Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Aholi orasida vaksinaga ishonch ortmoqda» – vaksinatsiyaning ilk oyi ortda qoldi

«Aholi orasida vaksinaga ishonch ortmoqda» – vaksinatsiyaning ilk oyi ortda qoldi

Yurtimizda koronavirusga qarshi emlash jarayonlari boshlanganiga roppa-rosa bir oy bo‘ldi. SSV matbuot xizmati tafsilotlarni ma’lum qildi.

Shu yilning 1 aprelidan boshlab bir yildan ortiq vaqt mobaynida yurtdoshlarimizga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlariga start berildi. Bu jarayonga yetib kelgunga qadar mamlakat bo‘ylab quyidagi tayyorgarlik ishlari olib borildi:

  • mamlakat bo‘ylab 3 138 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi tibbiy brigadalar shay holatga keltirildi;
  • hududlarga vaksinalarni tashish uchun COVAX dasturi doirasida 17 ta avtorefrijerator, 206 ta yuk tashuvchi miniven va 16 ta yengil avtotransport vositalari olib kelindi;
  • emlash jarayonlari uchun 4 ming nafardan ortiq shifokor va 11 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimi jalb qilindi;
  • vaksinatsiya jarayonlari uchun ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1 million dozalik va AstraZeneca vaksinasining 660 ming dozalik zaxirasi shakllantirildi.

Dastlabki rejaga ko‘ra, aprel oyi davomida Toshkent va Nukus shahri hamda viloyat markazlaridagi 219 ta emlash punktlarida birinchi navbatda 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan tibbiyot xodimlarini ixtiyoriy tarzda emlash ko‘zda tutilgan edi.

Vaksinatsiyaning ilk kunida 5018 nafar yurtdoshimiz koronavirusga qarshi himoyalangan. Ularning 1871 nafari 65 yosh va undan oshgan aholi qatlami bo‘lsa, 3147 nafari tibbiyot xodimi edi.

Vaksinatsiyaning birinchi o‘n kunligida 148 ming nafardan oshiq aholi emlangan bo‘lsa, ikkinchi o‘n kunlik yakunida 458 ming nafardan ortiq aholi emlangan edi. Bir oy davomida jami emlangan aholi 797 781 nafarni tashkil qildi. Bu raqamlar aholi orasida vaksinaga bo‘lgan ishonchning ortib borayotgani va o‘z salomatligiga befarq bo‘lish holatlari kamayayotganiga dalil bo‘la oladi, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring