O‘zbekiston armiyasi tarixida ilk marta qo‘mondonlar vakolati kengaytirildi
![O‘zbekiston armiyasi tarixida ilk marta qo‘mondonlar vakolati kengaytirildi](https://static.xabaruz.com/crop/2/5/720_460_95_2500007181.jpg)
O‘zbekiston armiyasi tarixida birinchi marotaba harbiy unvon berish hamda lavozimga tayinlash bo‘yicha okrug qo‘mondonlarining vakolatlari kengaytirildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati malum qildi.
Mudofaa vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, endilikda qo‘mondonlar kichik serjant, III darajali serjant, II darajali serjant, I darajali serjant harbiy unvonlaridan tashqari, kichik ofitserlar tarkibiga — katta leytenant hamda kapitan unvonini berish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, qo‘mondonlarga harbiy qism komandirlari o‘rinbosarlari, bo‘linma komandirlari, xizmat boshliqlarini lavozimga tayinlash hamda lavozimdan ozod etish kabi vakolatlar ham berildi.
Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Aybek Saidov buyrug‘i bilan kecha, 27 fevral kuni 3 nafar ofitserga — Samarqand va Jizzax garnizonida xizmat qilayotgan tibbiy xizmat katta leytenanti Xolmuxammad Umarov, katta leytenant Bobur Ro‘ziyev hamda tibbiy xizmat katta leytenanti Dilmurodjon Mirzayevga kapitan unvoni topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilga qadar ofitserlik unvonlari (leytenantdan to polkovnik unvonigacha) Mudofaa vaziri tomonidan berilgan. General unvoni esa Prezident tomonidan topshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter