Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar ro‘yxatida

O‘zbekiston 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar ro‘yxatida

BBC Travel global media portali ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 25 ta yo‘nalish ro‘yxatiga kirdi.

Maqolada ta’kidlanishicha, turizm O‘zbekistonning o‘ziga xos an’analari va madaniy merosini saqlash strategiyasining muhim qismiga aylanib bormoqda. Mamlakat infratuzilmani jadal rivojlantirmoqda: yangi mehmonxonalar, yuqori tezlikdagi temir yo‘l marshrutlari, ichki aviareyslar va yangilangan madaniy diqqatga sazovor joylar sayohatchilar uchun betakror imkoniyatlarni yaratmoqda. Bularning barchasi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga va O‘zbekiston tarixiy va madaniy merosining cheksiz boyligini kashf etayotgan sayyohlarni jalb qilishga yordam bermoqda.

90 dan ortiq mamlakatning, jumladan Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishlari mumkinligi sayohatni sezilarli darajada osonlashtiradi va sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, qo‘shni mamlakatlar bilan chegarani kesib o‘tish ancha osonlashdi. 2024 yil noyabr oyida Qozog‘iston va O‘zbekistonni bog‘lovchi «Ipak yo‘li temir yo‘l sayyohati» nomli birinchi xalqaro temir yo‘l yo‘nalishi ishga tushirildi. Bu qulay yo‘nalish sayyohlarga Buyuk Ipak yo‘li izidan borib, har ikki davlatning noyob tarixiy va madaniy diqqatga sazovor joylarini bemalol o‘rganish imkonini beradi. Bunday sayohat nafaqat qadimiy savdo va madaniy almashuvlar muhitiga sho‘ng‘ish, balki mintaqada madaniy aloqalarni kengaytirish va turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, deb xulosa qiladi BBC Travel.

Ta’kidlash joizki, ro‘yxatga AQSh, Kanada, Yaponiya, Italiya, Avstraliya, Marokash, Angliya va boshqa davlatlar ham kiritilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring