Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek xalqi uchun saviyali seriallar kerak emasmi? (video)

Xabar.uz nashri bundan avval ham o‘zbek kinosida kuzatilayotgan kamchiliklar borasidagi mavzuga qo‘l urgan edi. Zulfiqor Musoqov bilan suhbatni YouTube kanalimizdan tomosha qilishingiz mumkin. Bu galgi suhbatdoshimiz televideniyeda uzatilayotgan bir qancha teleserial va novellalar muallifi va rejissyori – Ozod Shams.

– So‘nggi vaqtlarda televideniye yoppasiga serial va telenovella olishni boshladi, niyat yaxshi, odob-axloq vajida olinayapti, deyish mumkin. Lekin har bir olinadigan kino o‘zbek xalqining kimligini ko‘rsatadi. Agar chetdan kimdir shu seriallarga qarab xulosa qiladigan bo‘lsa, o‘zbeklarning yarmi o‘zini eplay olmaydigan boqimanda, qolgani esa firibgar, ayollari esa yengiltabiat degan xulosaga kelishi hech gap emas. Bu borada umumiy fikringiz qiziq...

– Umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, barchasi sharoitga borib taqaladi. Serial va telenovella buyurtmachilari bu – televideniye. Mavzu bizda yo‘q, chet el kinolariga o‘xshab 18+ kinolarni suratga ololmaymiz. Hech iloj yo‘qki, ma’lum bir doirada aylanishga majburmiz. Televideniye talab qo‘yadi, yon-atrofda, mahalla va qo‘ni-qo‘shningizda yuz berayotgan mavzularni ko‘tarish kerak. Bizdagi mavzular nima? Yana o‘sha qaynona-kelin o‘rtasidagi kelishmovchilik va mojarolar.

– Teleseriallar «tarbiya berish» vajida olinayapti, ammo tarbiyaning boshqa usullari ham bor-ku. Ya’ni, razillikning har qanday ko‘rinishini olib chiqib, jinoyat jazosiz qolmaydi degan g‘oyani ilgari surishdan ko‘ra, kuchli insonlar obrazi orqali tarbiyani shakllantirsa bo‘lmaydimi?

– Teleserial va novellalarni kim ko‘radi? Uy bekalari va yoshi katta ayollar. Ularga esa aqlli serial kerak emas. Ularning bunga vaqti yo‘q. Ular odatda televizorni yoqib qo‘yib, o‘z ishlari bilan band bo‘lishadi. Agar fikr-mulohazaga chorlaydigan seriallar ishlab chiqarsak, filmning «yechilish nuqtasida» u boshqa ish bilan band bo‘lib, tushunmay qolishi mumkin. Hozirgi olinadigan mavzularda ko‘rishlar soni ko‘p, shuning uchun ushbu yo‘nalishda ketishga majburmiz!

– Ijod bu biznesmi? Televideniye oqimga qarab suzishi kerakmi yoki oqimni boshqara oladigan kuch bo‘lishi kerakmi?

– Fikringizga qo‘shilaman, lekin bu savolni kanal direktorlariga berganingiz ma’qulroq. Barcha telekanal rahbarlariga talabni kuchliroq qo‘yishni taklif qilgan bo‘lardim. Rejissyor sifatida bir loyiha yaratdimmi, agar unga talab yuqori bo‘lsa, o‘z-o‘zidan boshqacha fikrlashni, yondashishni boshlayman. Ammo buning uchun barcha telekanallarda birdek yuqori talab bo‘lishi kerak! Fikr-mulohazaga chorlaydigan, mayda muammolar bilan cheklanmagan seriallarni ham taqdim etib ko‘rganman, lekin afsuski bunday loyihalarni qabul qilishmagan.

– O‘zbek teleseriallari saviyasiga, jumladan, o‘z ijodingizni qanday baholaysiz?

– 10 baholik mezonda hozir 3 qo‘ya olaman xolos. Yana bir narsani ta’kidlaymanki, bizni mahsulotimizni olayotganlar «qattiqroq turishi» kerak! Ijodkorga aytaylik 3-4 mln so‘mlik serial olib ber desa, shunchaga olib beradi. 20-25 mln so‘m ajratilsa, shunga yarasha harakat bo‘ladi. Tartib va qonun-qoidasi bilan ishlansa, bir kunda 3-4 daqiqalik epizod olish kerak va juda katta komanda talab etiladi. Bizda-chi? 5 kishilik jamoa borib, 40 daqiqalik seriyani bir kunda tasvirga olib keladi. Aks holda u o‘zini qoplamaydi.

— Nega kuchli obrazlar yo‘q, ojizlik targ‘ib qilinadi?

– Agar men hozir kuchli obrazlarni aks ettirib, o‘zi uchun kurashadigan qahramonlarni olib chiqsam. Bu kabi ssenariyni tasdiqlashlari amrimahol. Ziddiyatlarni aks ettirish mumkin emas, tomoshabinga qasd olishni o‘rgatish kerak emas, degan senzuralarga uchrashi tabiiy. Biz nima qilaylik? Bir doira ichida aylanishga majburmiz!..

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring