O‘zbekistonda ilm-fan taraqqiyotining ahvoli
O‘zbekistonda ilm-fan taraqqiyotining ahvoli. Uning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar, mavjud muammolar va ularni hal etish bo‘yicha mulohazalar.
Ilm-fan — har qanday davlatni rivojlanishga yetaklovchi asosiy kuch hisoblanadi. Davlatning rivojlanishini fan taraqqiyoti orqali baholash juda ham o‘rinli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois O‘zbekiston uchun ilm-fan taraqqiyoti farovonlik va barqarorlik yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Konstitutsiyamizda davlat jamiyatning ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qilishi bejiz qayd etilmagan. Tarixdan o‘zbek jamiyatida ilmga hurmat va ehtirom an’ana sifatida saqlanib kelgan. Buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriy aytganlaridek, "dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay".
Ilm-fanning hozirgi holati
Bugungi kunda O‘zbekistonda 30 mingdan ortiq shaxs ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanadi, ularning 27 mingdan ortig‘i oliy ma’lumotga ega.
Har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining salmoqli qismi ijtimoiy xarajatlarga, shu jumladan, ta’lim va ilm-fanga sarflanadi. 2021-yilda mamlakat budjetidan faqat innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun 239 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. 2022-yilda bu ko‘rsatkich 671 milliard so‘mdan ortiqni yoki davlat budjeti xarajatlarining 0,39 foizini tashkil etadi.
O‘tgan to‘rt yil davomida 28 ta ilmiy tashkilot va 4 ta innovatsion texnopark tashkil etildi. Olimlarning maoshlari uch baravarga ko‘paydi. Soha tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini yangilashga katta mablag‘lar sarflandi. Davlat ilmiy-tadqiqot siyosatining muhim ishtirokchisi sifatida 28 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi va 4 ta davlat muzeyini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining faoliyati takomillashtirildi.
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish sohasida muhim qadam bo‘lib, ushbu yo‘nalishda salmoqli ishlarni amalga oshirishga xizmat qildi. Xususan, vazirlikning bevosita ko‘magi bilan 2018-2021-yillarda 342 ta ilmiy ishlanma tijoratlashtirildi. Natijada 151,2 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi, 128,7 milliard so‘mlik mahsulotlar sotildi.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda ilm-fan va innovatsiyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishning huquqiy asoslari yaratildi. Jumladan, 2018-2021-yillarda ilmiy-innovatsion faoliyat sohasida 2 ta qonun, Prezidentning 5 ta Farmoni va 26 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 35 ta qarori va 7 ta farmoyishi qabul qilindi.
Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha erishilgan yutuqlarga qaramay, hali hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qator muammolar mavjud. Ayniqsa, bugungi kunda globallashuv va raqamlashtirish davrida aynan innovatsion yondashuv mamlakat muvaffaqiyatiga zamin yaratadi. Bunday yondashuvni faqat ilm-fan yutuqlari tufayli qo‘llash mumkin, shuning uchun ilm-fan taraqqiyoti davlatning innovatsion rivojlanishining muhim tarkibiy qismidir.
Ilm-fan muammolari iqtisodiy o‘sishga, aholi turmush darajasini yaxshilashga, ijtimoiy sohaning dolzarb muammolarini hal qilishga bevosita ta’sir qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktyabrdagi PF–6097-son Farmoni bilan tasdiqlangan Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ilm-fanni rivojlantirish yo‘lidagi 19 ta muammo alohida belgilandi. Iqtisodiyot real sektori korxonalarining ilm-fanga e’tibori yuqori emasligi, ilmiy-tadqiqot o‘tkazadigan jamoalar o‘rtacha yoshining kattaligi, ilm-fan va ilmiy faoliyatga moliyaviy resurlarning yetarli darajada yo‘naltirilmayotgani shular jumlasidandir. Ushbu muammolarni hal qilish muhim bo‘lib, har tomonlama va chuqur o‘ylangan choralar ko‘rishni talab qiladi.
Fan sohasidagi asosiy muammolar
Birinchidan, dissertatsiya himoyasi va ilmiy-pedagogik faoliyatni amalga oshirish muammolari. Zamonaviy ilmiy-pedagogik kadr – bu o‘z ishi bilan dolzarb muammoni tahlil qiladigan va ushbu muammoning samarali yechimlarini ilgari suradigan tadqiqotchi. Bunday ta’rif olimning o‘zidan halollik va mehnatsevarlikni talab qiladi. Ilm-fanning zamonaviy rivojlanishi sharoitida ushbu ta’rifning dolzarbligiga shubha qoldirmaydi.
Bugungi kunda ilmiy va pedagogik faoliyatni amalga oshirishda bo‘lajak tadqiqotchi bir qator muammolarga duch kelmoqda. Ulardan birinchisi – dolzarb tadqiqot mavzusini tanlashdir. Afsuski, hamma ham bunga e’tibor bermaydi. Ba’zan tadqiqot mavzusining to‘g‘ri tanlangani muvaffaqiyatning kaliti hisoblanadi. Tanlangan tadqiqot mavzularining tahlili asosan eskirgan yoki ahamiyatsiz bo‘lgan tadqiqot mavzularining hali hamon mavjudligini ko‘rsatmoqda. Ba’zi mavzular ko‘proq referatlar mavzusiga o‘xshaydi. Ba’zida tadqiqotchilar mavzu nomiga tuzatishlar kiritishga majbur bo‘lishadi. Jumladan, tadqiqot mavzulari chop etilishi lozim bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining byulletenlarida tadqiqot mavzusi nomidagi o‘zgarishlarni chop etish uchun alohida sahifalar ajratiladi. Ba’zi mavzularning nomlari uch-to‘rt marta o‘zgaradi. Bunday holda, tabiiy savol tug‘iladi – bunday o‘zgarishlarning sababi nima? Nima uchun tadqiqotni amalga oshirish bosqichida mavzuni o‘zgartirishga ehtiyoj vujudga keladi? Bu savollarga javoblar turlicha bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi muammo – ilmiy faoliyat bilan bog‘liq jarayonlarda ortiqcha rasmiyatchiliklarning mavjudligi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, tadqiqot mavzulari maxsus byulletenda e’lon qilinishi kerak. Aks holda, mavzu rasman tadqiqotchiga biriktirilmagan hisoblanadi. Har qanday o‘zgarish, hatto tahririy o‘zgarishlar ham ushbu byulletenda aks etishi lozim. Xuddi shunday dissertatsiyani himoya qilish uchun rejalashtirilgan himoya haqidagi xabar ham Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining veb-saytida e’lon qilinishi kerak. Ba’zi tadqiqotchilar dissertatsiyani himoya qilish to‘g‘risidagi xabarni nashr etish bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqdalar (dissertatsiya matni va avtoreferatni belgilangan talablarga muvofiq to‘g‘ri rasmiylashtirish talab etiladi).
Rasmiyatchilik jarayoni ayrim hollarda Ilmiy kengashlar va talabgorlar orasidagi munosabatlarda ham kuzatilmoqda. Qoida tariqasida, Kengashga talabgorning hujjatlarini taqdim etish an’anaviy usulda amalga oshiriladi. Ilmiy bahs-munozara maydoni bo‘lgan Ilmiy kengashlar faoliyati, xususan bayonnoma yuritilishi va turli rasmiyatchilikka rioya qilinishi bilan bog‘liq holatlar ham raqamlashtirish orqali soddalashtirilishi mumkin.
Uchinchi muammo – ilmiy kengashlarning nisbatan zaif o‘rni. Ishning asosiy qismi mazkur kengashlar faoliyat ko‘rsatayotgan universitet yoki ilmiy tashkilotda tekshirilsa-da, dissertatsiya himoyasi bo‘yicha yakuniy qaror Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Shu o‘rinda universitetlar yoki ilmiy tashkilotlarning mustaqilligini oshirish, ularning tadqiqot sifati uchun javobgarligini mustahkamlash masalasini o‘ylab ko‘rish kerak. Albatta, bunda Ilmiy kengashlar faoliyati ustidan monitoring olib borish mexanizmlari yaratilishi, ochiqlik va shaffoflik ta’minlanishi lozim.
Ilmiy kengash faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish ham muhim vazifa sanaladi. Ayniqsa, taqrizchi yoki rasmiy opponentlarni belgilash, ilmiy tadqiqot ishini muhokama qilish va himoyaning keyingi bosqichlariga tavsiya qilish masalalarida axborot texnologiyalarini joriy etish orqali manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadga muvofiqdir.
Dissertatsiyani himoya qilish uchun tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish dolzarb muammolardan biri sanaladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, dissertatsiyani himoya qilish uchun ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish talab etiladi. Ilmiy natijalarni joriy etish to‘g‘risidagi hujjatsiz falsafa doktori va fan doktori bo‘lish mumkin emas. Ba’zan tadqiqot natijalari kelajakda (uzoq vaqt davomida) amalga oshirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin, bu esa bajarilgan dissertatsiya ishi uning natijalari amaliyotga joriy etilgani to‘g‘risidagi hujjat yo‘qligi sababli himoya qilinmasligiga olib keladi. Bu ba’zi tadqiqotchilarni natijalarini tezda amaliyotga joriy etish yo‘llarini topishga undaydi, bunga esa har doim ham erishishning iloji yo‘q.
Fikrimizcha, eng katta muammo ilmiy nashrlar muammosidir. Xalqaro va milliy reytinglarga kirish zamonaviy tadqiqotchi oldida tadqiqot natijalarini xalqaro ma’lumotlar bazalari (Scopus, Web of Science va boshqalar) tomonidan indekslangan jurnallarda nashr etish vazifasini qo‘yadi. Bunday jurnallarda maqola nashr etish tajribasiga ega bo‘lmagan tadqiqotchilar o‘zlarining nashrlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqdalar – jurnal tahririyati ularning maqolalarini nashr etishdan bosh tortadi yoki maqolalar tahrirlash va kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytariladi (nufuzli ilmiy jurnallar) yohud nashr uchun to‘lov talab qilinadi. Maqolani yakunlash va tuzatish har kim ham hal qila olmaydigan qiyin vazifadir. Shuning uchun, nashr uchun to‘lovni amalga oshirish ko‘pchilik uchun ma’qul yo‘l, deb topiladi. Bunday usulni tanlashda muallif haqiqatan ham jurnalning sifati va obro‘siga e’tibor bermaydi. Ba’zilar shubhali obro‘ga ega bo‘lgan bunday jurnallarda ularning maqolalari darhol, hech qanday e’tiroz va taqrizlarsiz, faqat nashr uchun to‘lovni amalga oshirish sharti bilan qabul qilinishiga hayron bo‘lmaydilar. Shuning uchun ko‘pchilik “yirtqich” jurnallar, deb nomlangan jurnallarning qurboniga aylanadi. Maqolalarning tezkor nashr etilishiga bo‘lgan talab tobora ko‘proq tadqiqotchilarni bunday “yirtqich” jurnallarga murojaat qilishga majbur qilmoqda. Publons tomonidan 2020-yilda o‘tkazilgan tadqiqot Internetdagi 1000 dan ortiq “yirtqich” jurnallar uchun kamida 6000 “soxta” taqrizlar taqdim etilganini aniqladi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, keng qo‘llaniladigan Scopus ilmiy ma’lumotlar bazasida shubhali nashr etish amaliyotiga ega bo‘lgan 300 dan ortiq “yirtqich” jurnallardagi maqolalar saqlanadi. Birgalikda ushbu jurnallarda uch yil ichida 160 mingdan ortiq maqola chop etildi – bu ushbu davrda Scopusda indekslangan tadqiqotlarning deyarli 3 foizni tashkil etadi.
2019 va 2020-yillar uchun Scopus tizimidan chiqarib tashlangan maqolalarning yuqori ulushi (mos ravishda 32,5 foiz va 59,7 foiz) o‘zbekistonlik mualliflarga tegishli ekanligi tufayli O‘zbekiston dunyoda sifatsiz ilmiy maqolalar chop etuvchi “yetakchi” davlatga aylanib bormoqda. “Yirtqich” jurnallarda maqolalar nashr etilishining oldini olish uchun Scopus, Science va boshqa nufuzli ma’lumotlar bazasiga kiritilgan jurnallar sifatini kuzatish va baholashning aniq va ravshan mexanizmlari, mualliflar uchun ilmiy maqolalarni nashrga tayyorlash va loyihalash bo‘yicha maqolalar sifatini aniqlash tartibi va uslubiy tavsiyalarning yo‘qligi ushbu muammoning tobora keskin tus olishiga olib kelmoqda.
Bunday holatlarning oldini olish uchun xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritilgan va tavsiya etilgan jurnallar ro‘yxatini rasman tasdiqlash va muntazam yangilab borish hamda “yirtqich” jurnallar ro‘yxatini e’lon qilib borish lozim. O‘z navbatida, insofli va halol olim obrazini shakllantirish, yosh olimlarga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadga muvofiq hisoblanadi. E’tibor miqdorga emas, sifatga qaratilishi kerak.
Ikkinchidan, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan yagona kompleks yondashuvni qo‘llash bilan bog‘liq muammolar. O‘zbekiston Respublikasida ilm-fan va innovatsiyalarni boshqarishning o‘rnatilgan tizimi ko‘p vektorli yondashuv mavjudligidan dalolat beradi. Ushbu sohada davlat boshqaruvi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston Respublikasining innovatsion va ilmiy-texnik rivojlanishi sohasidagi yagona davlat siyosatini olib boradi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy ta’lim muassasalariga o‘quv-pedagogik va ilmiy-metodik rahbarlikni amalga oshiradi, ularda ilmiy-tadqiqot ishlarini hamda belgilangan tartibda ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni tashkil etadi. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha vakolatli davlat organi esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hisoblanadi.
Ushbu tizim ilm-fan va innovatsiyalarning tarmoq sifatida rivojlanishiga qaratilgan edi. Biroq ushbu mexanizm ta’lim, fan va ishlab chiqarishning to‘liq integratsiyasiga imkon bermaydi. Ushbu yondashuv muammosi ilmiy kadrlar tayyorlash masalalarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Misol uchun, Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy darajaga ega kadrlar tayyorlash tizimini muvofiqlashtiradi, shu jumladan, doktoranturaga qabul kvotalarini ajratadi. Ilmiy kadrlarni tayyorlash, qoida tariqasida, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ilmiy-uslubiy rahbarlik amalga oshiriladigan oliy ta’lim muassasalarining o‘zida amalga oshiriladi. Ilmiy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish, xususan, fan doktori yoki falsafa fanlari doktori diplomini berish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Mohiyatan yaxlit bo‘lgan ushbu tizimdagi davlat boshqaruviga nisbatan bunday yondashuvni samarali va kompleks, deb atash qiyin.
Bu qismda Fanlar akademiyasining ilmiy hamjamiyatning yetakchi tashkiloti sifatidagi o‘rni va ahamiyati ham oshirilishi lozim. Fan va texnologiyalarni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etishning uslubiy asoslarini yaratishda Fanlar akademiyasi tashabbuskor bo‘lishi lozim. Fanlar akademiyasi yetakchi davlat ilmiy muassasasi sifatida milliy ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga nisbatan yagona yondashuvni ishlab chiqishi kerak.
Uchinchidan, mamlakat innovatsion rivojlanishining nisbatan past darajada ekani. Yana bir muammo – bu mamlakatni innovatsion rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligi. O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda tutgan o‘rni buning yorqin dalilidir. Dunyo mamlakatlarining innovatsion rivojlanish tendensiyalarini belgilovchi Global innovatsiyalar indeksining 2021-yilgi natijalarida O‘zbekiston 132 mamlakat orasida 86-o‘rinni egalladi. O‘zbekistonning reytingdagi mavqei o‘tgan yilga nisbatan 7 pog‘onaga, 2015-yilga nisbatan esa 36 pog‘onaga oshdi. Bu haqiqatan ham muhim yutuq. Biroq, O‘zbekiston hamon Qozog‘iston, Ozarbayjon, Yamayka, Mongoliya, Filippin kabi davlatlardan ortda qolib, quyi-o‘rta daromadli mamlakatlar (reytingda mamlakatlar 4 guruhga bo‘lingan – yuqori daromadli, yuqori-o‘rta daromadli, quyi-o‘rta daromadli, kam daromadli) guruhida. Asosiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, O‘zbekistonda tartibga solish sifati, intellektual mulk siyosati va zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulot yaratish bilan bog‘liq muammolar mavjud. Shu munosabat bilan O‘zbekiston zaif pozitsiyalarga ega bo‘lgan va katta natijalarga erisha oladigan sohalarda islohotlarni amalga oshirishi kerak. Yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, dolzarb masalalar bo‘yicha hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish zarur.
Intellektual mulk siyosati kichik ahamiyatga ega emas. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, intellektual mulk huquqlari va royaltini boshqarish bozori 2016-yilda 4,28 milliard AQSh dollaridan 2021 yilga kelib 12,68 milliardgacha, 2016-yildan 2021-yilgacha o‘rtacha 24,2 foizga o‘sdi. Endi aynan intellektual mulk ilm-fan rivojlanishining istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. Shuning uchun mamlakatda ilmiy-texnikaviy ijodkorlik va ixtirochilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish lozim.
Sog‘lom raqobatning yo‘qligi ham ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ba’zi hollarda, ayrim ilmiy tashkilotlar fanning tegishli sohalarida raqib sifatida ko‘rinmaydigan yagona tashkilot sifatida ishlaydi.
Mamlakatni innovatsion rivojlantirish ishlarini takomillashtirishda venchur fondlari faoliyatini kuchaytirish lozim. Venchur investitsiyalar ko‘plab kompaniyalar va mahsulotlar rivojiga hissa qo‘shdi. Masalan, Google tashkil etilganda ta’sischi bo‘lgan ikki kishi tomonidan kiritilgan sarmoya 200 ming AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, kompaniyaning joriy kapitallashuvi bir trillion AQSh dollaridan oshadi.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, ilm-fan rivojlanishi yo‘lida quyidagilarni amalga oshirish kerak:
– O‘zbekistonda tadqiqotchilar uchun ilmiy odob-ahloq Kodeksini qabul qilish orqali ilmiy-tadqiqot muhitida akademik halollik muhitini va sog‘lom raqobatni shakllantirish;
– ortiqcha byurokratik to‘siqlar va talablarni bartaraf etgan holda, dissertatsiya himoyasining amaldagi tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajalarini tasdiqlash vakolatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilmiy Kengashlarga bosqichma-bosqich o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqish;
– Ilmiy kengashlar faoliyatiga raqamlashtirishni joriy etish orqali manfaatlar to‘qnashuvi, turli rasmiyatchiliklarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, Ilmiy kengashlarning mas’uliyatini oshirish;
– tegishli davlat idoralari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish orqali ilm-fan va innovatsiya sohasida davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish;
– ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun samarali va ta’sirchan tizimni yaratish, soxta ilmiy faoliyatga yo‘l qo‘ymaslik (sifatsiz ilmiy maqolalar, “yirtqich” ilmiy jurnallarda nashr etish);
– xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalarida indekslangan jurnallarda ilmiy maqolalar tayyorlash va rasmiylashtirish bo‘yicha mualliflar uchun Uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;
– mamlakatni innovatsion rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning tizimli va maqsadli qabul qilinishini ta’minlash (venchur investitsiyalarini faollashtirish, xalqaro ilmiy hamkorlik, intellektual mulk sohasidagi siyosati).
Abdulaziz Rasulev,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosati tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari,
yuridik fanlar doktori, professor,
Shohjahon Xo‘jayev,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Intellektual mulk huquqi kafedrasi mudiri,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter