O‘zbekistonlik «biznesmen-amaldorlar»ning biznesiga oid hujjat loyihasi e’lon qilindi
O‘zbekistonlik «biznesmen-amaldorlar»ning biznesiga oid Hukumatning «Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli emas va shunga asosan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinganidan so‘ng tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini to‘xtatib turish tartibini belgilash talab etilmoqda.
Loyihada quyidagilar belgilanmoqda:
- davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining biznesi mavjudligi haqida vakolatli organlarni xabardor qiladi va tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turishning shakllaridan birini tanlaydi;
- davlat fuqarolik xizmatchisiga o‘zining mehnat faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiyat yuklatiladi;
- tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish holati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan monitoring qilib boriladi;
- o‘zining biznesi mavjudligi faktini yashirganlik holatlari aniqlanganda, davlat fuqarolik xizmatchisiga 10 kun muddat beriladi va xizmatchi ushbu muddat ichida tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatadi yoki davlat xizmatidagi faoliyatini yakunlaydi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turishning quyidagi shakllaridan birini tanlaydi:
- agar davlat fuqarolik xizmatchisi xususiy korxona mulkdori bo‘lsa, korxonadagi rahbarlik vazifasini bajarib turishni boshqa jismoniy shaxs zimmasiga yuklash, ya’ni korxonani vaqtincha boshqaruvga berish bo‘yicha qaror chiqarish;
- mol-mulkni ishonchli boshqaruvga topshirish. Fuqarolik qonunchiligiga asosan ishonchli boshqarish ob’yektlari korxonalar va boshqa mol-mulk komplekslari, ko‘chmas mulkka mansub bo‘lgan alohida ob’yektlar, qimmatli qog‘ozlar, alohida huquqlar va boshqa mol-mulkdan iborat bo‘lishi mumkin;
- tadbirkorlik faoliyati sub’yektining muassislari (ishtirokchilari) tarkibidan ixtiyoriy ravishda chiqish.
Davlat xizmatiga kirganda o‘z biznesini ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti ko‘pchilik xorijiy davlatlarda (jumladane, Qozog‘iston, Gruziya, Rossiya Federatsiyasi, Kanada, Janubiy Koreya) yo‘lga qo‘yilgan.
Davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zi ishlaydigan davlat organining nazorat ostidagi tashkilot ulushlariga egalik qilayotgan bo‘lsa, mol-mulkni ishonchli (vaqtincha) boshqaruvga berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday hollarda xizmatchi ularni realizatsiya qilishi yoki davlat xizmatidan ketishi kerak bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter