Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondagi Coca-Cola zavodi arzon narxlangani shubha keltirib chiqardi

O‘zbekistondagi Coca-Cola zavodi arzon narxlangani shubha keltirib chiqardi

Foto: «gokunming.com»

O‘zbekistondagi alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ (CCIU)ning 57,118 foizlik davlat ulushi sotuvga qo‘yilgandi.

Ushbu korxona O‘zbekistonda 1-raqamli, jahonning 4 ta sifat sertifikatini qo‘lga kiritgan yagona, barqaror ishlab chiqarishga ega zavod hisoblanadi. Birgina 2019 yildagi ishlab chiqarishning bozordagi ulushi qariyb 47 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu eng yaqin raqobatchisidan 70 foizga ko‘pligi aytiladi. Kompaniya aynan shu yili 1 trillion 455 milliard so‘m daromad qilgan. Bir yillik sof foyda esa, 270 milliard so‘m. (DABA saytida 207 milliard so‘m qilib ko‘rsatilgan.)

«rost24.uz» sayti jurnalisti shundan kelib chiqib savol qo‘ydi: barqaror ishlab chiqarish va katta daromadga ega O‘zbekistondagi 1-raqamli zavodni sotish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Maqolada qayd etilishicha, Koka-kola kompaniyasining savdosida qatnashish uchun g‘alati talablar qo‘yilgan.

«Bundan yaqqol ko‘rinib turibdiki, g‘olib xaridor oldindan aniq», — deyiladi maqolada.

«Sirli xaridor» kim bo‘lishi mumkin?

«Yuqorida qo‘yilayotgan talablarga qaraganda, Koka-kola kompaniyasining davlat ulushini birgina xaridor sotib olishi mumkin. Turkiyaning Coca-Cola İçecek kompaniyasi I.Karimov vafotidan keyin «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJning davlat ulushini sotib olish harakatiga tushgan edi. 2016-2017 yillarda Koka-kola kompaniyasini suniy bankrot qilish ishlari boshlangan. Va 2018 yilda sotishga tayyorlanayotganda to‘xtatib qolingan edi», deb yozadi jurnalist.

Coca-Cola İçecek kompaniyasi esa O‘zbekiston Koka-kola zavodini sotib olish niyatidan qaytmagan. 2020 yil 20 sentyabr kuni Moliya vazirligida Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki, The Coca-Cola Company (AQSh) va Coca-Cola İçecek (Turkiya) vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Unda «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.» MChJ QKga strategik investor jalb etish masalasi imkoniyatlari muhokama qilindi, deya xabar berilgan Moliya vazirligining telegram kanalida. Bunga Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) yordam berishi ham aytib o‘tilgan.

29 oktyabr kuni Prezidentimizning «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish va davlat aktivlarini xususiylashtirish haqida»gi farmoni chiqadi. Xususiylashtiriladigan davlat korxonalari ro‘yxatida barqaror va katta daromad bilan ishlayotgan Koka-kola kompaniyasining nomi ham qo‘shilgan.

«Keyingi jarayonlarga e’tibor qilsangiz, biz kutgan va xavotirga sabab bo‘ladigan hodisa bo‘ldi. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro press-klubning 30 dekabr kungi sessiyasida «Coca-Cola Bottlers Uzbekistan, Ltd»dagi davlat ulushini sotib olish uchun 3 ta ariza kelib tushganini aytib o‘tgan. Bittasi azaldan xaridor bo‘lib kelgan Turkiyaning Coca-Cola İçecek kompaniyasi. Qolgan ikkitasi hujjat uchun tirgak qilinganlar bo‘lsa ajab emas. Bunday deyishimizga sabab, xaridorlar nomi o‘ta maxfiy ravishda sir saqlanmoqda.

Eng xavotirlanarlisi shuki, J.Qo‘chqorovning aytishicha, «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJning 57,118 foiz davlat ulushining eng yuqori narxi 70 million AQSh dollari qilib ko‘rsatilganidir.

Toshkent, Namangan, Xorazm viloyatlarida zavodlari va omborlariga ega, shuningdek, Samarqandda qurilishi yakunlanayotgan zavodi ham mavjud, yillik sof foydasi 270 milliard so‘m bo‘lgan O‘zbekistondagi 1-raqamli korxona bor-yo‘g‘i 70 million dollar baholanishida qandaydir sir bor emasmikin.

Misol uchun, Tojikistonda qurilgan birgina kichkina Koka-kola zavodining o‘ziga 70 million AQSh dollari sarflangan.

(Shu o‘rinda Rossiya bilan gaz bo‘yicha qilingan savdoda Prezidentimiz ham tilga olgan 80 million AQSh dollarlik “otkat” yodimizga tushaveradi.)

Tenderda yutish ehtimoli katta bo‘lgan Turkiyaning Coca-Cola İçecek kompaniyasiga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, bu kompaniya The Coca-Cola Company (AQSh)ning Markaziy Osiyodagi dileri hisoblanadi. Ushbu kompaniya Markaziy Osiyoda 25 ta yaxna ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonasiga ega. U barcha xom-ashyoni va etiketkadan tortib qopqog‘igacha (suvdan tashqari) Turkiyadan olib keladi. Bu esa hozirda O‘zbekistondagi Koka-kola kompaniyasini xom-ashyo bilan taminlovchi o‘nlab korxonalarimizning yopilishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, amaldorlarimizning bu harkatlari — minglab mahalliy aholining ishsiz qolishiga «xizmat qilishi» mumkin», — qayd etiladi maqolada.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring