Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank va YeTTB o‘rtasida konvertatsiyalanadigan qarz bitimlari imzolandi

O‘zsanoatqurilishbank va YeTTB o‘rtasida konvertatsiyalanadigan qarz bitimlari imzolandi

Joriy yil 27 iyul kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan O‘zsanoatqurilishbank aksiyalariga konvertatsiya qilish imkoniyati bilan 50 mln. AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘larini ajratish to‘g‘risida Bitimlar paketini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu bitimlar asosida taqdim etilayotgan kredit mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan kichik va o‘rta biznes sub’yektlari loyihalarini kreditlashga qaratilishini nazarda tutadi.

Bunda moliyalashtirishning bir qismi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishga sarflanadi. Bu esa, Bankka «yashil banking» dasturini kengaytirishga imkon beradi.

Ushbu hujjatlar tomonlar o‘rtasida Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 12 mayda imzolangan «2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmon hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat bankini xalqaro moliya institutlari ishtirokida xususiylashtirish va transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Bitimlarda O‘zbekiston Respublikasi bank sektoriga davlat ulushiga ega tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish, bank ishiga oid zamonaviy standartlar, axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish, zarur tajriba va bilimlarga ega investorlarga tanlov asosida banklardagi davlat ulushiga ega aksiyalarini sotish, shuningdek davlat ulushiga ega tijorat banklari va korxonalarni parallel ravishda takomillashtirish orqali isloh qilish kabi tadbirlar belgilangan.

2018 yildan buyon O‘zsanoatqurilishbank Xalqaro moliya korporatsiyasi, YeTTB kabi yetakchi moliya institutlari bilan korporativ boshqaruvni mustahkamlash, biznes jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish, bu borada amaliyotlarni tijoratlashtirish, tavakkalchiliklarni boshqarish va g‘aznachilik operatsiyalari tizimini takomillashtirish, shuningdek, «yashil» loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashish orqali xususiylashtirishga tayyorlash masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlik qiladi.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring