Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Parkinsonga chalingan bemorlarga erkin harakatlanish imkonini beruvchi implant yaratildi

Parkinsonga chalingan bemorlarga erkin harakatlanish imkonini beruvchi implant yaratildi

Parkinson tashxisi qo‘yilgan bemorlar erkin harakatlanish, yurish va muvozanatni saqlashga qiynaladi. Bu borada ularga eng yaqin ko‘makchi — dori-darmonlar. Biroq preparatlarning ham ta’sir kuchi va muddati chegaralangan. Ana shu muammoga samarali yechim izlagan Shveysariya olimlari yangi texnologiya yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, ixtiro bemorlarning yiqilmay yurishi va muvozanatni yo‘qotmay harakatlanishini ta’minlaydi. Yangi texnologiya orqa miya implanti bo‘lib, u xastalikka chalingan organizmga o‘rnatiladi. Qurilma miya faoliyatiga taqlid qilib, mushaklarga elektr impulslarini yuboradi.

Tajribada ishtirok etgan ilk bemor — italiyalik Mishel Rokkati avtohalokat tufayli umurtqa pog‘onasi jiddiy shikastlangan. Shundan buyon mustaqil harakatlana olmaydi.

Bemorda klinik sinov muvaffaqiyatli o‘tdi. U endi tanasiga o‘rnatilgan implant yordamida bemalol o‘rnidan turib, taxminan ikki soat, ya’ni dam olmasdan bir kilometr masofaga yura oladi.

Navbatdagi bemor — Mark Gotiyer yigirma yildan beri Parkinson kasalligidan aziyat chekib keladi. Yuqori texnologik operatsiya yordamida unga implant o‘rnatilgach, avval muvozanatni saqlash, keyinroq 6 kilometrgacha masofani bosib o‘tish qobiliyatiga ega bo‘ldi.

Olimlar mazkur qurilma kelgusida umurtqa pog‘onasi og‘ir jarohatlaridan qiynalayotgan hamda Parkinsonga chalingan bemorlarga tik turish, yurish va sport bilan shug‘ullanish imkonini berishiga ishonch bildirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring