Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ovoz berish bekor qilindi, Imron Xon hozircha o‘z o‘rnida

Ovoz berish bekor qilindi, Imron Xon hozircha o‘z o‘rnida

Foto: «RIA Novosti»

3-aprel kuni Pokiston parlamenti Imron Xon boshchiligidagi hukumatga ishonchsizlik votumini ovozga qo‘yishi haqida xabar bergandik. Pokiston parlamentining vitse-spikeri Qosim Xon Suriy bugun, 3-aprel kuni o‘sha tadbirni bekor qildi. Xorij aralashuvi oqibatida ovoz berish konstitutsiyaga ziddir, dedi u.

«Hech qanday xorijiy kuch saylangan hukumatni fitna yo‘li bilan ag‘darish huquqiga ega emas», — uning so‘zlarini keltirdi «Dawn» nashri.

Nashr yozishicha, yuqoridagi qarorga kelinishida axborot vaziri Favad Chaudxurining bayonoti hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Chaudxurining aytishicha, 7-mart sanasida, ya’ni muxolifat ishonchsizlik votumiga rasmiy so‘rov yo‘llashidan bir kun ilgari, «boshqa mamlakatlar vakillari» bilan uchrashuvda pokistonliklar Imron Xon hukumatiga qarshi ovoz berish o‘tkazilishidan xabardor etilgan.

«Bizga Pokiston bilan munosabatlar ishonchsizlik votumining muvaffaqiyatli davom etishiga bog‘liqligini, aks holda Pokistonni og‘ir yo‘l kutayotganini aytishdi. Bu chet el hukumatining rejimni o‘zgartirish bo‘yicha operatsiyasi», — dedi Chaudxuri.

Keyinchalik Imron Xon millatga murojaatida Pokiston prezidenti Orif Alviydan parlamentni tarqatib yuborib, yangi saylov o‘tkazishni so‘radi. Ta’kidlanishicha, mamlakat prezidentiga saylovni tashkil qilish bo‘yicha rasmiy murojaat yo‘llangan va saylov yaqin 90 kun ichida o‘tkazilishi mumkin.

Shu hafta Imron Xon koalitsiyadagi asosiy hamkorlarini yo‘qotib, parlamentda muxolifat aksariyat kuchga aylangandi. Muxolifat Imron Xon hukumatini iqtisodiyotni samarali boshqarmayotganlikda va korrupsiyada ayblayapti.

Imron Xonning ta’kidlashicha, uni hukumatdan chetlatishga urinishlarda AQShning qo‘li bor.

To‘ldirilgan xabar: Pokiston prezidenti Milliy assambleya (parlament quyi palatasi)ni rasman tarqatib yubordi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring