«O‘zmilliybank» AJ nomidan foydalanish bilan bog‘liq yana bir yolg‘on xabar tarqatildi
«O‘zmilliybank» AJ ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va respublikamiz aholisiga Bank tomonidan davlat moliya subsidiyalari taqdim etiladi, degan yolg‘on xabar tarqatildi. Unda firibgarlar fuqarodan ko‘rsatilgan mablag‘ni olish uchun bank nomi va logotipidan foydalangan holda yaratilgan soxta saytda anketa so‘rovidan o‘tishni taklif etadi.
«O‘zmilliybank» AJ bank nomi ortida yashiringan firibgarlik sxemalarini inkor etadi. Ularning soni yil sayin ortib bormoqda. Firibgarlar yirik kompaniyalar, banklar, davlat muassasalari, jamg‘armalar, hatto yurtdoshlarimiz alohida ishonch bildirgan taniqli shaxslarning nomlaridan foydalanadi. Shu bois, firibgarlarning qarmog‘iga tushib qolmaslik uchun hamisha e’tiborli va ehtiyotkor bo‘lish, eng avvalo taklif etilayotgan saytning rasmiy ekanligiga e’tibor qaratish lozim.
Har doim ishonchli ma’lumotlarni olish uchun faqat bankning www.nbu.uz rasmiy saytidan hamda Telegram dagi - t.me/nbu_official, Facebook dagi – www.fb.com/uznbu, Instagram dagi – www.instagram.com/nbu.official rasmiy axborot kanallaridan foydalaning yoki 78 148-00-10, 1344 raqamlari orqali bankning koll-markaziga murojaat qiling. Ogoh bo‘ling va yaqinlaringizni ham bu firibgarlikdan ogohlantiring.
Bu kabi xabarni ko‘rib qolsangiz, e’tibor bermang yoki bu xabarlar joylashtirilgan manbalar ma’muriyatiga shikoyat bilan murojaat qiling.
Shuningdek, mavzuning davomi sifatida hamda bank kartalari bo‘yicha firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida o‘z kartangizni jinoyatchilardan himoya qilishingiz mumkin bo‘lgan oddiy qoidalarni yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz:
- begonalarga karta ma’lumotlari (raqam, amal qilish muddati, CVV/CVC, PIN-kod)ni yoki bankning mobil ilovasidagi o‘z akkauntingiz haqidagi ma’lumotlarni bermang;
- pullarni boshqa kartaga o‘tkazish uchun uning 16 ta belgidan iborat raqamini bilishning o‘z yetarli. Unutmang, bank yoki boshqa har qanday to‘lov tashkiloti xodimlari kartangizning amal qilish muddati yoki SMS orqali olingan tasdiqlash kodlarni sizdan so‘ramaydi;
- hech qachon bir martalik tasdiqlash kodini begona shaxslarga bera ko‘rmang. Firibgarlar ushbu tekshiruv kodi orqali sizning hisobingizdagi pul mablag‘larini ruxsatingizsiz boshqa kartaga o‘tkazishi yoki mobil ilovalar yordamida pullaringizni boshqarishi mumkin.
- kartangizni boshqalarning qo‘li yetmaydigan joyda saqlang va begona shaxslarga bermang.
- oson pul taklif qilinayotgan xabarlarga, aksiyalardagi «tasodifiy» sovg‘alarga ishonmang, shubhali havolalar va saytlarga kirmang, ayniqsa u yerda o‘z karta ma’lumotlaringizni kiritib qo‘ymang.
Har birimiz shaxsiy mablag‘larimizga mas’uliyat bilan yondashsak, moliyaviy savodxon bo‘lsak va bu oddiy qoidalarga amal qilsak, jinoyatchilar bizning pullarimizdan foydalana olmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter