Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zMobayl»da bir kun» (foto)

«O‘zMobayl»da bir kun» (foto)

Foto: Sergey Nasledov

«O‘zbektelekom» AK «O‘zMobayl» filiali jurnalistlarni 21-avgust kuni press-turga taklif etdi. Poytaxt markazidan ikki qavatli avtobusda yo‘lga chiqqan jurnalistlar avvaliga Yunusobod tumanining Hasanboy mahallasidagi uyali aloqa ob’yektiga borishdi, keyin «UZMOBILE» ko‘chma laboratoriyasi qanday ishlashiga guvoh bo‘lishdi, sayohat «Radisson Blu» mehmonxonasida o‘tkazilgan matbuot anjumani bilan yakuniga yetdi.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Hasanboy MFY raisi Hamid Rustamovning aytishicha, bu yerda 30 mingdan ortiq aholi yashaydi. Xullas, aholi o‘ta zich hudud. Taraqqiyot izmi internet, zamonaviy aloqa vositalariga o‘tayotgan, millionlab yurtdoshlarimiz dunyo kezib yurgan bir sharoitda Hasanboyga o‘xshash mamlakatimizdagi katta-kichik mahallalarda yashovchilar uchun telekommunikatsiya ob’yektlari qanchalik kerakligini ta’kidlash shart emas.

Telekommunikatsiya ob’yekti 2G, 3G hamda 4G (LTE) texnologiyalari asosida ishlovchi operatorlik qurilmasi, antenna-machta inshooti va baza stansiyasidan iborat.

Foto: «Xabar.uz»

Bular qanday ishlaydi, afzalliklari nimada-yu, odamlar sog‘lig‘iga ziyoni yo‘qmi — filial tarmoqlarni rivojlantirish xizmati rahbari Erkin Haydarov birma-bir tushuntirib berdi.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Jurnalistlar ishlab turgan «UZMOBILE» ko‘chma laboratoriyasi bilan tanishishdi, mutaxassisning aytishicha, aloqa xizmatidagi nuqsonlarni mobil laboratoriya osongina topib beradi.

«O‘zbektelekom» AK «Obod qishloq» dasturida qatnashayotganidan xabaringiz bor.

Fakt: butun O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab 478 ta qishloq aholi maskani, mahalla va qishloqda telekommunikatsiya infratuzilmasi yaxshilanmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Matbuot anjumanida «O‘zMobayl» filiali mutaxassislari loyihalarga alohida to‘xtalishdi. Misol uchun, 2019-yilning o‘zida 3100 ta yangi baza stansiyasi ishga tushirilgan, yil oxirigacha yana 400 ta baza stansiyasi bu safni to‘ldiradi.

Bu yerda aynan son sifatni ta’minlaydi — baza stansiyalari ko‘payishi aloqa xizmatlari sifatining bir necha chandon yaxshilanishidan tashqari, xilma-xilligini ham oshiradi. Ayniqsa, yirik shaharlar va tuman markazlarini 4G (LTE) texnologiyasi bilan qoplashga zo‘r berilmoqdaki, bu ham mahalliy abonentlar, ham yurtimizga kelayotgan sayyohlar uchun qulaylik yaratadi.

«UZMOBILE» qishloq hududlarida mobil aloqani rivojlantirishga katta e’tibor beryapti. 2019-yilda rejadagi 3700 ta baza stansiyasidan 2000 tasi aynan qishloqlarda ishga tushiriladi. Filial tomonidan «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida bu yil 140 ta qishloqda mobil aloqa yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: «Xabar.uz»

Eng muhim yangiliklardan biri shuki, filial o‘z tarmog‘ini rivojlantirishda davom etib, amaldagi baza stansiyalarini  4G (LTE) standartigacha zamonaviylashtirmoqchi. «To‘rtinchi standart» bu — yuqori tezlikdagi keng polosali mobil internet degani, o‘z-o‘zidan turfa mediaxizmatlar bilan bir qatorda, interaktiv elektron davlat xizmatlaridan foydalanish ancha qulaylashadi.

Xizmatlar sifati standart baza stansiyalaridan tashqari, odamlar gavjum bo‘ladigan ob’yektlar ichki qismini maxsus yechimlar bilan qoplashga ham bog‘liq. «UZMOBILE» operatori aeroportlar va yirik savdo markazlarida mini baza stansiyalarini o‘rnatmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Matbuot anjumanida yangi avlod mobil aloqa texnologiyalari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar berildi. Jurnalistlarga ma’lum qilinishicha, «O‘zMobayl» filialida O‘zbekistondagi birinchi 5G standartidagi mobil tarmoqni ishga tushirishga hozirlik ishlari ketmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring