Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oynadan o‘pkalamang!» – Turkiya Avstriyaga javob qaytardi

«Oynadan o‘pkalamang!» – Turkiya Avstriyaga javob qaytardi

Turkiya Avstriya tashqi ishlar vazirligining prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onnning nutqi yuzasidan bergan bayonotiga javob qaytardi. Turkiya prezidenti devoni huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Altun «Yuzing qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama» mazmunida fikr bildirgan.

Gap shundaki, Turkiya rahbari BMT Bosh assambleyasi 79-sessiyasidagi nutqida  G‘azo sektorida xunrezlikni amalga oshirayotgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni natsistlar dohiysi Adolf Hitlerga o‘xshatgan va xalqaro hamjamiyatni uni to‘xtatishga undagan edi.

Avstriya tashqi ishlar vazirligi 24 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoq orqali bergan bayonotida Turkiya prezidentining bu o‘xshatishini tanqid qilib, bugungi kunni tarixning qorong‘i sahifalariga muqoyasa etishni nomaqbul holat deb atadi.

Turkiya prezidenti ma’muriyatining yuqori martabali vakili Faxriddin Altunga ko‘ra, prezident Erdo‘g‘onning Netanyahuni Hitlerga mengzashi shunchaki o‘xshatish bo‘lib qolmay, G‘azodagi genotsidni dastaklayotganlarga tutilgan ko‘zgudir.

Qayd etilishicha, Erdo‘g‘onning so‘zlari o‘zini aybdor his etayotgan, o‘tmishidan uyaladigan va o‘z tarixiy aybi tufayli Isroilni urush jinoyatlarida qo‘llab-quvvatlovchilarnigina xavotirga solishi mumkin.

«Prezident Erdo‘g‘on ushbu taqqoslashdan foydalanib, fikrini keng ommaga tushunarli tarzda yetkazdi va e’tiborni bugungi etnik tozalash va genotsidning eng dahshatli epizodlaridan biriga qaratdi... Tarix fashistlarning yordamchilari va gumashtalarini unutmagani kabi, bu qirg‘in alangasini yoqqanlarni ham unutmaydi», – dedi professor Altun.

Turkiya rasmiysi irqchilik va etnik tozalashdek qorong‘i tarixga ega bo‘lganlarning Falastindagi genotsidni qo‘llab-quvvatlab, xuddi shu xatoni takrorlashini fojia deb atagan.

Avval xabar berganimizdek, prezident Erdo‘g‘on BMT minbaridagi ma’ruzasida Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini keskin qoralab, dunyo davlatlarini Falastin davlatini tan olishga chaqirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring