O‘zbekistonda tamaki va spirtli ichimliklar sotishda yoshga doir taqiq kuchaytirilmoqda
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 36-yalpi majlisida «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ma’qullandi.
Qonun quyi palata tomonidan 25 oktyabr kuni qabul qilingan.
Qonun alkogol va tamaki mahsulotlarini, shuningdek, tamaki va nikotinni iste’mol qilish uchun vositalarini 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotishni taqiqlaydi.
Ushbu mahsulotlarni sotuvchining bevosita ishtirokisiz, shu jumladan savdo avtomatlari va boshqa elektron yoki mexanik qurilmalar orqali, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish javonlaridan hamda elektron tijorat ko‘rinishida sotish (bundan ko‘piklanadigan va tabiiy vinolar mustasno), shu jumladan, har qanday usul bilan yetkazib berish taqiqlanadi.
Ushbu mahsulotlarni ko‘chma va sayyor savdo yo‘li bilan (qo‘l, lotoklarda, savatchalarda, qo‘l aravachalarida), ko‘chmas savdo ob’yektlaridan tashqarida, dorixonalarda va bolalar tovarlarini sotish uchun mo‘ljallangan binolarda sotish taqiqlanadi.
Shuningdek, bolalar o‘yinchoqlari, shirinliklari yoki boshqa bolalar mahsulotlariga taqlid qiluvchi bunday mahsulotlarni sotish ham taqiqlangan.
Alkogolli va tamaki mahsulotlari hamda tamaki va nikotindan foydalanishga mo‘ljallangan vositalarini sog‘liqni saqlash tashkilotlari, ta’lim muassasalari, madaniyat muassasalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, sanatoriylar va tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududida sotish mumkin emas.
Hujjat prezident tomonidan imzolanishi kerak. Shundan so‘ng u uch oy muddatda, tamaki mahsulotlari, tamaki va nikotin iste’mol qilish vositalariga qo‘yiladigan qadoqlash va markalash talablari to‘g‘risidagi qoidalar esa bir yil ichida kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter