Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oxirgi 7 yilda mamlakat bo‘yicha 8 mingdan ortiq mahallaning elektr ta’minoti yaxshilandi – tahlil

Oxirgi 7 yilda mamlakat bo‘yicha 8 mingdan ortiq mahallaning elektr ta’minoti yaxshilandi – tahlil

2017-yildan buyon O‘zbekistonda energetika sohasida samaradorlikni oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va bozor mexanizmlariga o‘tishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 2017-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda sohasining normativ-huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, 8 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining 90 tadan ortiq hujjatlari qabul qilindi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish 38 foizga oshib, 2016-yildagi 59 mlrd kVt/soatdan 2024 yilda 81,5 milliard kVt/soatga yetdi. Shu bilan birga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 18 foizga oshib, 2200 kVt/soatga yetdi. Oxirgi yetti yilda 11 ming MVt yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, bu o‘tgan 25 yildagi energiya hajmidan 3 barobar ko‘p.

Iqtisodiyotning jadal sur’atlarda o‘sib borayotganiga qaramay, O‘zbekiston ishlab chiqarilgan mahsulot yoki xizmat uchun kam energiya sarflashga muvaffaq bo‘ldi. 2017-yildan 2024-yilgacha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 55 foizga oshdi, shu bilan birga ishlab chiqarish birligiga energiyasi sarfi 7,4 foizga kamaydi. Iqtisodiyot kamroq energiya xarajatlari bilan ishlay boshladi. Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi resurslardan yanada oqilona foydalanishga o‘tdi.

Bunday dinamika iqtisodiyotning yanada samarali ishlayotganini ko‘rsatmoqda, ya’ni har bir qo‘shilgan qiymat uchun kamroq energiya sarflab, ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishga erishildi, bu joriy iste’mol darajasi bir million so‘mga 56,8 kVt/soatni tashkil etishini anglatadi.

Shuningdek, 54,8 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 17,2 mingta transformator stansiyalari modernizatsiya qilindi. Natijada, mamlakat bo‘yicha 8 mingdan ortiq mahallaning elektr ta’minoti yaxshilandi. Taqqoslash uchun, 1991-yildan 2016-yilgacha atigi 9,3 ming km elektr uzatish tarmoqlari va 4,8 mingta transformator yangilangan.

Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024-yil yakuniga qadar O‘zbekistonning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4,1 ming MVt bo‘lgan 14 ta quyosh va 3 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. 2024-yilda ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasi hajmi 4,9 milliard kVt/soatni tashkil etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring