«Oyoqdagi kishan»: Jurnalistlar hukumatdan yechim kutmoqda
OAV zimmasidagi soliq yuki – bugun tahririyatlarni, ayniqsa, xususiy elektron nashrlarni qiynab kelayotgan asosiy muammolardan biri.
Mamlakat taraqqiyotida ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Amaldorlarning korrupsion jinoyatlari, mas’ullarning harakatsizligi qanday mudhish oqibatlarga olib kelgani, hamma biladigan, ammo qarshi kurasholmaydigan ko‘plab illatlar aynan matbuot yuzini ko‘rgandan keyin fosh etilgani, yechim topganiga dunyo tajribasidan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Shuning uchun ham prezident Shavkat Mirziyoyev jurnalistlarga qarata «Tanqid qilinglar. Bu uchta-to‘rtta qarordan ham ko‘proq ta’sir qiladi», deya ularni faollikka chaqirib keladi.
O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonida OAVning roli kun sayin oshib bormoqda. Shu bilan birga, soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan ayrim masalalar ham borki, ulardan biri ommaviy axborot vositalarini soliqqa tortish bilan bog‘liq. O‘zbekistondagi bir qator internet nashrlari rahbarlari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bugungi kunda tahririyatlar zimmasidagi soliq stavkalari miqdori yuqori ekani, buning salbiy oqibatlari va ularning yechimlari haqida so‘z yuritishdi.
Lola Islomova, Anhor.uz nashri bosh muharriri:
– Tahririyatimiz unchalik katta emas, aylanmamiz ham ko‘p emas. Shuning uchun ish haqidan 12 foiz daromad solig‘i va 12 foiz yagona ijtimoiy to‘lov hamda daromadimizdan 4 foiz yagona soliq to‘lovi to‘laymiz. Taxminimcha, O‘zbekistondagi aksariyat tahririyatlar, agar qandaydir istisnolar bo‘lmasa, xuddi shu tarzda ishlashadi. Anchagina to‘lov yig‘ilib qoladi.
Yagona soliq to‘lovi 6 foiz bo‘lgan davrlarni yaxshi eslayman. Individual tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositalari ham bor va ularning soni kam emas. Bu kamroq soliq to‘lash va kamroq hisobot topshirish maqsadidagi majburiy chora bo‘lgan deb o‘ylayman.
Ko‘p sonli xodimlar shtatiga ega, ofis ijarasi va boshqa chiqimlari ko‘p bo‘lgan, kamiga QQS to‘lovchisi bo‘lgan yirik ommaviy axborot vositalariga hammadan ko‘ra qiyinroq. O‘zbekistonda sivilizatsiyali reklama bozori shakllanmagan. Shu sababli bozordagi reklamalarning umumiy summasi katta emas. Raqamlarni eslay olmayman, biroq bu ma’lumotlar marketologlarda bor.
OAV oyoqqa turishi uchun kamida ikki yil talab etiladi. Shunda ham ish boshlangan vaqtda yaxshi moliyaviy mablag‘ ajratilgan bo‘lsa. Ko‘pchilik hech qanday moliyaviy investitsiyasiz ish boshlaydi, shu sababli o‘zining moliyaviy holatini o‘nglash, oyoqqa turish, o‘zini o‘zi ta’minlay oladigan darajaga yetish ko‘p vaqt olmoqda. Hamma ham bunday marafonga dosh bera olmaydi va ushbu bosqichda faoliyatini qisqartirishi mumkin. Menimcha, shakllanish bosqichida barcha ommaviy axborot vositalari qo‘llab-quvvatlash va soliq imtiyozlariga muhtoj.
OAVga soliq preferensiyalarini berish bu shunchaki biznesni qo‘llab-quvvatlash emas, balki taraqqiyotning demokratik yo‘lini qo‘llab-quvvatlashdir. Shu sababli ular bu haqda gapirishlari va imtiyozga erishishlari juda muhim. Lekin bu oson masala emas, bu borada boshqa davlatlar tajribasini ham o‘rganish joiz.
Agar soliq imtiyozlari haqida so‘z boradigan bo‘lsa, hukumatni OAVga nisbatan differensiyalashgan holda yondashishga chaqirgan bo‘lardim. Axborot-tahliliy nashrlarni alohida kategoriyaga kiritgan bo‘lardim. Axir bu shunchaki axborot taqdim etish yoki ko‘ngilochar yangiliklar tarqatish emas. Tahlil bu – ekspertlar, olimlar, mutaxassislarning katta va jiddiy faoliyati. Tahlil jamoatchilik fikrini shakllantiradi, uni iqtisodiy, ijtimoiy va ideologik jihatdan savodliroq qiladi. Toqatli bo‘lishga o‘rgatadi.
Tahliliy ommaviy axborot vositalari shunchaki biznes emas, u taraqqiyotning demokratik yo‘lini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning siyosiy savodini oshirish demakdir. Shuning uchun bunday OAV auditoriyasi yengil-yelpi, ko‘ngilochar materiallar beruvchilarnikiga nisbatan kamroq. Tabiiyki, ularga beriladigan reklama ham kamroq. Shu bois, agar davlat savodli fuqarolik jamiyatidan manfaatdor bo‘lsa, ularni qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Davlat ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash orqali faqat va faqat yutadi. Shubhasiz bu yerda so‘z demokratik davlat haqida bormoqda. Davlat axborot olish va tarqatishga doir shartlarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, qator qonunlarda belgilab qo‘ygan. Va hukumat boshqa shartlarni belgilamasligi kerak, aks holda, bu so‘z erkinligiga aniq tajovuz bo‘ladi.
So‘zim yakunida barcha elektron ommaviy axborot vositalarini IT-park rezidentligiga qaytarish kerakligini ta’kidlamoqchiman. Rezidentlik ularga yuqorida sanab o‘tilgan qator muammolardan forig‘ bo‘lish imkonini beradi.
Abdug‘ani Abdurahmonov, Xabar.uz axborot-tahliliy portali rahbari:
– O‘tgan yili Prezident administratsiyasi qoshidagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga mahalliy OAVni rivojlantirish, ularni qiynayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarga yechim topishga qaratilgan o‘nga yaqin taklif berganmiz. Hozircha bu borada o‘zgarish sezilgani yo‘q.
Bosma nashrlarni ko‘pincha majburiy obunaga bog‘lanib qolganlikda, zamon bilan hamnafas bo‘la olmaslikda, axborot uzatishning konservativ usuliga yopishib olganlikda ayblashadi. Shaxsan men bu fikrga qo‘shilmayman. Chunki «Xabar» gazetasi qoshida 2017 yili Xabar.uz saytini tashkil qilganmiz. Shu bilan birga, gazetamiz ham chiqishda davom etmoqda.
Sayt yo‘nalishi tezkorlikka asoslangani, janr xususiyatlari boshqacha bo‘lgani uchun u alohida yuritiladi. Gazetamizda chiqqan dolzarb mavzudagi, tahliliy maqolalar Xabar.uz portalida ham berib borilishini aytmasa, sayt va gazeta bir-birini takrorlamaydi. Shu o‘rinda Xabar.uz O‘zbekistondagi yetakchi 10ta internet nashrlar safiga kirgani, o‘quvchilari kundan kunga ko‘payib borayotganini ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda saytga reklama beruvchilarni jalb etish, reklama agentliklaridan reklama undirishning o‘zi bo‘lmayapti. Ko‘pkarida uloqni ayirganday yirik raqobatchilar bor bozorda bir ilojini qilib undirilgan reklamadan tushgan puldan ham QQS ushlab qolinadi. Obuna uchun ham, yetkazib berish xarajati uchun ham QQS belgilangan.
Ta’kidlash kerakki, reklama va obuna uchun QQS joriy qilinishi tahririyatlarning iqtisodiy ahvolini battar og‘irlashtirdi. To‘g‘risini aytsak, matbuot daromadgir soha emas. Bitta O‘zbekistonda emas, butun dunyoda shunday. Hattoki Guardian, Times kabi jahon miqyosidagi yirik nashrlar o‘quvchilar, reklama beruvchi kompaniyalarning moliyaviy ko‘maklari orqali yashab kelmoqda. BBC, Deutsche Welle singari ommaviy axborot vositalarining faoliyati davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Biz xarajatlarimiz davlat tomonidan qoplab berilsin, hukumat bizni vasiylikka olsin demaymiz. Bunday holda OAV xolislikni saqlay olmasligi mumkin, tabiiyki, buni istamaymiz. Aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, O‘zbekistonda reklama bozori u qadar rivojlanmagani, reklama beruvchilar yildan yilga OAVdan ko‘ra ijtimoiy tarmoqlarda reklama berishga ko‘proq xohish bildirishayotgani, pandemiya reklama bozoriga ham katta ta’sir ko‘rsatayotgani, nashrlarning asosiy daromadi shu yo‘nalishdan ekanini hisobga olib, ommaviy axborot vositalariga kelib tushayotgan reklama tushumlari QQS solig‘idan ozod etilishini taklif qilgan bo‘lardim. Umuman, QQSni saytlar uchun ham, bosma nashrlar uchun ham bekor qilish kerak.
Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida ularning oylik maoshidan ushlanadigan soliqni 50 foizga qisqartirish kerak. Shuningdek, ish beruvchidan undirilayotgan yagona ijtimoiy to‘lov yig‘imini ham qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Ahvol shu zaylda davom etaversa, bosma nashrlar ham, ko‘plab elektron nashrlar ham yopilib ketishi ehtimoldan xoli emas. Buning o‘rnini to‘ldirish esa juda va juda qiyin bo‘ladi.
OAV hech qachon ishlab chiqarish ob’yekti bo‘lmagan. Garchi, yuridik shaxs bo‘lsak-da, yuridik maqomimiz, faoliyatimiz, daromadimiz boshqa soliq to‘lovchilarnikidan keskin farq qiladi. Shu bois, soliqqa tortishda ham sohaning o‘ziga xosligini hisobga olish zarur nazarimda.
Xayrulla Qosimov, Nuz.uz sayti direktori:
– Katta yoki kichikligi, yuridik maqomi, masalan, MChJ, OK, XK va YaTT ekanidan qat’i nazar O‘zbekistondagi hamma ommaviy axborot vositalari ko‘rsatayotgan xizmatlari uchun savdo-sotiq, ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’yektlari bilan bab-baravar soliq to‘lab kelishadi. Holbuki, OAVning faoliyat tarzi, moliyaviy aylanmasi, daromadlari manbayi ularnikidan keskin farq qiladi.
Respublikadagi ommaviy axborot vositalari, xususan, elektron nashrlarning 80 foizida QQS bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligi mumkin, chunki aksariyat tahririyatlarning tushumi kamtarona bo‘lgani bois moliyaviy aylanma 1 milliard so‘mga yetmaydi. Lekin aylanmasi 1 milliarddan yuqori nashrlarda xarajat bilan bog‘liq muammolar ko‘paysa ko‘payadiki, aslo kamaymaydi.
Shaxsan Nuz.uz sayti tahririyati misolida keltiradigan bo‘lsam, MChJ shaklida davlat ro‘yxatidan o‘tganmiz. Bizni ham soliq stavkalari bilan bog‘liq muammolar ko‘pdan beri qiynab keladi. Ish faoliyatimiz saytni yuritishdan iborat. Tashqaridan bizga hech qanday imtiyozlar yo‘q. Bozorda savdo-sodiq, eksport yoki import, ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchilarga nisbatan qanday munosabatda bo‘linsa, soliq siyosati borasida bizga ham shunday ko‘z bilan qarab kelinadi.
Qaysidir tashkilot saytimizda maqolasini chiqartirmoqchi bo‘lsa, pulini to‘lab keyin chiqaradi. Jurnalistlarimizning o‘zlari reklama beruvchilarni saytda o‘z mahsulotlarini reklama berishga jalb qilish bilan ham shug‘ullanadi, ba’zida reklamalar reklama agentliklaridan ham keladi. Ammo saytimizda reklama yoki PR-maqolalarni chiqarish uchun mijozlar hech qachon navbatda turishmaydi, yirik nashrlarda balki shunaqadir, ammo bizda vaziyat boshqacha.
Yirik nashrlarda reklama bo‘yicha alohida menejerlar bor, lekin bizda bu ish jurnalistlarning zimmasida. Chunki moliyaviy ahvolimiz reklamalarni jalb qilish uchun alohida vakansiya ochish imkonini bermaydi. Jurnalistlar maqola yozsinmi, saytga reklama topish bilan shug‘ullansinmi?! Oson emas, xullas. Bularning barchasi alaloqibat soliqlarga, tahririyatning xarajatlari yuqori ekaniga borib taqaladi.
OAVga solinayotgan soliqlar masalasi yuraklarimizni tirnab turadigan og‘riqli masala. Qo‘limizni kalta qilib turgan ham, yuqorida aytganimday, ayrim faoliyat turlari uchun alohida xodimlarni ishdan olishdan qaytarib turgan ham soliqlar bilan bog‘liq. Chunki bir xodim ko‘payishi ortidan firmaning soliqlari ham ko‘payadi.
Hukumatimiz davlat ro‘yxatidan o‘tib, litsenziya olib faoliyat yuritib kelayotgan elektron ommaviy axborot vositalarini soliqqa tortish masalasini qayta ko‘rib chiqishi, bugungi kunda startap sifatida baholanayotgan ko‘plab loyihalar yuridik maqom olgan holda IT-park rezidentligiga qabul qilinib, soliq to‘lovlari borasida imtiyozlarga ega bo‘lishayotgani kabi, saytlarga ham ana shunday imkoniyat berilishi kerak deb hisoblayman. Chunki o‘zini o‘zi oyoqqa qo‘yayotgan, mustaqil OAV uchun bu kabi to‘lovlar ortiqcha yuk bo‘lyapti.
Masalan, xususiy tadbirkor o‘laroq yangi ish o‘rinlarini yaratib, jamiyatdagi ishsizlik yukini kamaytirishga ma’lum darajada hissa qo‘shayotgan, bu bilan ijtimoiy portlashning oldini olayotgan sub’yektlarning faoliyati rag‘batlantirilishi kerak. Rivojlangan davlatlarda bu soliq preferensiyalari, mahalliy va xalqaro tashkilotlarning grantlari va boshqa ko‘rinishlarda mavjud. Bizga ham turli xalqaro tashkilotlar grant berish taklifi bilan ko‘p marta murojaat qilishgan, lekin kimgadir moliyaviy qaram bo‘lish ortidan xolislikka putur yetishi ehtimoli mavjudligini o‘ylab bu takliflarni rad etganmiz. Qolaversa, yaqin o‘tmishimizda chetdan grant olgan ommaviy axborot vositalari boshidan qanday kunlar o‘tganini ham bilamiz.
O‘zbekistonda ham ayrim fondlar tahririyatlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 20-25 mln so‘m miqdorida grant ajratib keladi, lekin bu pulni erkin tasarruf etolmaysiz. Ajratilgan pulga qat’iy smeta doirasida faqat mebel sotib olish, bitta yoki ikkita kompyuter xarid qilish mumkin, xodimlarning ish haqiga yoki boshqa maqsadlarga yo‘naltirish mumkin emas. Grant miqdori kamligi o‘z yo‘liga, uni olgandan keyin zimmangizga yuklanadigan majburiyatlar, oyma-oy, yarim yillik va yillik hisobotlar ko‘pligidan ko‘pchilik grant olishni istashmaydi.
Bu kabi muammolarni hal qilish uchun O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalarining yuridik maqomi MChJ, XK yoki OK emas, balki har bir nashr alohida axborot agentligi sifatida ro‘yxatga olinishi hamda ularning faoliyati uchun muayyan soliq preferensiyalari qo‘llanishini taklif qilmoqchiman. Bu bilan agar hozirgi yuridik maqomimiz bizga imtiyozlar qo‘llanishida chalkashliklar yuzaga kelishi mumkin deyishsa, yuridik maqomimizni o‘zgartirishga ham tayyormiz, demoqchiman.
Yaqinda O‘zbekistonda 1 mln obunachisi bo‘lgan Telegram kanali egasi bilan gaplashib qoldim. Kuniga reklamalardan kamida 10 mln so‘m daromad ko‘rarkan. Soliq to‘laysizmi desam yo‘q deydi. Necha yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan, davlat ro‘yxatidan o‘tgan bizning tahririyatimizga kuniga 10 mln so‘m kirim bo‘lmaydi. Telegram kanallari bizga o‘xshab soliq to‘lab, qiynalib faoliyat yuritayotgan nashrlarda chiqqan materiallarni ko‘chirib bosishadi, ya’ni hech qanday resurs sarflashmaydi, ularning javobgarlik masalasi ham biznikichalikmas. Soliq ham to‘lashmaydi. Oldi-berdini ham naqd qabul qilishadi. Birinchidan, bunday holat davom etaversa, rasmiy OAV ochgandan ko‘ra mana shunday norasmiy faoliyat yuritish afzal bo‘lib qoladi. Shu bois, OAVni himoyalash uchun ham bu masalani ko‘rib chiqish kerak, nazarimda. Ikkinchidan, qonunchilikda huquqiy bo‘shliq bo‘lmasligi, hammaga bir ko‘z bilan qaralashi kerak.
Xurshid Daliyev, Human.uz sayti asoschisi:
– OAV zimmasidagi soliq yuki – bugun tahririyatlarni, ayniqsa, xususiy elektron nashrlarni qiynab kelayotgan asosiy muammolardan biri. Fikrimni quyidagi misollar bilan tushuntiraman. Deylik, tahririyatda 10 nafar xodim doimiy asosda faoliyat yuritadi. Bugungi kunda yaxshi jurnalistlarga talab yuqori, ko‘ngildagidek oylik berilmasa boshqa nashrlarga o‘tib ketishadi. Oylik qancha yuqori bo‘lsa, tahririyat to‘laydigan soliqlar ham oshib boradi.
Tahririyat shtat asosida ishlovchi har bitta xodimi uchun unga to‘lanayotgan ish haqining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi. Xodimning oyligi taxminan 5 mln so‘m deb olinadigan bo‘lsa, bitta xodim uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq 600 ming so‘mni tashkil etadi. Endi xodimlar soni 10, 20 yoki undan ko‘p bo‘lsa, chiqim ko‘lamini tasavvur qilavering. Bugungi kunda bu kichkina raqamlar emas.
Eng qizig‘i, biz solig‘ini to‘lab xodimga to‘laydigan ish haqi uchun xodimning o‘zidan ham daromad solig‘i ushlab qolinadi. Bu bitta narsa uchun ikki marta soliq to‘lashdek gap.
Bunday vaziyatda tahririyatlar xodimlarni rasman ishga olishdan qochishadi. Soliqlardan qochish uchun jurnalistlar bilan mehnat shartnomasi tuzmasdan, konvert usulida ishlashga o‘tishadi. Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotga barham berish kerakligini ta’kidlab turgan, hukumat ushbu topshiriq ijrosini ta’minlashga urinayotgan ayni kezlarda soliq siyosatining beburdligi ortidan yana tadbirkorlar «soya»ga qochishga majbur bo‘lishi mumkin. Chunki tizim shunga majburlamoqda.
O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarini soliqqa tortishga negadir spetsifik yondashilmaydi. Aslida shunday bo‘lishi kerak. Chunki bozorning boshqa ishtirokchilarini tahririyatlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Masalan, respublikadagi yirik ishlab chiqaruvchi bo‘lgan GM O‘zbekiston yoki OKMK qanday soliqqa tortilsa, saytlar ham shunday soliqqa tortib kelinmoqda. Vaholanki, yuqorida nomlari ko‘rsatilgan yirik ishlab chiqaruvchilar o‘zlari mahsulot ishlab chiqarib uni realizatsiya qilishadi. Saytlar faqat axborot ishlab chiqaradi, uning realizatsiyasi amalda mavjud emas, ya’ni o‘quvchi saytda chiqqan axborotlarni o‘qigani uchun hech qanday pul to‘lamaydi. Bunday vaziyatda ikki xil holatdagi sub’yektni bir xil soliqqa tortish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Tahririyatlarning asosiy daromadi tijoriy maqolalar va reklamalardan. Shu daromadlarga ham QQS solinayotgani alohida mavzu. Bu xarajatlar yaqinda tashkil etilgan yoki ancha oldin tashkil etilgan bo‘lsa-da, daromadlari yuqori bo‘lmagan har qanday tahririyatning belini bukib qo‘yadi. Shunday bo‘lyapti ham.
O‘zbekistonda OAVga davlat tomonidan hech qachon subsidiyalar berilmagan. Oliy Majlis qoshidagi fond har yili 30 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda grant ajratib keladi, lekin bu pul risoladagidek tahririyat tashkil etish, faoliyat yuritish uchun urvoq ham bo‘lmaydi. Ommaviy axborot vositalariga soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilishi shart. OAV nimaning hisobiga yashaydi? Juda ko‘plab tarmoqlarga preferensiyalar berilayotgan bir paytda nega endi jamiyatni illatlardan tozalovchi sohaga imtiyoz berilmasligi kerak?
So‘rayotganimiz, o‘zini o‘zi ta’minlashga harakat qilayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan ommaviy axborot vositalarini hech bo‘lmasa oyoqqa turib olgunicha qo‘llab turish kerak. O‘zbekistondagi har qanday ommaviy axborot vositasi faoliyatini boshlagan ilk kezlardan boshlab aslida davlatga xizmat qiladi: uning faoliyatini yoritadi, qayerdaki muammolar kuzatilayotgan bo‘lsa, ularni ko‘rsatib beradi, mavjud kamchiliklarga oyna tutadi.
Ommaviy axborot vositalariga preferensiyalar berilishidan davlat faqat yutadi. Birinchidan, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari soni u qadar ko‘p emas. Shuning uchun soliq stavkalari bekor qilingan yoki kamaytirilgan taqdirda ham bu budjet tushumlari keskin kamayib ketishiga olib kelmaydi. Ikkinchidan, davlat tomonidan beriladigan iqtisodiy yengilliklar sabab mamlakatdagi OAV moliyaviy barqarorlikka erishadi. Tabiiyki, birovning qo‘liga qaram bo‘lmagan, o‘zini o‘zi ta’minlay olgan nashrlar zimmasidagi vazifalarni xolis bajara olishadi.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi
Tahririyatdan: Turdosh soha vakillarini ayni kunda qiynab kelayotgan soliq yukiga oid muammolar Kun.uz veb-sayti tahririyatining muassisi bo‘lgan korxona uchun ham begona emas. OAVga soliq imtiyozlari Hukumat darajasida ko‘rib chiqilib ijobiy hal etilsa, mamlakatda jurnalistika sohasi yanada rivojlanib, ko‘plab qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga sabab bo‘lardi.
Manba: kun.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter