O‘zbek tilini Qodiriydan eshitganmisiz, sportchidan eshitganmisiz?
Ona tilimiz alla bo‘lib quloqlarimiz orqali ruhimizga singadi, qalbimizga sizadi. Bilasizmi, hech bir chaqaloq unga aytilgan allaning so‘zlarini eslolmaydi, ammo uning hissiyoti bir umr yodida qoladi. Siz o‘zbek tilini dunyo arenasida g‘olib bo‘lgan sportchining ovozidan eshitganmisiz? Yoki Jahonga mashhur yosh o‘zbek proffesorining ovozidan eshitganmisiz? Siz o‘zbek tilini Qodiriydan, G‘afur G‘ulomdan, Usmon Nosirdan, Cho‘lpondan eshitganmisiz?
Afsus, oramizda eshitmaganlar yoxud eshitishni istamaganlar kam emas. Chunki, bugun o‘zbek xonadonlarida bolalarni rus til maktablarida o‘qitishayapti. Bu quvonarli holat aslida, chunki qanchalar ko‘p til o‘rgansak, dunyoni shunchalar teran anglaymiz. Ilmimiz oshadi, savodimiz kuchayadi. Axir bizning bobolarimiz Al-Beruniy, Al-Farobiy, Ibn Sino, Al-Xorazmiylar 70 ga yaqin tilni mukammal bilgan. Biroq, tanganing ikkinchi tarafi ham bor va bu eng og‘riqli nuqtamiz. Rus tilida tili chiqqan o‘spiringa o‘zbekcha gapiring, boshqa tilda javob olasiz, eng yomoni undan ruscha so‘zning o‘zbekcha ma’nosini so‘rang, bilmaydi. U kelajakda olim, balki biror lavozimning egasi bo‘lar, yoki rahbar bo‘lib yordamchisi yozib bergan matn bilan xalqi oldida nutq so‘zlar, ammo o‘sha xalqni seva olarmikan? Keling, oddiy ishchi bo‘lib qoldi deylik, bu undanda yomon. Chunki olim yoki rahbar ishi yuzasidan o‘zbek tilini o‘rganib olar, lekin oddiy ishchining bunga ehtiyoji kam. Rus tilida tili chiqqan inson ona tili qadrini qayerdan biladi? O‘zi-ku bilmas, farzandlarini ham shunday katta qilsa, bu butun boshli avlod o‘z tilini tobora unitishidan darak emasmi? Tarixda bunday hodisalar juda ko‘p bo‘lgan. Uzoqqa bormaylik. Bobom aytib berardilar mustamlaka payti, shahar joylarda o‘zbekcha gaplashishmas, rus tilini bilmaganni ishga olishmas ekan. “Odamlarning tili tugul, o‘zini rusdan farqi qolmadi” deyisharkan yoshi ulug‘ oqsoqollar. Nahotki yana ayni xatolarni qilamiz, bitta farqi boshimizda bizni o‘zga tilni bilishimizni shart qilib qo‘yadiganlar yo‘q. Aslida tilni unitayotgan xalq, o‘zligini unutayotgan xalqdir. Bu misli ko‘rinmas ijtimoiy fojia va bu fojiani yaratishga bizni aslo haqqimiz yo‘q. Ona tilim deya jonidan, hayotidan voz kechganlarni unitishga, bizdan keyingi avlodga o‘zbekning o‘z tilini unittirishga haqqimiz yo‘q.
Darvoqe yana bir sheva muammosi! Ba’zi ommaviy axborot vositalarida ham ba’zi boshlovchilar tomonidan shevada gapirish urf bo‘ldi. Qonun-qoidalarga mutaxassislarning o‘zi amal qilmayapti. Agar shu ketishda davom etsak, milliy birlik, ahillik degan tushunchalar qayerga ketadi? Adabiy til me’yoriga tushmas ekanmiz, o‘rtadagi tafovutlarni yo‘qotmas ekanmiz kuchli millat bo‘lishimiz dargumon. Axir bizning ona tilimiz davlat tili hisoblangan, o‘zbek adabiy tili. Uni sevish, ardoqlash sahnada to‘rt qator she’r aytish bilan ham, ekranda baralla xalqim deb qo‘shiq kuylab, suratga olish ishlari tugagach “Ya ochen ustala” deyish bilan ham o‘lchanmaydi. Avvalo, uni o‘rganishimiz va o‘rgatishimiz kerak. Chunki, bu til biz uchun ajdodlardan omonat. Yuqorida ta’kidlaganimizdek go‘daklikdan beri bizga yo‘ldosh ona tilimiz, hayot chirog‘imiz so‘nayotgan vaqtda ham yonimizda bo‘ladi. Hech zamonda bir o‘zbek yaqinlaridan rozi-rizochiligini ingliz yoki rus tilida olganmi! Shu boisdan ham tilimizni asrab-avaylashimiz va kelajak avlodga asl holida yetkazishimiz zarur. Ze’ro til, nafaqat inson balki butun bir millatga ato etilgan ulug‘ ne’matdir.
Durdona Sharafiddinova,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalari universitetining
3-bosqich talabasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter