Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekiston qalbimda alohida o‘rin tutadi!..» Livandagi vatandosh bilan suhbat

«O‘zbekiston qalbimda alohida o‘rin tutadi!..» Livandagi vatandosh bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar»ning bu galgi qahramoni Livandagi «Universal Homes LTD» kompaniyasi rahbari Xaydar Bagirov.

Suhbatdoshimiz 1984-yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Keyinroq uning oilasi Birlashgan Arab Amirliklariga ko‘chib o‘tadi. Natijada, u o‘rta ta’limni Dubaydagi Choueifat xalqaro maktabida davom ettiradi.

Keyinroq, Sharja Amerika universitetining «Biznes boshqaruvi» fakultetida tahsil oladi.

Postsovet mamlakatlaridagi ta’limdan keskin farq qilardi

SSSR parchalanishidan sal avval Samarqandda tug‘ilganman. Hudud O‘zbekistonning o‘ziga xos tarixiy va madaniy maskanlaridan biri edi.

Aytishim mumkinki, bolaligim juda ajoyib o‘tgan. Oilam bilan butun SSSR bo‘ylab sayohat qilish, bir muncha vaqt Moskva, Belarus va Sochida yashash baxtiga muyassar bo‘lganman. Bolaligimda butun Yevropa bo‘ylab sayohat qildim va ko‘p narsalarni o‘rgandim. Garchi o‘sha yillari SSSRda harakatlanish cheklovlari mavjud bo‘lsa-da, xayriyatki, bu menga ta’sir qilmagan.

1992 yil oilamiz Birlashgan Arab Amirliklariga ko‘chib o‘tdi, u yerda darhol maktabda, keyin esa universitetda muqobil ta’lim tizimiga qo‘shilishim kerak edi. Ochig‘i, bu nafaqat O‘zbekistondagi, balki barcha postsovet mamlakatlaridagi ta’limdan keskin farq qilardi.

Men mintaqadagi eng nufuzli va go‘zal universitetlaridan biri bo‘lgan Sharja Amerika universitetiga o‘qishga kirish sharafiga muyassar bo‘ldim. Amerika ta’lim tizimi e’tirof etilgan, shuning uchun mening tanlovim ushbu universitetga to‘g‘ri keldi. O‘z biznesim bo‘lishini istagan ota-onamning maslahati bilan oliygohning «Biznes boshqaruvi» dasturini tanladim.

Bugun dunyo juda o‘zgarmoqda. O‘zbekistondagi aksariyat maktab va universitetlarda shunday yuqori standartlar mavjudki, sifatli ta’lim olish uchun boshqa joyga borishning ham hojati yo‘q. Chet elga sayohat qilish har doim ajoyib, chunki ular insonning hayot ufqlarini kengaytiradi. O‘ylashimcha, mamlakatingizda siz izlayotgan maxsus ta’lim yo‘nalishi bo‘lmasagina, boshqa davlatga o‘qish uchun borish maqsadga muvofiq.

Hozir ham ta’lim haqiqiy hayotga mos kelmaydi

Garchi universitetda olgan bilimlarim biznes faoliyatimda bir necha bor yordam berganiga qaramay, men yoshlarga muhandis, uchuvchi, arxitektor, stomatolog, shifokor va dasturchi kabi kasblarni tanlashni tavsiya qilgan bo‘lardim.

To‘g‘ri, men mintaqadagi eng yaxshi G‘arbiy universitetda o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldim. Biroq, shaxsiy fikrimcha, G‘arb ta’lim tizimi yuqori darajada emas. Men qiyin dastur tufayli emas, balki doimiy siqilish va elementar mantiqning yetishmasligi tufayli o‘rganishda qiyinchiliklarga duch kelganman. G‘arbiy ta’lim modelida men uchun kognitiv bilim va real holatlar bo‘yicha treninglar yetishmadi. Umuman, 2000-yillardagi ta’lim tizimi ancha eskirgan.

Hozir ham ta’lim haqiqiy hayotga mos kelmaydi. Agar otamning hayotiy tajribasi bo‘lmaganida, faqat universitet bilimlari bilan muvaffaqiyatga erisha olmasdim, deb o‘ylayman. Yana shuni qo‘shimcha qila olamanki, bizning dunyomiz yanada dinamik bo‘lib bormoqda va eski o‘qitish usullari global islohotga muhtoj. Bu dunyodagi eng nufuzli universitetlarga ham tegishli.

Ertaga hamma narsani yo‘qotishingiz mumkin

Otam muvaffaqiyatli biznesmen, undan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Men nihoyatda omadli insonman, deb ayta olaman, chunki otamning o‘tmishdagi xatolaridan saboq olishga muvaffaq bo‘ldim. Natijada, u orqali juda ko‘p tajriba va bilimlar bilan o‘z kareramni boshladim. Ishonamanki, biznes hamma uchun ham mos emas, boisi u juda xavfli soha.

Bugun siz o‘nlab million dollar ishlab olishingiz, ertaga esa hamma narsani yo‘qotishingiz mumkin. Xodim sifatida martaba qilish ancha barqaror va xavfsizroq. Agar sizda katta ambitsiyalar bo‘lsa, biznes sizning sohangizdir.

Livan tizimi eng noyob bo‘lib tuyuldi

Garchi dunyoning ko‘p joylarida biznes ochish imkoniyatiga ega bo‘lsam ham, Livan tizimi menga eng noyob bo‘lib ko‘rindi. Avvaliga buni tushunish qiyin edi, lekin Livanda yashab, bu yerda biznes yuritish uchun juda qulay sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘lasiz. Livan har doim Fors ko‘rfazi mamlakatlarida yuqori lavozimlarga taklif qilingan iste’dodlari va professionallari bilan mashhur bo‘lgan. Livanda meni hayratga soladigan narsa bu nafaqat ajoyib tog‘-chang‘i va plyaj kurortlariga ega bo‘lgan g‘ayrioddiy tabiati, balki odamlarning qiziqarli turmush tarzi va mentalitetidir. Men livanlik kabi professionallar bilan ishlashni juda xohlardim, shuning uchun «Universal Homes LTD»ning Bosh ofisni shu yerda ochdim. Aytmoqchimanki, Livanda ishlash haqiqiy zavq.

Kompaniyamiz yirik ishlab chiqaruvchilar bilan turar-joy va tijorat loyihalari bo‘yicha hamkorlik qiladi. Xususan, biznes strategiyalarini ishlab chiqishda ko‘maklashamiz.

Raqobatda faqat afzalliklarni ko‘raman

Dunyo iqtisodlarining aksariyati kapitalistik tizimga o‘tdi. Muvaffaqiyatga erishish uchun siz unga moslasha olishingiz kerak. Kapitalizm bizga raqobatni o‘rgatdi, raqobat esa, o‘z navbatida tovarlar va xizmatlar sifatini yaxshilaydi. Shaxsan men raqobatda faqat afzalliklarni ko‘raman. Ya’ni o‘zingni, bilimingni sinab ko‘rish, pirovardida yaxshiroq xizmat ko‘rsatish uchun imkon chegaralarini bosib o‘tish. Raqobatchilardan ustunlik hissini hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi.

Hamfikrlar umumiy maqsadga erishish uchun - pul emas, balki yaxshiroq bo‘lish uchun birlashganda, inson tafakkurining kuchi nimaga qodir ekanligiga aql bovar qilib bo‘lmaydi. Pulga intilish kamdan-kam hollardagina muvaffaqiyatga olib keladi. Raqobat biznes uchun yaxshi. Siz undan qo‘rqmasligingiz lozim.

O‘z biznesini ochgan odamlar o‘zlari boshlayotgan tavakkalchiliklarini yaxshi bilishadi. Shaxsan men, original biznes-rejani, hatto eng mohir strategiyani ham hech qanday tuzatishlarsiz amalga oshirilganini ko‘rmaganman. Fikrimcha, biznesdagi qiyinchiliklarni erta aniqlashga odatlanish zarur.

Moslashuvchanlik muvaffaqiyat kaliti

Ba’zi odamlar muammolar va qiyinchiliklarni salbiy narsa deb bilishadi. Hech qachon muammoni unutish uchun tuzatishga urinmaslik kerak. Qanday sharoitlarda bu holat yana takrorlanishi mumkinligini tasavvur qilish va shu asosda kelajakda shunga o‘xshash qiyinchiliklarni oldini olish uchun biznesga yondashuvni to‘g‘rilash samarali hisoblanadi.

Tadbirkor risklarni hisoblab, bozor sharoitiga moslasha olishi kerak. Biznes-reja, albatta muhim, ammo moslashuvchanlik muvaffaqiyat kalitidir.

Faoliyatda faqat moliyaviy ma’lumotlarga tayanishning o‘zi yetarli emas, tahlil qila bilish ham muhimdir. Ma’lumotni olganingizda, u qoida tariqasida, o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Har kuni barcha tovarlarning narxlarini kuzatib borish va inqirozli vaziyatlarni oldindan ko‘ra bilish kerak. Agar siz o‘z vaqtingizni global tahlillarni kundalik o‘rganishga tayyor bo‘lmasangiz, unda biznes siz uchun emasligi aniq. Tahlillarga yangiliklar, tovarlar, valyuta kursining o‘zgarishi, yangi qonunlar, biznes yuritayotgan mamlakatning moliyaviy ahvoli kabilarni kiritish mumkin.

Amalga oshirib bo‘lmaydigandek tuyulgan orzudan boshlandi

Menimcha, O‘zbekiston barqaror iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tmoqda. Bularning barchasi mamlakat prezidentining oqilona va adolatli siyosati tufayli amalga oshmoqda. Poytaxt Toshkent hozir rivojlanish avtopilotida. Bundan tashqari, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va boshqa shaharlarda asosiy infratuzilma loyihalari amalga oshirildi, bu haqiqatan ham ulkan yutuqdir. Endi kattaroq va ulug‘vor loyihalarni amalga oshirish vaqti kelgan. O‘rtacha turmush darajasidan qoniqmaslik, aksincha, dunyoning eng yaxshi shaharlariga qarshi chiqish, katta orzu qilishdan qo‘rqmaslik, tanqidiy fikrlash va muvaffaqiyatga intilish lozim.

Masalan, dunyo turizm va texnologiya markazi, shuningdek, boylik jamlangan Dubayni olaylik. Dubayning muvaffaqiyati eng yaxshilarning eng yaxshisi bo‘lish va o‘z aholisi uchun dunyoning boshqa hech bir joyida uchramaydigan yashash sharoitlarini yaratish haqidagi dadil tasavvur va amalga oshirib bo‘lmaydigandek tuyulgan orzudan boshlandi. Ideal shahar haqidagi bu tasavvur 2006 yilda, mamlakatning eng yuqori xalqaro iste’dodlari kela boshlaganida amalga oshdi. 6-8 yilga yetmay ular Dubayni ertak shahriga aylantirishdi. Katta orzu qilish va rejalarni amalga oshirishga intilish imkonsiz narsani amalga oshiradi. Men shaharning aql bovar qilmaydigan o‘zgarishiga guvoh bo‘ldim va bevosita ishtirok etdim. Dubay va Abu-Dabining asosiy muvaffaqiyat omili shundaki, mamlakatning asosiy lavozimlariga dunyoning turli burchaklaridan mutaxassislar taklif qilingan, ular o‘z maqsadlariga erishish uchun muhim bilim va tajriba almashgan.

Qanchalik ko‘p xato qilsa, shunchalik tajribali bo‘ladi

O‘ylashimcha, muvaffaqiyatli odamlarning eski intervyularini tomosha qilish ancha qiziq va foydaliroq. Muhimi so‘zlarning o‘zi emas, balki ularning ma’nosi. Misol uchun, agar siz Apple asoschilaridan biri Stiv Jobs intervyularini ko‘rsangiz, 80-90 yillarda u o‘z davri uchun juda ilg‘or bo‘lgan narsalar haqida gapirganini sezasiz. U vaqt mashinasini yaratib, 2020 yildan ortga qaytgandek tuyuladi. Uning tafakkuri zamondoshlaridan juda farq qilgan. Bu hatto texnologiya haqida emas, balki biznes yuritish yondashuvi va boshqaruv modeli haqida. Bu sizni kamroq narsaga rozi bo‘lmaslikka ilhomlantiradi. Hech kim buni qilmasa ham, yangi va yaxshiroq narsaga intiling. Gap shundaki, afsonalarni tomosha qilish, ulardan ibrat olish aksariyat kitob yoki filmlardan ko‘ra qimmatliroq.

Inson qanchalik ko‘p xato qilsa, shunchalik tajribali bo‘ladi. Aqlli odamlar boshqalarning xatolaridan o‘rganadilar, ularni o‘zlari takrorlamaslikka harakat qiladilar.

O‘zbekiston qalbimda alohida o‘rin tutadi

Menimcha, hayot faqat biznes va puldangina iborat emas. Ish, oila, sayohat va ochiq havoda dam olish o‘rtasida muvozanatni saqlash muhimdir. Kuniga 10 soat ishlashga majbur bo‘lgan paytlarim bo‘lgan. Endi bu kerak emas, chunki men bir xil natijaga kamroq vaqt ichida erisha olaman. Bugun kuniga 4 soat ishlayman. Qolgan vaqtimni tabiat qo‘ynida o‘tkazaman, chang‘ida uchaman yoki oilam bilan vaqt o‘tkazaman. Eng so‘nggi sevimli mashg‘ulotlarimdan biri – ov qilish. Ko‘p yillardan buyon O‘zbekistondan uzoqda bo‘lishimga qaramay, u mening qalbimda alohida o‘rin tutadi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, Prezidentning oqilona siyosati tufayli biz O‘zbekistonga sarmoya kirita boshladik. Umid qilamizki, vaqt o‘tishi bilan bizning investitsion portfelimiz faqat oshadi. Ishonamizki, O‘zbekiston tadbirkorlar uchun ajoyib sarmoyaviy imkoniyatlarni taqdim etadi va kelajakda mamlakatni faqat farovonlik kutmoqda.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring