Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston iqtisodiy sohada katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi — Turkiya nashri

O‘zbekiston iqtisodiy sohada katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi — Turkiya nashri

Foto: NTV

«O‘rta Osiyoning yorqin yulduzi O‘zbekiston 2018-yilda boshlangan islohotlar natijasida iqtisodiyotida katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Qishloq xo‘jaligidan energetika, bankdan turizmgacha — ko‘plab sohalarda yangi qadamlarni tashlagan O‘zbekiston hukumati chet ellik investorlar uchun o‘z eshiklarini ochdi. 2021 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 7,5 milliard dollarga ko‘tarilishi kutilmoqda», deyiladi Turkiyaning NTV nashrida e’lon qilingan maqolada.

Bertelsmann Transformation Index (BTI)ning 2020-yilgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari, 2018-yilga solishtirganda, sezilarli yaxshilandi. Xususan, yalpi indeks ko‘rsatkichi 2018-yilgi 3,73 dan 2020 yilda 4,08 ga yetgan, iqtisodiy transformatsiya ko‘rsatkichi 0,25 ga o‘sib, 4,54 ni tashkil etgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2018-yilda 5,4 foizni, 2019- yilda 5,6 foizni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich pandemiya sababli 2020-yilda 0,7 foizga pasaydi. Shunga qaramay, XVJ YaIM o‘sishi 2025 yilgacha 5,5-6 foizgachani tashkil etishini taxmin qilmoqda. O‘zbekiston 2020-yilda MDHda iqtisodiyoti musbat o‘sishni saqlab qolgan uch davlatdan biri bo‘ldi.

O‘zbekistonda aholi jon boshiga YaIM 2018-yildagi 1540 dollardan 2019 yilda 1740 dollarga ko‘tarildi. Iste’mol narxlarining yillik o‘zgarishi (inflyasiya) 2018-yilda 17,5 foizni tashkil etdi va 2019-yilda 14,5 foizgacha tushdi. XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2025-yilda 5,1 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy operatsiyalar balansi 2018-yilda YaIMning -7,1 foizini, 2019 yilda YaIMning -5,6 foizini tashkil etdi. 2019-yilda jami oltin-valyuta zaxiralari 2018 yilga nisbatan 2 milliard dollarga ko‘payib, 29,2 milliard dollarni tashkil etdi. 2019-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari bo‘yicha MDH davlatlari orasida 2-o‘rinni, dunyoda 48-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yil yakuni bo‘yicha tashqi qarzlar umumiy hajmi 24,5 milliard dollarni tashkil etdi. Ushbu qarzning 15,8 milliard dollari davlatga, 8,7 milliard dollari xususiy sektorga tegishli. Davlat qarzining YaIMga nisbati 2019-yilda 30,6 foizni tashkil etdi va XVJning O‘zbekiston uchun tavsiya etilgan 60 foizli chegarasidan past bo‘ldi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning tovar va xizmatlar eksporti bilan bog‘liq umumiy tashqi qarzini to‘lash 2018-yildagi 19,5 foizdan 2019-yilda 15,2 foizgacha kamaydi. Kelajakda ushbu koeffitsiyent doimiy bo‘lib qolishi kutilmoqda, chunki tovarlar eksporti o‘rtacha tezlikda o‘sishda davom etyapti: 2018 yilda — 11,4 foiz, 2019 yilda — 28,6 foiz, 2020-yilda — pandemiya tufayli — 13,4 foiz. Bu ko‘rsatkich 2021-yilda 25 foiz atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Yuqoridagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishining barqaror xususiyatini aks ettiradi.

O‘zbekiston uran ishlab chiqarishda dunyoda yettinchi mamlakat

Boshqa omillar ham O‘zbekiston iqtisodiyotining barqarorlashishiga yordam berdi. O‘zbekiston oltin qazib olishda dunyoda to‘qqizinchi (yiliga 100 tonna), uran ishlab chiqarishda yettinchi o‘rinda (yiliga 2385 tonna, dunyoda ishlab chiqariladigan uranning 3,9 foizi). O‘zbekiston paxta tolasi eksportini yildan-yilga qisqartirmoqda. Bugungi kunda o‘zbek kompaniyalari o‘z to‘qimachilik mahsulotlarini dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlariga eksport qilmoqda. So‘nggi yillarda chet el investitsiyalari ichki iqtisodiyotning turli sohalarida faol ishtirok etmoqda. 2021-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 7,5 milliard dollarga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil mart oyida «Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Xususan, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga aylantirildi va barcha mas’ul tashkilotlar kambag‘allikni qisqartirish dasturini ishlab chiqishga jalb etildi. Ushbu loyiha xalqaro tajriba va qashshoqlikni kamaytirishning samarali vositalari doirasida qashshoqlik darajasini hisoblash mezonlarini o‘z ichiga oladi.

Tashqi savdoni yo‘lga qo‘yish uchun tashlangan qadamlar

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tovarlar va xizmatlar eksporti 2016-yilda YaIMning 15 foizini, 2019 yilda 31 foizini tashkil etdi. MDH davlatlari orasida 2016-2019-yillarda YaIM tarkibida eksport ulushining eng yuqori o‘sishi O‘zbekistonga to‘g‘ri keldi.

2017-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo hajmi 26,9 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda 15 milliard dollarga ko‘payib, 42,2 milliard dollarga yetdi. Bu mamlakatning butun tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

2017-2019-yillarda eksport tarkibidagi muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari ulushi 1,5 foizga, energiya tashuvchilar va neft mahsulotlari 1,3 foizga, qora metallar va ulardan olingan mahsulotlar 0,8 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, paxta tolasining ulushi 2,2 foizga, kimyoviy mahsulotlar 2,1 foizga va rangli metallarning ulushi 0,8 foizga kamaydi.

Pul-kredit siyosatidagi muhim islohotlar

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda «Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Inflyasion targetlashga o‘tish natijasida inflyasiya darajasi 2021-yilda 10 foizgacha, 2023-yilda 5 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Bu kabi inflyasiyani maqsadli rejimga o‘tkazish Buyuk Britaniya, Kanada, Yangi Zelandiya va Avstraliya kabi ko‘plab rivojlangan mamlakatlar tomonidan ham qo‘llanilgan.

Xulosa qilinadigan bo‘lsa, O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar doimiy ravishda xalqaro hamjamiyat tomonidan baholanib, qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Bertelsmann Transformation Index O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning ko‘p jihatlarini aks ettiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring