Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbankda xotin-qizlarning huquqiy bilimlarini oshirishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

O‘zsanoatqurilishbankda xotin-qizlarning huquqiy bilimlarini oshirishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

Joriy yilning 16 fevral kuni O‘zsanoatqurilishbank tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy jabhalardagi huquqiy savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, FHDYo va fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudidan vakillar, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2021 yil 5 martdagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim bosqichni boshlab berdi.

Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi, «Ayollar daftari»ni shakllantirish va ular bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi, Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi qayta tashkil etilib, vazifalari takomillashtirildi, har bir tegishli vazirlik va idoralar zimmasiga ularning vakolatlari doirasida topshiriqlar yuklatildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zsanoatqurilishbank tizimida 2000 ga yaqin xotin-qizlar faoliyat yuritadi. Bu ko‘rsatkich umumiy xodimlar jamoasining qariyb 50 foiziga teng. Bu Bank kadrlar siyosatida gender xilma-xillikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilayotganini ifodalaydi.

— Bankimiz tizimidagi xotin-qizlarni ijtimoiy va psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularda liderlik qobiliyatini yuzaga chiqarib, rahbar xodimlar o‘rtasida gender tenglikni ta’minlash maqsadida 2019 yildan boshlab yirik bir loyiha – «SQB Ayollar klubi» ish olib bormoqda, – deydi O‘zsanoatqurilishbank Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari Sh.Yakubov. – Klub faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun uning g‘oyaviy rahbari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi eksperti, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhamedova jalb etildi. Hozirgi kunga qadar klub 3 ta mavsumda tashkil etilib, har bir mavsum 6 oylik Hard va Soft skills yo‘nalishidagi treninglarni o‘z ichiga oldi. O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash komissiyasi bizning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatimizni yuqori baholab, bank rasmiy saytini «Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi veb-sayt» deya e’tirof etdi.

Bank tomonidan, shuningdek ayol xodimlarni sport-sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etishga ham katta e’tibor qaratiladi. Sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha Bosh bank hamda filiallararo musobaqalar muntazam tashkil etiladi. Kitobxonlik bellashuvlari o‘tkazilib, g‘oliblar munosib rag‘batlantiriladi.

Davra suhbatida so‘z olgan Adliya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas’ullari oila, ish va o‘qishda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan hamda ijtimoiy tarmoqlarda turli ko‘rinishdagi rasmlari, videolarini tarqatish orqali ularning shaxsiy hayot daxlsizligini buzish holatlaridan himoyalash tizimlari haqida batafsil tushuncha berdi. Ayollarni ruhiy himoya qilish institutlari faoliyati bilan tanishtirdi.

Spikerlarning oila va nikoh munosabatlari, oila psixologiyasi, ayollarning o‘ziga ishonchini oshirish yuzasidan qilgan chiqishlari ham ishtirokchilar uchun qiziqarli kechdi.

Tadbirda Bosh bank hamda ZOOM platformasi orqali muassasaning 44 ta filialida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring