Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Reklamasini davlat tilida tarqatmaganlarga jarima solish taklif qilindi

Reklamasini davlat tilida tarqatmaganlarga jarima solish taklif qilindi

Reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarni buzganlik uchun fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash taklif qilinyapti.

Raqobat qo‘mitasi bu borada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish kiritishga doir qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Qo‘mita mazkur kodeksining 178-1-moddasi ikkinchi qismini «reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarga amal qilmaganlik» degan so‘zlar bilan to‘ldirishni taklif qilyapti.

Unga ko‘ra, fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan noto‘g‘ri reklama berganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik yoki aksilreklama berishdan bosh tortganlik,  davlat tiliga doir talablarga amal qilmaganlik,  xuddi shuningdek reklama qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi.

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

  • reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;
  • tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;
  • reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;
  • tele- va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak. 

Bundan tashqari, «Davlat tili haqida»gi qonunning 20-moddasiga asosan, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va e’lon qilinishi belgilangan.

Raqobat qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, respublika hududlarida joylashgan tashqi reklama ob’yektlaridagi reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini o‘rganish yuzasidan jami 9 435 ta monitoring o‘tkazilgan.

Shundan, 3 252 ta (35 foiz) reklamalar davlat tili qoidalariga muvofiq emasligi aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan, 1 483 ta (16 foiz) reklamaning matni boshqa tillarda (asosan rus tilida) berilganligi aniqlangan.

Shuningdek, 1 618 ta (17 foiz) reklama va e’lonlar matnida imloviy va lug‘aviy xatolar mavjudligi kuzatilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring