O‘zbekistonlik olimlar piyozning yangi navini yaratishdi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik» ilmiy-tadqiqot instituti Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi olimlari tomonidan piyozning «Malla» navi yaratildi. Hozirda ushbu nav uchun patent olish uchun hujjatlar topshirilgan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu nav intensiv usulda yetishtirilayotgani bilan ajralib turadi.
Yangi piyoz navining urug‘i yerga martning dastlabki o‘n kunligida sepiladi. 15 sotix yer maydoniga 10-12 kilogramm piyoz urug‘i sepiladi, shu maydondan terib olingan piyozboshchalar bir gektar maydonga yetadi. Piyozboshchalar gilos kattaligida bo‘lgandan so‘ng yig‘ib olinadi. Piyozboshchalar quritilib, alohida joyga olib qo‘yiladi. Sentyabr oyining birinchi dekadasida piyozboshchalar 70×10 sxemada 4 qatordan gektariga 571,4 ming dona ekiladi.
Piyozboshchalar ekilganidan so‘ng unga bir marotaba suv qo‘yiladi. Shundan so‘ng piyozboshchalar ko‘kara boshlaydi.
Qishning sovuq kunlarida yetishtirilgani uchun piyozlarni o‘tash shart emas, sababi, ushbu mavsumda o‘tlar o‘z-o‘zidan nobud bo‘ladi.
Ekilgan piyozlarga erta bahorda bir marotaba ishlov beriladi. Shuningdek, bir marotabadan kultivatsiya va chopiq, yengil oziqlantirish ishlari amalga oshiriladi. Uni yana ikki marotaba sug‘oriladi.
Bahorda, ya’ni 15-aprelda piyoz texnik pishib yetiladi va aholi iste’moli uchun mahalliy bozorlarga chiqariladi. Yangi piyoz navining afzalligi – u odatiy piyozlarga qaraganda bir oy oldin pishib yetiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter