomida Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte global inqirozdan qutulib qolish bo‘yicha tayyorlangan dastlabki loyihani ma’qullamagan va uni keng ko‘lamli inqirozga qarshi kurashda samarasiz deb tanqid qilgan edi. «Tog‘ bo‘lmasa, qir ham tirgak» deyishadi, aslida. Bundan yaxshiroq loyiha hali yo‘q, bori esa qanoatlantirmayapti...
To‘rt soatlik yig‘ilish yakunida Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel jurnalistlarga Yevropa ittifoqi to‘g‘ri qaror qabul qilishga harakat qilishini va keyingi yig‘ilish 19 nafar moliya vazirlari bilan davom etishini aytgan. Keyingi yig‘ilishda bir nima o‘ylab topishar, biroq «paytavadagi qurtlar» (global inqiroz) tobora yaqin kelmoqda.
Moliyaviy yordam sifatida esa umumiy qarz vositasidan foydalanish ko‘zda tutilgani ma’lum qilingan. Biroq katta talafotlarni qoplash uchun Jahon banki va Yevropa banki mablag‘ ajrata oladimi?
«Mazkur konferensiya nega muhim edi?» degan savol tug‘ilishi mumkin. Bilasizmi, biror tashkilot tuzilganda a’zo bo‘lguchilar qop-qop va’dalar og‘ushida kiradi. Bu yerda ham shunday. YeI blogi o‘z birdamligini namoyish etishi kerak edi. Ayni yig‘ilishni shuning uchun ham aksil YeIchilar diqqat bilan kuzatgan bo‘lsalar, ajabmas.
Niderlandiya va Germaniya korona obligatsiyalari konsepsiyasiga qattiq qarshilik ko‘rsatganidan g‘azablangan Italiya rahbari Juzeppe Konte rahbarlarning yakuniy bayonotini qo‘llab-quvvatlamasligini aytib, videokonferensiyadagi bahsni kuchaytirib yubordi. Kim ko‘proq zarar ko‘rsa, o‘sha ko‘proq shovqin soladi. Eng katta zarar Italiyada, eng katta shovqin ham.
«Biz innovatsion moliyaviy vositalar bilan munosabatda bo‘lishimiz kerak», — dedi Konte o‘z hamkasblariga. Konte Bryusseldagi mutassadilarga «tegishli yechim» bilan qaytib kelishini so‘rab ultimatum e’lon qildi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Italiyani qo‘llab-quvvatlashga astoydil harakat qilgani haqida «Politico» nashri yozdi. Ikki lotin mamlakatining dardi bir. Ispanlar ham bu virusdan kam zarar ko‘rayotgani yo‘q.
«Agar biz hozir ushbu iqtisodiy inqirozga birlashgan, kuchli va samarali javobni taklif qilmasak, nafaqat ta’sir kuchayadi, balki uning ta’siri uzoq davom etadi va biz butun Yevropa loyihasini xavf ostiga qo‘yamiz», — dedi Sanches — 2008-yildagi moliyaviy inqiroz Yevropa loyihasiga norozilik va bo‘linish urug‘ini sepgan va populizmning kuchayishiga olib kelgan edi. Endi bu xatolarni takrorlamaslik kerak. Biz bundan saboq olishimiz kerak edi».
YeI rahbariyati qo‘shma bayonotni saqlab qolish uchun astoydil harakat qildi. Oxir-oqibat, Bryussel byurokrati faqat yuqori lavozimli amaldorlar tushuna oladigan bir qator «nayranglar» amalga oshirilajakligini ma’lum qilib qo‘ydi. Har qalay hozircha «six ham, kabob ham» kuyib ketmadi.
IV
«Yupqa yig‘in (to‘da) tor-mor qilishga oson emish, ingichka yig‘in uzishga oson emish. Yupqa qalin bo‘lsa, tor-mor qiladigan bahodir emish. Ingichka yo‘g‘on bo‘lsa, uzadigan bahodir emish», degan jumlalar bor ko‘k turklardan qolgan «To‘nyuquq» bitiktoshida. «Ingichka uzilib, yo‘g‘on cho‘ziladigan» bunday sharoitda iqtisodi baquvvatlar zarar ko‘rar, lekin uzilib ketmaydi, iqtisodi bo‘sh davlatlar-chi, bor pulini rivojlanishga tikib kelayotganlar-chi? AQSh, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlarda shunga o‘xshash kunlar uchun (xalqimizda «qora kun» dermidi) ichki zaxira bor, biroq rivojlanayotgan va qoloq davlatlarda bunday zaxira yo‘q. «Kasod bo‘lsa, o‘ziga. Kasod bo‘layotgan menmas, u-ku!» deyayotganlar adashishadi. Dunyo bir butun zanjir. Qaysidir davlat qoloqlikka sho‘ng‘isa, bu butun dunyoga tashvish bo‘ladi. Qarz olishsin deymiz, xuddi bu osondek…
Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva dunyo iqtisodiyoti 2008-2009 yillardagi global moliyaviy inqirozga qaraganda kuchliroq turg‘unlik holatiga kirgani va fond misli ko‘rilmagan miqdordagi talablarni qondirish uchun o‘z kuchini ko‘paytirishi kerakligini aytdi. Qarz, qarz deymiz, hamma qarzdor bo‘lib qoldi. Mana masalan, Global qarzdorlik (xususiy va suveren) 2017 yil oxiriga kelib 184 trillion dollarni yoki jahon yalpi ichki mahsulotining 225 foizini tashkil etgan. Tashkilot tomonidan ta’kidlanishicha, agarda bu qarz sayyoramizda yashovchi har bir insonga taqsimlansa 86 ming dollardan to‘g‘ri keladi, ya’ni aholi jon boshiga global o‘rtacha yillik daromaddan 2,5 karra ko‘p.
Yana qarz olinsa, tasavvur qiling… Qarzni qarzga urib yuraveramiz deysizmi, a labbay?!
Xalqaro valyuta fondi «Biz, ayniqsa, past daromadli mamlakatlar uchun juda katta yordam ustida ishlayapmiz. Ularning aksariyati ushbu inqirozdan oldin ham kuchli holatda emas edilar va ko‘p, juda ko‘p qarzga ega. Biz qarzdorlik muammosiga duch kelgan boshqa davlatlar bilan birga ushbu holat dunyo iqtisodiyoti uchun katta muammoga aylanishiga qarshi kurashishimiz kerak. Qarzdor davlatlar butun dunyoga muammo bo‘ladi», degan fikrni ilgari surdi. Qarzini bermay yurgan odamdan nafratlanganingiz kabi davlatlar ham qarzdor davlatni «yomonroq» ko‘rishadi.
Jahon banki prezidenti Devid Malpassning aytishicha, uning tashkiloti Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan yordam rejasini ishlab chiqayotganini aytganiga ham bir oycha bo‘lib qoldi. Bank kam ta’minlangan mamlakatlar uchun imtiyozli kreditlar berish bilan bir qatorda qarzlardan xalos etishi mumkinligi ham aytilmoqda. Xullas, global inqiroz yaqinlashgani sari «paytavasi yo‘qlar»ga qiyin bo‘laveradi. «Kattakonlar» o‘zi bilan o‘zi ovora. Hech kim bilan hech kimning ishi ham bo‘lmay qolishi kerak, aslida. Hamma o‘zini eplab ketsa-ku, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
V
Maqola oxirida nimalar deyishimiz mumkin? Dunyo global inqiroz arafasida shunday ahvolga kelib qoldi. AQSh Rossiya bilan yarashib olgan, Yevroittifoqchilar kelisha olmayapti, Xitoy kutilmaganda yutib chiqyapti... va hokazo.
Olimpiadani ortga surishdi, AQShda saylovlar yaqinlashyapti, hali Yevro-2020 musobaqalari turibdi. O‘ylay desak, yozay desak — muammo ko‘p. Insoniyat bu muammolarni ham yengib o‘tadi, albatta.
Balki hammasi ham biz o‘ylagandek bo‘lmas, ammo shunisi aniqki, to bu virusdanda xavfliroq biror xavf tug‘ilmaguncha (masalan, o‘zga sayyoraliklar hujumimi yo shunga o‘xshash biror nima) insoniyat o‘zi uchun keragidan ham ko‘p xulosalar chiqarib yubordi. Endi kelajak dunyosi boshqacha bo‘ladi. Ishonavering.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter