O‘zbekiston–Ozarbayjon: biryo‘la 8 shahar o‘zaro birodar bo‘ldi

O‘zbekiston hamda Ozarbayjonning 8 tarixiy shahri o‘zaro birodarlik munosabatini o‘rnatdi. O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov bu hodisani ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlikning yana bir ramziy ifodasi ekanini ta’kidlagan.
O‘tgan hafta Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Ozarbayjon mintaqalararo forumi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida 11 ta hujjat imzolandi. Ular orasida Xiva va Shusha, Samarqand va Ganja, Buxoro va Lankaron, Qo‘qon va Sheki shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatini o‘rnatishga oid bitimlar ham bor.
Toshkentdagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori S.Abbosovga ko‘ra, ushbu bitimlar ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, madaniyat, turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Qardoshlik munosabati o‘rnatilgan 8 shahar nafaqat turk, balki jahon tamaddunida o‘z o‘rniga ega kentlar sirasiga kiradi. Xiva va Shusha, Samarqand va Ganja, Buxoro va Lankaron, Qo‘qon va Sheki nodir me’moriy obidalari, ziyoratgohlari, boy tarixiy-madaniy merosi, ilmiy-adabiy an’analari va hunarmandchiligi bilan mashhur.
2018 yil dekabr oyida Ozarbayjonning Ismoilli shahri hamda O‘zbekistonning Rishton hududi o‘rtasida qardoshlik munosabati o‘rnatishga doir memorandum imzolangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter