O‘zbekcha gapiring, aka
Ikki-uch yil avval fleshkadagi fotosuratni chiqarish uchun bir fotostudiyaga bordim. TTZdagi «Milliy taomlar» restorani biqinidagi sartaroshxona ichida. Rus kishi ekan, 50-55 yoshlar atrofida, sochlari oq, qotmadan kelgan, sergap, serharakat. Odatimiz – ruschada muddaoni tushuntirdim. Ensasi qotgandek tuyuldi, shang‘illaganicha fleshkamni olib kompyuteriga uladi.
«Menga qara, nega o‘zbekcha gapirmaysan?»
«Rusligingizni bilib...»
«To‘g‘ri, rusman, lekin shu yerda tug‘ilganman. Rus degani o‘zbekchani bilmaydi, degani emasku! O‘zbekchani bilaman. O‘zbeklar bilan armiyada xizmat qilganman. O‘zing ham viloyatdan ekansan, qayerdansan?»
Qiziqishim ortib so‘radim: «Viloyatdan kelganimni qayerdan bildingiz?»
«Shevang Toshkentchamasku! Qayerliksan?»
«Namangandan!»
«Iye, buni qara, xizmatdoshim namanganlik edi...» Aka so‘zlashga tushib ketdi. Oxiri xulosa qildi: «O‘zi ayb o‘zinglarda, nimaga o‘zbekcha gapirmaysizlar? Shu yerda yashayaptimi, rusmi, boshqasimi, o‘zbekchani bilishi shart! O‘zbekcha gapiravering, aka!»
Hijolat bo‘ldim. Rus kishi mendan – o‘zbekdan o‘zbekcha gapirishni so‘rayotgan edi! O‘ylab qarasam, akaning gapida jon bor, tilimizni o‘zimiz hurmat qilmasak kim hurmat qiladi.
2006-2007 yillarda Isroilda, Ben Gurion universiteti qoshidagi institutida ishlaganman. Bir million atrofida rus tilida so‘zlashadigan aholi yashaydi. Men bilan birga ishlaygandigan rusiyzabon hamkasblar qo‘lidan «ivrit-rus» lug‘ati tushmasdi. Sababi oddiy ekan: ivritni bilmagan ishga qabul qilinmas ekan. Gazeta, saytlardagi ish beruvchilarning e’lonlarida uch narsa talab qilinishiga guvoh bo‘ldim: «1. Ivritni bilishi; 2. Mutaxassislik diplomi; 3. Tajribasi...» Bizdachi?
Xulosa shudir: o‘z tilimizni o‘zimiz amalda qo‘llab-quvvatlamas, unga kuch bermas ekanmiz shu ahvolda qolaveramiz. Davlat tili borasidagi «status quo» o‘zgarmasa arosatda qolaveramiz, maslahatchilar ko‘payib boraveradi. Hozirgi kunda milliy mansublik tilga qarab belgilanayotgan bir vaqtda bu juda muhimdir.
Baxtiyor ABDUG‘AFUR
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter