Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank: Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 995 million dollarlik loyihalar moliyalashtirildi

O‘zsanoatqurilishbank: Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 995 million dollarlik loyihalar moliyalashtirildi

Qurilish materiallari sanoatining innovatsion salohiyatini oshirishga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojining muhim omili sifatida qaralayotgani katta natijalarga omil bo‘lmoqda. Bu borada mas’ul muassasalardan biri bo‘lgan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida qiymati 995 mln. dollarlik 181 ta loyiha moliyalashtirilib, 87 ta loyiha ishga tushirildi.

Prezidentimizning 2021 yil 9 iyundagi «Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasini yangi bosqichga ko‘tarishning barcha tashkiliy-amaliy mexanizmlari belgilab berildi.

Korxonalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kuchaytirishga qaratilgan boshqaruv tizimi va manzilli strategiya ishlab chiqildi.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan mazkur farmon asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 14,4 trln. so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilib, o‘tgan yilga nisbatan 1,9 trln. so‘mga oshdi. Shundan 459 mlrd. so‘mlik mahsulot mahalliylashtirish dasturi doirasida iste’molchilarga yetkazib berildi, shu yilga mo‘ljallangan tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar ortig‘i bilan bajarildi. Bunda 560 mln. dollar hajmida xorijiy va mahalliy investitsiyalarning o‘zlashtirilganligi alohida ahamiyatga egadir.

Ta’kidlash joiz, 2022 yilda sohada 1,8 mlrd dollarlik (shu jumladan, loyiha tashabbuskorlarining o‘z mablag‘lari – 642 mln. doll., bank krediti – 473 mln. doll., xorijiy investitsiyalar – 708 mln. doll.) 420 ta investitsiya loyihani amalga oshirish, tarmoq korxonalari tomonidan 27,6 trln. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish va shu orqali 15 533 ta yangi ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shunga binoan bugungi kunga qadar tijorat banklari bilan birgalikda qiymati 995 mln. dollarlik (o‘z mablag‘lari – 403 mln. doll., bank krediti – 422 mln. doll., xorijiy investitsiyalar – 170 mln. doll.) 181 ta loyiha moliyalashtirilib, 87 ta loyiha ishga tushirildi.

Jumladan, Andijon viloyatida ish boshlagan «Vodiy plast pro» MChJning qiymati 3 mln. dollar bo‘lgan yillik quvvati 50 ming metrlik truba mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi O‘zsanoatqurilishbank tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lsa, shu hududda 200 ta yangi ish o‘rnini tashkil etgan “Gsr building materials” MChJning qiymati 50 mln. dollarlik loyihasi (yillik quvvati 1 mln tonnalik sement ishlab chiqarish) Xalq bankining moliyaviy madadi bilan ishga tushirildi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidagi «Qarshi Conch Cement» xususiy korxonasining qiymati 150 mln. dollarlik yillik quvvati 1,2 mln. tonnaga teng sement ishlab chiqarish loyihasi ham istiqbolli loyihalar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi.

Yil yakuniga qadar banklar tomonidan yana 46 ta loyihaga 43,7 mln. dollar miqdorida kreditlar ajratilishi mo‘ljallangan. Bunda loyihalar mazmuni asosan sement (17,6 mln tonna), qurilish oynasi (32 mln. kv metr), keramik plitkalar (24 mln. kv metr), gipsokarton (73 mln. kv metr), gulqozoz (3 mln. o‘ram) va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

Sohada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, tarmoq korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish kabi tizimli islohotlar qurilish materiallari sanoatida eksport-import amaliyotlarining ham rivojiga hissa qo‘shmoqda.

Xususan, joriy yilning birinchi yarmida tarmoqda mahsulotlar va xizmatlar eksporti hajmi 267 mln. dollarni tashkil etib, belgilangan reja ko‘rsatkichi 114,7 foizga bajarildi. Bu ko‘rsatkich qurilish materiallarini xorij bozoriga olib chiqish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 118,2 mln. dollar yoki 1,8 barobarga oshganligini bildiradi.

Shuningdek, 277 mln. dollarlik qurilish materiallari import qilinib, mazkur amaliyotlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,5 mln. dollarga kamaygan.

Ma’lumki davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmoni bilan mamlakatimizning noruda minerallar xomashyo bazasini o‘zlashtirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida 24 ta tuman (shahar)ni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish, ushbu hududlarda zarur yer uchastkalarini ajratgan holda qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish maqsadida kichik sanoat zonalari tashkil etish belgilangan.

Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan tumanlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qiymati 150,9 mln. dollarlik (shundan bank krediti 89,6 mln.doll.) 58 ta loyihaning ro‘yxati shakllantirildi. Sariosiyo tumanida kichik sanoat zonasini tashkil etish bo‘yicha dastlabki qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Joriy yil yakuniga qadar qolgan 7 ta tumanda hududiy hokimliklari bilan birgalikda industrial zonalar tashkil etish ishlari davom ettiriladi. Ayni paytda qurilish materiallari sohasini rivojlantirishdagi sa’y-harakatlar «Tadbirkorlar maktabi» faoliyati misolida ham qizg‘in tus olgan.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu markazda tinglovchilar malakasini baholash hamda milliy kvalifikatsiya tizimi to‘laqonli joriy etilgan. Turkiyaning Maltepe universiteti bilan birgalikda yiliga 400 nafar soha vakilini o‘qitish belgilab olingan. Markazda o‘tgan o‘quv mavsumlarida jami 140ga yaqin keng jamoatchilik vakillari o‘z bilim va malakalarini oshirib, maxsus sertifikatga ega bo‘ldi.

Hozirda «Tadbirkorlar maktabi»da sakkizinchi mavsum uchun qabul e’lon qilingan.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring