O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan «Ozod yurt to‘lqinlari» XIII media-festivali o‘tkazildi
Joriy yilning 28 avgust kuni Poytaxtimizdagi «Residence Park Hotel Tashkent» (sobiq «Turkiston»mehmonxonasi)da O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan nodavlat teleradiokanallar vakillari ishtirokida «Ozod yurt to‘lqinlari» XIII media-festivali bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari hamda Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zEOAVMAga a’zo bo‘lgan nodavlat markaziy va hududiy teleradiokanallar rahbarlari, xodimlari hamda jurnalistlar, axborot veb-saytlari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.
Milliy jurnalistikamizni rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini erkinlashtirish, xususan nodavlat teleradiokanallarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, ushbu yo‘nalishda xizmat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur festival, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idorlar, xalqaro va jamoat tashkilotlari hamkorligida 2008 yildan beri o‘tkazib kelinadi.
Festival avvalida O‘zEOAVMA Boshqaruvi raisi F. Abduxoliqov so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, so‘z erkinligi, amalga oshirilayotgan islohotlar va jamiyatimiz hayotidagi ayrim muammolarni yoritishda jurnalistlardan oshkoralik, xolislik hamda adolatli yondashuvlar, davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan alohida g‘amxo‘rlik va yuksak e’tibor mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarini yangidan-yangi yuksak marralar sari chorlayotgani, ijodiy barkamollikka undayotganini alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, 2021 yilning aprel oyida O‘zEOAVMA tomonidan ishlab chiqilgan «Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh» media dasturi ham o‘zida 60 ta yirik loyihani jamlagan bo‘lib, ular orasida Yangi O‘zbekiston g‘oyasini o‘zida mujassam etgan, islohotlar mohiyatini ochib beruvchi, mamlakatimiz yangi qiyofasini xalqaro jamoatchilikka yetkazadigan media mahsulotlar tayyorlash hamda nodavlat teleradiokanallarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, ularda faoliyat ko‘rsayotgan ijodiy va texnik xodimlar malakasini oshirish singari masalalarga alohida o‘rin ajratilgan.
Shu maqsadda joriy yil 2 iyul kuni assotsiatsiya a’zolarining navbatdagi yig‘ilishida teleradiokanallarga 1 milliard so‘mlikdan ziyod zarur texnikalar, asbob-uskunalar topshirilgan edi. 19 avgust kuni O‘zEOAVMA Konferensiyasida a’zolarga, xususan, markaziy telekanallar faoliyatini rivojlantirish uchun har biriga 500 mln. so‘m, hududiy telekanallarga 200 mln. so‘m, markaziy radiolarga o‘rtacha 120 mln so‘mdan, hududiy radiokanallarga 60 mln so‘mdan, jami 9 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.
Festival doirasida O‘zEOAVMAga a’zo teleradiokanallarda faoliyat ko‘rsatayotgan hamda axborot agentliklari jurnalistlari, blogerlardan – 104 nafar ijodiy va texnik xodimlarga «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni tantanali topshirildi va ular umumiy qiymati 530 million so‘mlik noutbuklar va boshqa sovg‘alar bilan taqdirlandi. Taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, bayram tomoshalari tadbir ishtirokchilarini xushnud etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter