O‘zsanoatqurilishbank OPEK Xalqaro rivojlanish fondi bilan 20 mln. AQSh dollariga teng kredit bitimi imzoladi

O‘zsanoatqurilishbank OPEK Xalqaro rivojlanish fondi (OFID) bilan 20 mln. AQSh dollariga teng kredit bitimini imzoladi. Hujjat O‘zbekistondagi mahalliy korxonalarning savdo bo‘yicha moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga yo‘naltiriladi.
Kredit O‘zsanoatqurilishbankning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlariga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlarini yaratishning muhim omili hisoblanadi.
OFID’dan o‘zlashtirilgan mablag‘lar Bank tomonidan qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, qurilish va to‘qimachilik sanoati kabi iqtisodiyotning turli sohalaridagi subqarzdorlarga savdoni moliyalashtirish bo‘yicha taqdim etiladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirib, xususiy sektorga investitsiyalar jalb qilishni rag‘batlantirmoqda. Xalqaro rivojlanish fondi ham O‘zsanoatqurilishbankning 23 mingdan ziyod mijozlari bazasidan foydalanib, moliya muassasasining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka ajratilayotgan kreditlar portfelini kengaytirishga ko‘maklashishni maqsad qildi.
– OFID O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni anchadan beri qo‘llab-quvvatlamoqda, – dedi OFID Bosh direktori Abdulxamid Alxalifa. –Ammo mazkur hujjat bank bilan savdoni moliyalashtirishga oid ilk bitimimiz bo‘lib, u xususiy sektorni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishga yaxshi misol bo‘la oladi. Biz har qanday iqtisodiyotning hayotiy muhim jabhasi – kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. O‘zbekistonga BMTning barqaror rivojlanish sohasidagi inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sish hamda bandlikni ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan maqsadiga ko‘maklashishga tayyormiz.
Ta’kidlash joiz, OFID va O‘zbekiston yigirma yildan ziyodroq vaqt mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha hamkorlik qilib keladi.
Bank Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter